Aim.uz
Tovar va uning xususiyatlari haqidagi nazariyalar
Bozor iqtisodiyoti tovar ishlab chiqarishga asoslangan iqtisodiyotdir. Shuning uchun ham
bozor iqtisodiyotining markaziy kategoriyasi tovar bo’lib, uning tarixiy va mantiqiy
o’tmishdoshi umumiy tarzda «ne’mat» deb ataladi.
Ne’matlar nihoyatda xilma-xil. Ularni turli jihatlariga ko’ra guruhlarga ajratish mumkin.
1. Ehtiyojlarni qondirishiga ko’ra:
a) individual ehtiyojlarni qondiruvchi ne’matlar. Bularga
iste’mol buyumlari va ishlab chiqarish vositalari kiradi. Bu tovarlarni asosan nodavlat sektori
iste’mol qiladi;
b) ehtiyojlarni birgalikda qondiradigan ne’matlar. Bular kutubxona, muzeylar, meditsina
xizmati, maktab, institut, saroylar, sport komplekslari va hokazolar;
v) ijtimoiy ne’matlar. Bular tovar bo’lmaydi, ularga jamoat xavfsizligini, aholi tinchligini
saqlash, o’t o’chirish, milliy mu-dofaa va boshqalar kiradi.
2. Ne’matlarni serob yoki kamyobligiga ko’ra iqtisodiy va noiqtisodiy guruhlarga
ajratiladi.
Iqtisodiy ne’matlar, bu iqtisodiy faoliyat bilan bog’liq cheklangan ne’matlar bo’lsa,
noiqtisodiy ne’matlar esa tabiat tomonidan cheklanmagan tarzda in’om etilgan. Noiqtisodiy
ne’matlarni yaratish uchun hech qanday kuch sarflanmagan. Bu ne’matlar tabiatda erkin,
insonning ma’lum bir ehtiyojini qondirish uchun etarli darajada (havo, suv, quyoshning
yorug’ligi, issiqligi va hokazo shunga o’xshash) mavjud. Jamiyat taraqqiyotining ma’lum bir
bos-qichida iqtisodiy ne’matlar tovar shaklini oladi (2- bob).
Ma’lumki, tovar ishlab chiqarish ijtimoiy mehnat taqsimoti va ishlab chiqaruvchilarning
mulk egasi sifatida iqtisodiy jihatdan alohidalashuvi tufayli vujudga kelgan.
Tovar deb insonning biron-bir ehtiyojini qondirib, ayirboshlash uchun ishlab
chiqarilgan ne’matga aytiladi.
Ko’rinib turibdiki, tovar ikki xossaga ega:
a) biron-bir ehtiyojni qondirish;
b) ma’lum miqdordagi tovarni boshqa tovarga almashish xossasi.
Tovarning insonning biron-bir ehtiyojini qondirish xossasi iste’mol qiymati deyiladi.
Tovarning iste’mol qiymati uning naf keltirishida ifodalanadi. Naf deb, tovar va xizmatni
iste’mol qilishdan olinadigan qoniqishga aytiladi. Masalan, sigareta foydali bo’lmasa ham
iste’mol qilinadi, demak u chekadigan kishilarni iste’molini qondiradi. Naflilik shu tovarning
naqadar zarurligi, sifati, kamyob yoki serobligi kabilarga bog’liq.
Xizmatlar iste’mol qiymati sifatida, asosan moddiy ko’rinishga ega emas. Shuning uchun
bevosita jamg’arib bo’lmaydi, balki xizmat ko’rsatish jarayonida iste’mol qilinadi.
Ayirboshlanganda turli xil iste’mol qiymatlari, ya’ni bir turdagi tovar, ikkinchi bir turdagi
tovarga almashtiriladi. Almashtirish uchun ular miqdorini taqqoslash kerak.
Buyuk mutafakkir Aristotel (miloddan avvalgi 384—322- yillar) tenglik bo’lmasa,
ayirboshlash mumkin emas, tenglik bo’lishi uchun esa taqqoslash mumkin bo’lishi kerak, deydi.
Odatda, har xil tovarlar ayirboshlanadi, ularning o’lchov birliklari ham har xil. Masalan, mato,
deraza, guruch almashtiriladi desak, biri metrda o’lchansa, ikkinchisi dona, uchinchisi
kilogrammda o’lchanadi. Demak, miqdor jihatdan ularni bir-biriga tenglashtirib bo’lmaydi. U
holda tovardagi nimani taqqoslash mumkin. Boshqacha aytganda, tovarning narxi qanday
belgilanadi? Bu savolga iqtisodiy nazariya uzoq vaqt javob bera olmadi...
XVIII—XIX asrga kelib, uzoq kutilgan javob topildi. Bu tovarda mujassamlashgan
qiymat bo’lib, uning birinchi ta’rifini siyosiy iqtisod klassiklari V. Petti, A. Smit, D. Rikkardo va
boshqalar berishdi. Ularning fikricha, har qanday tovar qiymatining asosida unga sarflangan
mehnat yotadi. Mehnatning o’lchovi esa ish vaqti. Bir xildagi tovar ishlab chiqarish uchun
ishlovchi turlicha vaqt sarflaydi. Bu vaqt individual ish vaqti bo’lib, u individual qiymatni
yaratadi. Individual ish vaqti ishlab chiqarish sharoiti, ishchilarning malakasi, tajribasiga ko’ra
farqlanadi. Bozorda tovarlar individual ish vaqti sarfi bo’yicha emas, balki ijtimoiy zaruriy ish
vaqti bo’yicha sotiladi. Ijtimoiy zaruriy ish vaqti deb o’rtacha mehnat unumdorligi va mehnat
intensivligi sharoitida tovarlarning asosiy massasini ishlab chiqarish uchun zarur bo’lgan vaqtga
aytiladi.
Qiymat ijtimoiy munosabat sifatida faqat almashuv jarayonida yuzaga chiqadi va
almashuv qiymatida namoyon bo’ladi.
Iqtisodiy nazariya ko’rsatadiki, qiymatning mehnat nazariyasi hamma savollarga javob
beradigan benuqson nazariya emas ekan. Bu nazariyani sobiq Ittifoqda qo’llashga qilingan
harakat narx belgilashning xarajatlar mexanizmi shakllanishiga olib keldi. Xarajatlarni
ko’paytirish ishlab chiqaruvchilarga juda qo’l keladi.
Undan tashqari, amaliyotda bu nazariyani qo’llashda yana bir muammo sarflangan
ijtimoiy zarur mehnatni aniq o’lchab bo’lmasligidir.
Bu erda yana bir savol tug’iladi, agar tovarning qiymati individual mehnat bilan
o’lchanmasa, Van-Gog yoki Leonardo da Vinchining chizgan suratlari qiymati qanday
o’lchanadi?
Agar tovarning qiymati mehnat xarajatlari bilan o’lchanadigan bo’lsa, uning sifati va
miqdori qanday o’lchanadi? Mehnat oddiy malaka talab etmaydigan yoki murakkab, maxsus
malaka talab qiladigan mehnat bo’lishi, og’ir jismoniy yoki aqliy mehnat bo’lishi mumkin.
Qiymat nazariyasining eng jiddiy kamchiliklaridan biri tovarning iste’mol qiymatiga
ahamiyat bermaslikdir. Shuning uchun ham iqtisodiy nazariyaga aynan ana shu kamchilikni
bartaraf etishga qaratilgan yangi nazariya kirib keldi.
Iqtisodiy nazariya tarixida «Avstriya maktabi» nomi bilan atalgan «me’yoriy naflilik»
nazariyasi asoschilari ne’matlarning qiymati ularning naf keltirishiga qarab, xaridorning
iqtisodiy psixologiyasi nuqtai nazaridan aniqlanadi, degan fikrni ilgari suradilar.
Ular naflilikni tovarning ob’ektiv xossasi bilan aralashtirmaslik kerak, naflilik bu
xaridorning o’z ehtiyojini qondirish nuqtai nazaridan bergan individual sub’ektiv
bahosidir deyishadi.
Qiymat nazariyasi bilan naflilik nazariyasining bosh maqsadi turli iste’mol qiymatlarini
yoki naflilikni taqqoslash muammosini hal qilishdir.
Olma, tanbur, kostyumdan qay biri foydaliroq? Bir tomondan qarasangiz, bunday
savolning o’zi tuturiqsiz, bema’nilikka o’xshaydi. Ammo har bir aniq holatdan kelib chiqadigan
bo’lsak, bu savolda jon bor. Umumiy tarzda olsak, bu savolga javob berib bo’lmaydi. Bu
me’yoriy naflilik nazariyasining xato ekanligini ko’rsatadigan ishonchli dalil. Lekin yuqoridagi
savolga individual jihatdan yondashilsa, uni har bir kishi sub’ektiv tarzda echadi. Vitamin zarur
kishi uchun olma, artist uchun tanbur, kostyumzarur kishi uchun esa boshqa narsalardan ko’ra
kostyum afzal. Chunki, har bir odam birinchi galda eng zarur ehtiyojini qondirishga harakat
qiladi. Har xil ehtiyojlar ichida eng zarur ehtiyojni qondirish uchun turli tovarlar ichidan eng
kerakligini tanlab oladi. Demak, u yoki bu tovarni sotib olishni har bir odam sub’ektiv tarzda hal
etadi. Undan tashqari, inson ehtiyojini qondirgan tovarni iste’mol qilishni davom ettirar ekan,
uning ehtiyoji tobora to’yinib boradi, nafliligi esa kamayib boradi. Masalan, qorni och odam
birinchi burda nonni katta ishtaha bilan eydi, keyingilarini egan sari to’yib, oxir-oqibat boshqa
non egisi kelmay qoladi. Barcha eyilgan non miqdori to’yinish miqdorini ifodalaydi.
Shaxsiy iste’mol jarayonida yuz beradigan ana shu hodisani nemis iqtisodchisi German
Gossen (1810—1858) tadqiq qilib, naflilikni pasayib borishi qonuni amal qilishini ko’rsatib
beradi. U bu qonunni «Aynan bir mahsulot bilan ehtiyojlarni qondirishni uzluksiz davom
ettirsak, borgan sari ehtiyoj to’laroq qondirilib, oxir-oqibat to’yinadi, lekin mahsulotning nafliligi
esa pasayib boradi», deb ta’riflaydi. Ehtiyoj to’yingandan keyin ham iste’mol davom ettirilsa, u
naf o’rniga zarar keltiradi. Demak, iste’mol qilishda qandaydir me’yor bo’lar ekan. Me’yoriy
naflilik deb qo’shimcha iste’mol qilingan mahsulotdan qo’shimcha olinadigan nafga
aytiladi.
Ne’matning qiymatini ana shu me’yoriy naflilik belgilaydi. «Avstriya maktabi»
asoschilari naflilikni pasayishi qonuniga umumiy tus berishga harakat qilishgan. F. Vizer bu
qonun «hamma narsaga, ochlikdan tortib muhabbatgacha» tegishli deb ko’rsatadi.
Bu qonunga binoan ehtiyojlar qondirilishiga qarab to’yinish darajasi o’sadi, naflilik esa
pasayadi, ya’ni ehtiyojni qondiruvchi ne’matning har bir yangi birligi avvalgisiga qaraganda
kamroq naf keltiradi. Ana shu ne’matning zaxirasi talabni qondirishning chegarasi bo’ladi.
Zaxiraning o’zgarishiga qarab chegara ham o’zgaradi. Me’yoriy naflilikni E. Bem-Baverk, K.
Menger keltirgan misol bilan quyidagicha tushuntiradi: tarkidunyo qilgan, o’rmonda yashovchi
zohidning 5 qop doni bor. Uning birinchi qopi o’z iste’moli uchun, ikkinchi qop zaxira,
uchinchisi parrandalar boqish uchun, to’rtinchisi pivo tayyorlash uchun, beshinchisi ermakka
boqilayotgan to’tiqush uchun mo’ljallangan.
Agar u qoplardan birini yo’qotsa, birinchi navbatda to’tiqush boqishdan voz kechadi.
Chunki, u ehtiyojlarni qondirish zarurligi nuqtai nazaridan qaralsa, eng oxirida turibdi. Donning
qiymati aynan ana shu beshinchi qopning qadri bilan o’lchanadi.
Ana shu eng oxirgi ehtiyojni qondiradigan naflilik me’yoriy naflilik bo’ladi. Ehtiyoj
o’zgarmagani holda zaxira ko’paysa, me’yoriy naflilik kamayadi, aksincha bo’lsa, naflilik
ko’tariladi. Shunga muvofiq ravishda narx ham o’zgaradi. Shunday qilib, har bir ne’matning
qadr-qimmati: a) ehtiyojni qondirishning zarurlik darajasiga; b) shu ne’matning to’kinlik
darajasiga bog’liq.
Har xil ehtiyojlar va ularni qondirishning to’yinish darajasi insonning farovon turmush
kechirishini ta’minlashda har xil rol o’ynaydi. Ehtiyojlar to’yingan sari nafliligi kamayib boradi.
Narxni me’yoriy naflilik asosida tushuntirish hayotdagi ko’pgina jumboqlar,
paradokslarni echib beradi. Ko’pincha misol tariqasida mashhur «Smit paradoksi» yodga
tushiriladi. Nima sababdan inson uchun zarur suv shunchalik arzon, olmos esa undan keladigan
naf kam bo’lishiga qaramay qimmat turadi? Bu savolga A. Smit quyidagicha javob beradi:
Ko’pincha katta iste’mol qiymatiga ega narsalar uncha ko’p bo’lmagan almashuv qiymatiga,
hattoki hech qanday almashuv qiymatiga ega bo’lmasligi mumkin. Suvdan foydaliroq narsa
yo’q, lekin unga deyarli hech narsa almashib bo’lmaydi. Aksincha, olmos deyarli hech qanday
iste’mol qiymatiga ega emas, lekin unga juda ko’p miqdorda boshqa tovarlarni olish mumkin.
Xuddi shu savolga me’yoriy naflilik nazariyasining asoschilaridan K. Menger shunday
javob beradi: Brilliant va oltin shunday kamyobki, birinchisini barchasini yig’ishtirsa bir
yashikka, ikkinchisini esa bir xonaga joylashtirsa bo’lar edi. Aksincha, ichimlik suv Erda
shunday katta miqdorda mavjudki, uning hammasini sig’diradigan rezervuarni ko’z o’ngimizga
keltirish qiyin.
Mohiyati jihatdan xarakterli ikki misol bir-biriga yaqin, deyarli bir xil bo’lsa ham, uning
sababini izohlash printsipial jihatdan farq qiladi. Adam Smit fikricha, brilliant bilan suv
qiymatining notengligi ularni olish uchun zarur bo’lgan mehnat xarajatlarining farqida bo’lsa, K.
Menger fikricha, ularning Er yuzidagi zaxirasining turlichaligida: birining serobligi,
ikkinchisining kamyobligida. Kundalik hayotda ham qadr-qimmat tushunchasi, odatda
cheklangan kamyob ne’matlarga nisbatan qo’llaniladi. Shuning uchun ham «xalqimizdagi
«oldingdan oqqan suvning qadri yo’q» naqli ham naflilik nazariyasi mohiyatini ifodalaydi.
Naflilik nazariyasi iste’mol qiymatiga ahamiyat berib, qiymat nazariyasi izohlab bera
olmagan savollarga javob bergan bo’lsa ham, ayirboshlashdagi nisbatni to’la tushuntirib bera
olmadi. Chunki, birinchidan, sub’ektiv naflilik tarzida qandaydir miqdorni ko’rsata olmaydi,
sababi uni o’lchash uchun ob’ektiv birlik yo’q. Nazariyada qo’llanilgan me’yoriy naflilikni
ko’rsatuvchi miqdoriy belgilar real mazmundan yiroq, ixtiyoriy xarakterga ega. Natijada juda
ko’p marta naflilik va uning me’yoriy miqdorini o’lchash uchun ko’p marta behuda urinishlar
qilindi.
Ikkinchidan, naflilikning pasayib borish qonuni universal emas, u odatda eng cheklangan,
birinchi navbatda, zarur kundalik ehtiyojlar doirasidagi tovarlarga tegishli bo’lib (oziq-ovqat,
kiyim-bosh, turar joy), har bir inson uchun individual bo’lib, ma’lum bir to’yinish chegarasi
mavjud. Lekin bu qonunni tovarlarning asosiy massasi, ko’plab nooziq-ovqat mahsulotlari,
ayniqsa ishlab chiqarish vositalariga nisbatan qo’llab bo’lmaydi.
Uchinchidan, K. Menger naflilikning pasayib borishini ko’rsatish, aniq biron-bir tovarni
nafliligini taqqoslashda mavjud narxlar va iste’molchilarning daromadlaridan kelib chiqib tahlil
qiladi. Demak, sub’ektiv baholashning o’zi (me’yoriy foydalilik, naflilik ko’rinishida) narx
darajasi va daromad miqdori bilan bog’liq ekan. U holda mantiqan noto’g’ri fikr vujudga keladi,
tovarlar narxini sub’ektiv baholash kelib chiqadi, sub’ektiv baholash esa narxlarga bog’liq.
To’rtinchidan «Avstriya maktabi» asoschilari tovar nafliligini sub’ektiv baholashdan
qanday qilib real bozor narxlariga o’tiladi degan savolga javob berolmaydi. Chunki, har bir
kishining shaxsiy, sub’ektiv his-tuyg’usini ob’ektiv qiymat va pul birliklari bilan o’lchab,
taqqoslab bo’lmaydi.
Naflilikni ko’rsatuvchi yagona o’lchov topishga harakat qilindi. Naflilikning o’lchov
birligini yutil (inglizcha utility — naflilik) deb ataldi. Lekin uni ob’ektiv miqdor o’lchovi sifatida
qo’llab bo’lmaydi. Chunki naflilik har bir kishi uchun qat’iy individual tarzda belgilanadi. U
butun insoniyat uchun umumiy bo’lishi mumkin emas. Uning yordamida turli-tuman ne’matlarni
o’lchab bo’lmaydi. Aytaylik, basseyn bilan musiqa, non yoki avtomobilni yutil buyicha hisoblab
taqqoslab bo’ladimi? Albatta, yo’q.
Nobel mukofoti laureati P. Samuelson va professor V. Nordxaus bu haqda shunday
deyishadi. Naflilik — bu mahsulotni iste’mol qilishdan olingan sub’ektiv qonunni ifodalovchi
abstraktsiya. Naflilikni o’lchab bo’lmaydi. U faqat tahliliy konstruktsiyaning mohiyatini
ko’rsatuvchi iste’molchilarni o’zlarining cheklangan daromadlarini naf keltiradigan tovarlar
o’rtasida ratsional taqsimlashlarini tushuntirishga mo’ljallangan sxema, xolos.
Xullas, bozorda tovarlarni ayirboshlash mohiyatini har ikki nazariya ham to’la tushuntirib
bera olmaydi.
Bir-biriga qarama-qarshi turgan har ikki nazariyadan biri asosiy e’tiborni sarflangan
mehnat xarajatlariga qaratsa, ikkinchisi uni naf keltirishiga qaratadi. Buning natijasida har ikki
nazariya ham tovarning almashtirish miqdori, ya’ni narxining kelib chiqishini tushuntirib bera
olmaydi.
Aynan shu vazifani mashhur iqtisodchi A. Marshall bajardi. U har ikki nazariya bir-birini
to’ldira olishi mumkinligini ko’ra bildi. U har ikki nazariyani sintez qildi. Marshalldan boshlab
qiymat va narxning monistik nazariyasidan chekina boshlandi. Monizm printsipi bu qiymatning
yagona manbaini, narxning yagona asosini, jamiyat daromadlarining yagona manbaini topishga
qaratilgan. Bunday manba sifatida qiymatning mehnat nazariyasida mehnat va faqat mehnat
ko’rsatilsa, «Avstriya maktabi» nazariyotchilari yagona manba sifatida me’yoriy naflilikni
ko’rsatishgan. Marshall nazariyasida esa qiymat va narxni aniqlash bozor kuchlari o’zaro ta’siri,
talab (me’yoriy naflilik) hamda taklif (tovar ishlab chiqarish xarajatlarining o’zaro ta’siri)
asosida shakllanishini ko’rsatib bergan.
Ishlab chiqarish xarajatlari me’yoriy mahsulot ishlab chiqarish uchun sarflangan
me’yoriy xarajatlar bilan o’lchanadi (VIII bob). Me’yoriy xarajatlar esa ishlab chiqarish
omillarining me’yoriy unumdorligi bilan bog’liq. Bunda faqat mehnat emas, boshqa ishlab
chiqarish omillarini ham hisobga olish zarur. Chunki u yoki bu iste’mol qiymati yaratilar ekan,
uning uchun faqat mehnat emas, balki boshqa omillar, boshqacha aytganda resurslar ham zarur.
Shunday qilib, tovar insonning biror-bir ehtiyojini qondiradi. Uni ishlab chiqarish uchun
iqtisodiy resurslar sarflanadi hamda ayirboshlanadi. Tovarning ana shu sifatlari uning nafliligi
(ehtiyoj qondirishi), kamyobligi (ishlab chiqarish uchun resurs-larning cheklanganligi), resurslar
sig’imi (bir birlik tovar ish-lab chiqarish uchun sarflangan resurslar miqdori)da namoyon bo’ladi
va bir-biridan farqlanadi.
Aim.uz
Do'stlaringiz bilan baham: |