Davlat soliq qo‘mitasining boshlig‘i, boshliqning birinchi o‘rinbosari, boshliq o‘rinbosarlari va davlat soliq boshqarmasining davlat soliq boshqarmasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini muvofiqlashtiruvchi tarkibiy bo‘linmalari rahbarlaridan iborat tarkibda kengash tashkil etiladi.
Kengashning soni va shaxsiy tarkibi davlat soliq boshqarmasi boshlig‘ining taqdimiga binoan Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadi.
Davlat soliq boshqarmasining kengashi:
- Davlat soliq xizmati organlari faoliyatining, shu jumladan Davlat soliq qo‘mitasi hay’ati qarorlarini va Davlat soliq qo‘mitasi topshiriqlarini bajarish bilan bog‘liq eng muhim masalalarni hal etadi;
- davlat soliq boshqarmasi faoliyatining soliq qonunchiligiga rioya etilishini yanada ta’minlash, davlatning iqtisodiy manfaatlari va mulkiy huquqlarini himoya qilish bo‘yicha belgilab berilgan hamda ushbu Nizomda nazarda tutilgan asosiy yo‘nalishlarini amalga oshiradi;
- davlat soliq boshqarmasi nomenklaturasiga kiradigan lavozimlarga kadrlarni tanlash, joy-joyiga qo‘yish, tayyorlash va qayta tayyorlash masalalarini hal etadi;
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, qarorlari va farmoyishlarida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlarida belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha ijro intizomini mustahkamlash, davlat soliq boshqarmasi rahbarlari va xodimlarining ularni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini ta’minlash yuzasidan shaxsiy javobgarligini oshirish masalalarini hal etadi.
Kengash shuningdek davlat soliq boshqarmasi vakolatiga taalluqli boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqish huquqiga ega.
Kengash majlisiga davlat soliq boshqarmasi vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar vakillari taklif etilishi mumkin.
Kengash agar uning majlisida tarkibining yarmidan ko‘pi qatnashgan taqdirda vakolatli bo‘ladi. Ko‘rib chiqilayotgan masalalar bo‘yicha qarorlar oddiy ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
Kengash qarorlari davlat soliq boshqarmasi boshlig‘ining buyruqlari bilan amalga oshiriladi. Kengash raisi va a’zolari o‘rtasida kelishmovchiliklar mavjud bo‘lgan taqdirda Kengash raisi paydo bo‘lgan kelishmovchiliklar to‘g‘risida Davlat soliq qo‘mitasiga axborot bergan holda mustaqil ravishda qaror qabul qiladi. Kengash a’zolari ham o‘z fikr-mulohazalarini Davlat soliq qo‘mitasiga xabar qilishlari mumkin.
Kengash faoliyati tartibi uning kengash tasdiqlaydigan reglamentida belgilanadi.
Davlat soliq inspeksiyalariga Davlat soliq qo‘mitasi raisi tomonidan belgilangan tartibda tayinlanadigan boshliqlar boshchilik qiladi.
Davlat soliq inspeksiyalari boshliqlari o‘zlariga yuklatilgan vazifalarning amalga oshirilishini ta’minlaydi, o‘zlariga bo‘ysunuvchi bo‘linmalar faoliyatini tashkil etadi, muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi.
Davlat soliq boshqarmasini qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.