1.1-rasm. O‘lchash vositalarining turlari
O‘lchov deb, kattalikning aniq bir qiymatini hosil qiladigan, saqlaydigan o‘lchash vositasiga aytiladi. Masalan, tarozi toshi, elektr qarshiligi, kondensatori va shu kabilarni o‘lchovlarga misol qilib olishimiz mumkin.
O‘lchovlarning ham turlari va xillari ko‘p. Standart namunalar va namunaviy moddalar ham o‘lchovlar turkumiga kiritilgan.
Standart namuna - modda va materiallarning xossalarini va xususiyatlarini tavsiflovchi kattaliklarni hosil qilish uchun xizmat qiladigan o‘lchov sanaladi. Masalan, g‘adir-budurlikning namunalari, namlikning standart namunalari.
Namunaviy modda esa, muayyan tayyorlash sharoitida hosil bo‘ladigan va aniq xossalarga ega bo‘lgan modda sanaladi. Masalan, "toza suv", "toza metall" va hokazolar. "Toza rux" 4200S haroratni hosil qilishda ishlatiladi.
O‘lchovlar ko‘p qiymatli (o‘zgaruvchan qarshiliklar, millimetrlarga bo‘lingan chizg‘ich) va bir qiymatli (tarozi toshi, o‘lchash kolbasi, normal element) turlarga bo‘linadi. Ba’zan o‘lchovlar to‘plamidan ham foydalaniladi.
Kattalikning o‘lchamini hosil qilish va foydalanishda quyidagi qatorni yodda tutishimiz lozim bo‘ladi: ishchi o‘lchash vositalari, namunaviy o‘lchash vositalari, ishchi etalon, solishtirish etaloni, nusxa etalon, ikkilamchi etalon, maxsus etalon, birlamchi etalon va davlat etaloni.
Fan va texnikaning eng yuqori saviyasida aniqlik bilan ishlangan namunaviy o‘lchovlar etalonlar deb ataladi. Etalonlar ishlatiladigan va davlat etalonlariga bo‘linadi. Davlat etalonlari namunaviy o‘lchov va asboblarni tekshirishda qo‘llaniladi va Davlat standartlashtirish idoralarida saqlanadi.
Aksariyat o‘lchashlarda biror signalni boshqa turga o‘zgartirish lozim bo‘ladi.
Ushbu vazifani odatda o‘lchash o‘zgartkichlari bajaradi.
O‘lchash o‘zgartkichi deb o‘lchash ma’lumoti signalini ishlab chiqish, uzatish, keyinchalik o‘zgartirish, ishlov berish va yoki saqlashga mo‘ljallangan, lekin kuzatuvchining
ko‘rishi uchun moslanmagan o‘lchash vositasiga aytiladi.
O‘lchash o‘zgartkichlarining turlari juda ko‘p. Odatda o‘lchash zanjirida birinchi bo‘lgan, ya’ni o‘lchanayotgan kattalik signalini qabul qiladigan o‘lchash o‘zgartkichiga birlamchi o‘lchash o‘zgartkichi deyiladi. Undan keyingi joylashgan o‘lchash o‘zgartkichlariga esa oraliq o‘zgartkichlar nomi berilgan.
O‘lchash o‘zgartkichlarining keng tarqalgan turlariga masshtabli va parametrik o‘lchash o‘zgartkichlari kiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |