Yurt tinchligi
Tinchlik dunyodagi eng katta boylik hisoblanadi. Chunki tinchlik bo`lsa, hamma erkin nafas oladi., hamma o`z ishi bilan mashg`ul bo`ladi. Shuning uchun yurt tinchligi barqaror taraqqiyot garovi. Demak, istiqlol g`oyalari bir-biri bilan uzviy bog`lanib ketgan. Bundan oldin vatanimiz ravnaqi haqida gapirgan edik. Ana shu taraqqiyotning muhim sharti tinchlik ekan. Shu bois odamzoò yaralgandan buyon tinchlik-totuvlikka intilib keladi. Xalqimiz tinchlikni yuksak qadrlaydi, Uni o`z orzu - intilishlari, maqsad-muddoalari ro`yobga chiqishining kafolati deb biladi. Shuning uchun duoga qo`l ochganda yaratgandan, avvalo, tinchlik va omonlik tilaydi. Lekin dunyoga tinchlikni buzish, odamlarni sarson-sargardon qilish orqali g`arazli maqsadlariga yetishishni o`ylaydigan yovuz kimsalar, vaxshiy kuchlar ham bor. Ular insoniyatni hamisha nizo-adovat, urush va qirg`inlar domiga tortib keladi. Keyingi besh ming yil mobaynida bashariyat o`n besh mingdan ziyod katta -kichik urushlarni boshdan kechirganining o`ziyoq bunga misol bo`la oladi. Shuning uchun urush va tinchlik, xavfsizlikni ta`minlash masalasi bugun ham dolzarb masala bo`lib kelmoqda.
Sohibqiron A.Temurning nabirasi Mirzo Ulug`bek Mavorounnahrga hukmronlik qilgan qirq yil mobaynida mamalakatda tinchlik, barqarorlik ustuvor bo`lgani sababli ilm-fan va madaniyat taraqqiy etgan, bunyodkorlik ishlari rivojlangan, ko`hna zaminimiz gullab yashnagan. Urush va nizolar chiqqan joyda fayz-baraka ketadi, xalq och, yalang`och bo`lib qoladi, bolalarni o`qitish, sog`lom qilib tarbiyalash imkoni bo`lmaydi. Afg`onistonda yigirma yildan ziyod davom etayotgan urush oqibatlarini ko`rib bunga hammamiz ishonch hosil qilganmiz. Shuning uchun biz vatanimizni ravnaq toptirish, bolalarni sog`lom va barkamol qilib tarbiyalash, ilm-fan va ma`naviyatni rivojlantirish, xalqimiz turmushini farovon qilish borasida ko`p yutuqlarga erishmoqdamiz.
Xalq farovonligi
Xalq farovonligi deganda odamlarning munosib turmush sharoiti, iqtisodiy jihatdan to`la-to`kis yashashni, taraqqiyot taqozo etgan eng zarur moddiy imkoniyatlarga ega bo`lishi tushuniladi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar aynan ana shu maqsadga qaratilgan. Lekin xalq farovonligiga erishish uchun odamlarning bunyodkorlik salohiyatini ishga solish, ularning ongini islohotlar ishtirokchisiga aylantirish zarur., buning uchun esa ularning dunyoqarashini, hayotga, mehnatga, yerga munosabatini tubdan o`zgartirish muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki farovon turmush asosi erkinlik, tadbirkorlik, tashabbuskorlikdir. Xalqimizda mulkka egalik hissini tarbiyalash, xo`jalik yurutishning zamonaviy usullarini o`zlashtirish o`z kuchiga ishonch tuyg`ularini kamol toptirish, bolalarga kasb-hunar o`rgatish, ularda mehnat ko`nikmalarini hosil qilish bu boradagi muhim vazifalarimizdan hisoblanadi.
Ota - bobolarimiz qadim-qadimdan halol mehnatni, kasb-hunarni farovonlik asosi deb bilgan. Shuning uchun “Bir yigitga qirq hunar oz” degan maqol hozirgi kunda yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda, chunki biz bugun nafaqat ota-bobolarimiz amal qilib kelgan an`anaviy kasblarni, texnik taraqqiyot bilan bog`liq zamonaviy kasblarni ham puxta egallashimiz kerak. Xususan, kompyuter texnikasi, murakkab texnologiyali ishlab chiqarish sohalari, biznes va tadbirkor turlariga doir kasblarni egallash bilan ham bog`liq. Xalqning farovonligi -davlatning qudratidan dalolat. Shuning uchun fuqarolarimizda har qaysi inson va oila badavlat bo`lsa, jamiyat va davlat ham kuchli va qudratli bo`ladi, degan tushunchani shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Komil inson g`oyasi
Komillik -mukammallik deganidir. Inson mukammal bo`lishi uchun ozod va hur bo`lishi lozim. Chunki ozod va hur insongina erkin harakat qila oladi, o`zining jismoniy va ma`naviy sifatlarini oshirish yo`lida intiladi. Shuning uchun vatanimiz mustaqillikka erishgandan so`ng sog`lom va barkamol avlodni voyaga yetkazishga e`tibor kuchaydi. Kamillikni orzu qilmagan, barkamol avlodlarni voyaga yetkazish haqida qayg`urmagan xalqning, millatning kelajagi yo`q. Bunday xalq va millat tanazzulga mahkum. Komil inson g`oyasi azal-azaldan xalqimizning ezgu - orzusi, uning ma`naviyatining uzviy bir qismi bo`lib kelgan. Barkamol inson haqidagi yuksak g`oyalar Abu Nasr Farobiy va Alisher Navoiy kabi mutafakkirlarning asarlarida, ayniqsa, teran ifoda topgan. Erkin fuqarolik jamiyatini ma`naviy barkamol insonlargina bunyod eta oladi. Shuning uchun sog`lom avlodni tarbiyalsh, erkin fuqarolik ma`naviyatini shakllantirish, ma`naviy-ma`rifiy ishlarni yuksak darajaga ko`tarish orqali barkamol insonlarni voyaga yetkazishga muhum e`tibor berilmoqda. Kadrlar tayyorlash milliy dasturi asosida ta`lim - tarbiya tizimining tubdan isloh etilayotgani ham ana shu ulug`vor maqsadni amalga oshirish yo`lida muhim qadamlardir.
Do'stlaringiz bilan baham: |