Soliq siyosati – davlatning soliq borasidagi farmon, qonun va qarorlarni ijrosini ta’minlash hamda uni tashkil qilishdagi chora-tadbirlari, sa’y-harakatlari yig‘indisidir. Shunday ekan, faqat mustaqil davlatgina o‘z mustaqil soliq siyosatiga ega bo‘la oladi.
Soliq siyosatining asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
– soliq siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berish;
– davlatning ilmiy asoslangan soliq siyosati konsepsiyasini ishlab chiqish va amaldagi soliqqa tortish amaliyoti bilan uyg‘unlashuvini ta’minlash;
– soliqqa tortishning asosiy konsepsiyalarini belgilash, davlat soliq ma’murchiligi asoslarini va uning asosiy tamoyillarini belgilab berish va hokazolar.
Soliq siyosatini ishlab chiqish moliya-iqtisodiy munosabat-lardan kelib chiqadi. Davlat soliq siyosati orqali respublika iqtisodiyotini barqarorlashtirishga va rivojlanishiga har tomonlama faol ta’sir ko‘rsatish mumkin. Soliqlar pul munosabatlari bo‘lib, iqtisodiy munosabatlarning tarkibiy qismi ekan, soliq siyosati ham iqtisodiy siyosatning tarkibiy qismidir.
Soliq davlatning moliyaviy manbayi bo‘lganligi sababli va yuqori tashkilot bo‘lganligi sababli, soliq siyosatini ishlab chiqishning asosiy tashkilotchisi va ijodkori ham davlatdir. Buning uchun davlat o‘z qonunidagi butun kuchni, idoralarni jalb qilib uni ishlab chiqadi. Bunday tashkilotlarga Davlat soliq qo‘mitasi, Moliya vazirligi va boshqa ilmiy uslubiy tashkilotlar kiradi. Davlat soliq siyosatini ishlab chiqayotganda mavjud soliqlar mohiyati, ahamiyati, kelib chiqish va rivojlanish tarixi chuqur o‘rganiladi. Yangi kiritilayotgan soliqlarning ilmiy asoslanganligi tekshiriladi. Faqat bir soha mutaxassislari taklifini tezda olib, ularga qarab qaror qilishi to‘g‘ri bo‘lmaydi. Chunki har sohaning vakili o‘z sohasining vazifalaridan kelib chiqib takliflar qilishi, umumdavlat manfaatlarini to‘liq ilgaridan ko‘ra olmasligi mumkin. Ma’lum qarorga kelingandan so‘ng soliq siyosati loyihasi qaror chiqaruvchi organ tasdig‘iga berilsa maqsadga muvofiq, bozor iqtisodiyoti mohiyatiga mos keladi. Tasdiqlangan soliq siyosatining keng jamoatchilikka ommaviy axborotlar orqali ma’lum qilish zarur. Shunday siyosatning ijrosini ham strategik jihatdan, ham taktik jihatdan ta’minlashni yana davlat o‘z zimmasiga oladi. Buning uchun o‘zining tegishli idoralarini ishga soladi.
Demak, davlat soliq siyosatini tayyorlovchi va uni to‘liq hayotga tadbiq qilishning tashkilotchisi va boshqaruvchisidir. Davlatning faol soliq siyosati yuritishi bozor iqtisodiyotiga muvaffaqiyatli o‘tish va uning munosabatlarini rivojlantirishning
muhim omilidir. Shunday qilib, soliq siyosati orqali davlat respublika iqtisodiyotini har tomonlama barqarorlashtirish va rivojlantirishga faol ta’sir ko‘rsatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |