J –SH TOVUSHLARI
J, SH tovushlari ham sirg‘aluvchilar toifasiga kiradi. Shuning uchun ularning talaffuzida ham til-tish, tishlararo, til-oldi,yon va burun sigmatizmlari kuzatilishi mumkin. Bu turdagi sigmatizmlar sh va j tovushlarini boshqa sirg‘aluvchi tovushlar bilan adashtirib talaffuz etilishi (parasigmatizm), ularni xuddi s tovushining burun, til-tish, tishlararo talaffuziga o‘xshab ketishi bilan ifodalanadi. Bu esa bolaga o‘qish,yozish jarayonini o‘zlashtirishga halaqit beradi.
Ba’zi bolalarda noto‘g‘ri talaffuz etiladigan sh yoki j tovushi barcha sirg‘aluvchilar o‘rniga ishlatiladi. Masalan, sovun-shovun, soat-shoat, zina-jina, Zulfiya-Julfiya va hokazo.
Parasigmatizmlardan sh-s, z-j, ch-s kabilar ayniqsa ko‘p uchrab turadi:sholg‘om-sog‘lom, mashina-masina, mushuk-musik, Zuhra-Juhra, chelak-selak.
Ba’zi bir bolalarda artikulatsiya apparati yaxshi rivojlanmaganligi natijasida sirg‘aluvchi tovushlar noto‘g‘ri talaffuz etiladi. Bunday bolalarda tovush talaffuzini birdan yo‘lga qo‘yish, o‘rgatish mumkin emas.Avval tayyorlov mashqlari, gimnastika o‘tkazilishi zarur.Tovush talaffuzi to‘la yo‘lga qo‘yilmaguncha bolaga shu tovush haqida gapirish kerak emas. Masalan, hozir tilimizni bunday qilsak,sh tovushi hosil bo‘ladi deyish ham mumkin emas. Agar bolada barcha sirg‘aluvchi tovushlar noto‘g‘ri talaffuz etilsa, ishni S tovushidan boshlamoq zarur.
SH va J fonemalari talaffuzida lablar bilinar-bilinmas yumaloq shaklga kirib, til oldinga sal bukiladi.Uning o‘rta qismi ko‘tarilib, yonlari yuqori jag‘ tishlarining ichki tomoniga tegadi. Til uchi alveolalar tomonga yo‘nalgan bo‘lib, shu yerda torayish hosil qiladi. Til o‘rtasida keng ariqcha hosil bo‘ladi.Undan kuchli havo oqimi o‘tadi. Tilning orqa qismi salgina ko‘tariladi. Yumshoq tanglay ko‘tarilgan bo‘ladi.
SH va J tovushlarini talaffuzini yo‘lga qo‘yish. SH tovushini S tovushini talaffuzidan o‘rgatish mumkin. Buning uchun bola S tovushini cho‘zib talaffuz etayotganida, logoped uning tilini shpatel yordamida alveolalarning yoniga ko‘taradi. Natijada sh tovushi hosil bo‘ladi. Bundan tashqari esa as bo‘g‘inidan ham sh tovushi talaffuzini yo‘lga qo‘yish mumkin. Bunda ham logoped bola as deb turganida uning tilini zond yordamida ko‘taradi. J tovushi SH tovushidan unga ovoz berib, talaffuz ettirish yo‘li bilan hosil qilinadi, ayni vaqtda havo oqimi kuchsizroq bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |