O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
TRANSPORT VOSITALARI EGALARINING FUQAROLIK JAVOBGARLIGINI MAJBURIY SUG‘URTA QILISH QOIDALARIGA O‘ZGARTIRISH VA QO‘SHIMCHALAR KIRITISH HAQIDA O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” 2021-yil 25-avgustdagi O‘RQ-711-son Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida” 2020-yil 2-martdagi PF-5953-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” 2021-yil 25-avgustdagi O‘RQ-711-son Qonuniga muvofiq yo‘l-transport hodisalari bo‘yicha haydovchilar tomonidan ichki ishlar organi xodimlarining ishtirokisiz yo‘l-transport hodisasi to‘g‘risidagi xabarnomani tuzish orqali sug‘urta tovonini olish tartibi joriy etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 24-iyundagi 141-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2008-y., 6-son, 32-modda) bilan tasdiqlangan Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish qoidalariga ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligi 2021-yil 1-noyabrga qadar sug‘urta tashkilotlarining Internet jahon axborot tarmog‘idagi rasmiy veb-saytlarida yo‘l-transport hodisasi to‘g‘risidagi xabarnoma blankasining namunasini joylashtirish va uni yuklab olish imkoniyati yaratilishini ta’minlasin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligi bilan birgalikda 2021-yil 1-noyabrga qadar Internet jahon axborot tarmog‘idagi o‘zlarining rasmiy veb-saytlarida hududlardagi narkologik dispanserlar yoxud haydovchilarning mastlik holatini aniqlash bo‘yicha tibbiy tekshiruv o‘tkazadigan tuman (shahar) davolash-profilaktika muassasalari ro‘yxatlarini joylashtirsin hamda doimiy ravishda yangilab borilishini ta’minlasin.
5. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligi va Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun-mohiyati hamda amaliy ahamiyati aholi o‘rtasida keng yoritilishini ta’minlasin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ushbu qaror kuchga kirgan kundan boshlab bir oy muddatda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni mazkur qarorga muvofiqlashtirsin.
7. Ushbu qaror 2021-yil 25-noyabrdan kuchga kiradi.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri J.A. Qo‘chqorov va O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga yuklansin.