Kimdakim ahli jahondin bor ilmu ma’rifat,
Kilg‘usidur oni barxurdor ilmu ma’rifat…
G‘aflatu jahl uyqusig‘a g‘arq bo‘lgon shaxsni
Fayz birla ul qilur bedor ilmu ma’rifat.
Ey birodar, olimu orif bo‘lurg‘a jahd qil,
To eturgay qo‘nglunga anvor ilmu ma’rifat.
Ilm birla ma’rifat ta’limini tark etmagil,
Hosil et borincha jon, takror ilmu ma’rifat.
Yuqorida aytganimizdek, Ahmad Tabibiy she’riyatiga Fuzuliyning ta’siri katta bo‘lgan. Birgina Tabibiy emas, umuman, Xorazm adabiy muhitida ulug‘ ozarboyjon shoiri Muhammad Fuzuliyning ta’sir doirasi — nufuzi katta. Munis, Ogahiy, Rojiy, Komil, Feruzlar Fuzuliy g‘azallariga muxammaslar, taz-minlar bitdilar. 1908 yili Ahmad Tabibiy Fuzuliyning fal-safiydidaktik dostoni «Haft jom» («Etti jom»)ni fors tilidan tarjima qildi. Bundan tashqari, Fuzuliyning ushbu dostoni ta’sirida «Etti ravza» («Etti bog‘») nomli axloqiy-ta’limiy doston yaratdi. Ushbu doston 7 ravza va 14 hikoyadan tashkil topgan. Hikoyalar Muslihiddin Sa’diy «Guliston»idagi hikoyalarni eslatadi:
Erur tarbiyatda ajab xosiyat,
Ki aksarg‘a ta’sir etar tarbiyat.
Agar tarbiyat qilmas ersa asar,
Topilmas edi hech sohibi hunar.
Chu ustoddin etsa qattig‘ suxan,
Bo‘lur jahl uchun daf’i ranj mihan.
Dostonning har bir bobi muayyan axloqiy-ta’limiy masalaga bag‘ishlangan. Masalan, asarning birinchi bobida — karam va saxovat, ikkinchi bobida — ilm va ma’rifat, uchinchisida — sabr va qanoat, to‘rtinchisida — sevgi-sadoqat haqida gap ketadi va hokazo. Har bir ravza — bob uchun alohida hikoyatlar keltiriladi. Muallif har bir mavzu bo‘yicha o‘z fikr-qarashlarini bayon etadi. So‘ng unga mutanosib bir axloqiy hikoya ilova qiladi.
Tabibiy adabiyotimiz tarixida dostonnavis shoir sifatida tanilgan. U Sharq adabiyotida mashhur bo‘lgan «Vomiq va Azro» afsonasining she’riy variantini yaratdi. Mazkur mavzuga ham «Yusuf va Zulayho», «Layli va Majnun», «Farhod va Shirin»dagi singari juda ko‘plab shoirlar murojaat qilganlar va turli variantlarini yaratganlar.Ushbu doston ham shoirning boshqa ko‘plab asarlari singari Muhammad Rahimxon Feruz amri va homiyligida maydonga keldi.
Dostonning qisqacha mazmuni quyidagicha: Sabo mamlakatining podshohi Nosir o‘g‘il ko‘radi, unga Vomiq ism qo‘yadilar. U yoshligidan ilm-ma’rifatga beriladi, yunon donishmandi Maobid unga murabbiylik qiladi va juda qisqa muddatda el nazariga tushadi.
Jabilso mamlakati shohining qizi Azro kanizaklari bilan sayr qilib, Shahrisabzga keladi va Vomiqni ko‘rib, sevib qoladi. Azro o‘z shahriga kelib, rasmini chizdiradi va uni Vomiqqa yuboradi. Rasm Vomiqning otasi Nosir qo‘liga tushadi va uni o‘g‘liga ko‘rsatmay, undan yashiradi.
Bu o‘rtada Nosir vzfot etadi. Vomiq tasodifan rasmni ko‘rib, Azroga oshiq bo‘lib qoladi. Vomiq sevgilisini izlab, Jabilsoga yo‘l oladi. Dostonda uch juft sevishganlar: Vomiq va Azro, Osaf va Shakardo‘xt, Naim va Havrolarning sarguzashtlari ancha ta’sirli ifodalangan. Nihoyat, ular bir-birlariga etishib, to‘ylari bo‘ladi. Vomiq Jabilsoga shoh etib tayinlanadi. Vomiq va Azro o‘g‘il ko‘radilar va unga Nosiri soniy (Ikkinchi Nosir) deb ism qo‘yadilar. Qarib qolgan Vomiq o‘g‘liga mamlakatni adolat bilan boshqarish haqida vasiyat qiladi:
…Haris o‘lma jahon molig‘a aslo,
Karamni pesha qil o‘zga mudomo.
Sipah xaylig‘a qil in’omu ehson,
Raoyoni etib lutf ila shodon.
Yana bo‘lg‘il hamisha sohib insof,
Zamonni qilmag‘il xarjingda isrof…
Ulum ahlig‘a qil doim muhabbat,
Jaholat ahlidin et asru nafrat…
Dostonda sevgi va sadoqat, do‘stlik, ilm-ma’rifat, xalqparvarlik va vatanparvarlik, qahramonlik g‘oyalari tarannum etilgan. Obrazlar talqinida Nizomiy va Navoiy dostonlari ta’siri qo‘zga tashlanadi. Ayniqsa, Navoiyning «Farhod va Shirin» dostonidagi tasvir vositalaridan keng foydalangan. Har ikki asarning vazni ham bir xil: hazaji musaddasi mahzuf (mafoiylun mafoiylun faulun).
Shoir «Vomiq va Azro» dostoni xotimasida quyidagilarni yozadi:
Bihamdillahki, Xoliq yovar o‘ldi,
Mute’im baxtu tole’ chokar o‘ldi.
Ki, ya’ni nusxai «Azro va Vomiq»,
Mururi soli sak ichra muvofiq.
Demak tarixini chun joyiz erdi,
Mingu uch yuz yigirma sakkiz erdi.
Demak, ushbu doston it yili, 1328 hijriy, 1910 milodiy yilida yozib tugatilgan. So‘ng Muhammad Yusuf Chokar tomonidan 2 nusxa ko‘chiriladi. Asar 16200 misra — 81 bobdan tashkil topgan.Tabibiyning «Vomiq va Azro» dostoni o‘zbek mumtoz adabiyotining doston janridagi go‘zal yodgorliklaridan biri sifatida qadrlidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |