2017-yilgi tub islohotlar.O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida” gi farmoniga muvofiq, 2017–2021-yillarda oliy ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish dasturini ishlab chiqish, o‘quv dasturlarini yanada zamonaviylashtirish, pullik xizmatlar ko‘rsatish va moliyalashtirishning qo‘shimcha manbalarini izlashda oliy o‘quv yurtlarining vakolatlarini kengaytirish yo‘li bilan ularning mustaqilligi bosqichma-bosqich rivojlantirib boriladi.2017–2018-yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining yetmishga yaqin farmon, qaror va farmoyishi qabul qilindi.Bu tom ma’noda ta’lim tizimidagi o‘zgarish va yangilanishlar jarayonini boshlab berdi.Harakatlar Strategiyasida ta’lim va o‘qitish sifatini baholashning xalqaro standartlariga o‘tishda oliy ta’lim muassasalari faoliyati va samaradorligini oshirishdagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Ana shuni nazarda tutib, Prezident Sh.M.Mirziyoyev “Yoshlarni mustaqil fikrlaydigan, yuksak intellektual va ma’naviy salohiyatga ega bo‘lib dunyo miqyosida o‘z tengdoshlariga hech qaysi sohada bo‘sh kelmaydigan insonlar bo‘lib kamol topishi, baxtli bo‘lishi uchun davlatimiz va jamiyatimizning bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etamiz”, degan edi.2017-yil 10 yildan ortiq vaqt mobaynidagi tanaffusdan keyin davlat va jamiyatdagi malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlar inobatga olinib, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan sirtqi ta’lim tizimi tiklandi, maxsus sirtqi ta’lim takomillashtirildi.
2017-yil 16-noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida” gi qarori qabul qilindi.
Unga muvofiq 2018–2019-o‘quv yilidan boshlab alohida iqtidor talab etiladigan madaniyat, san’at, dizayn, tasviriy va amaliy san’at, musiqiy ta’lim, san’atshunoslik, sport va jismoniy tarbiya sohasidagi ta’lim yo‘nalishlarida test sinovlari o‘tkazilmaydi.
Masalan, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti va alohida iqtidor talab etadigan ta’lim yo‘nalishlariga faqat ijodiy imtihonlar orqali qabul qilish yo‘lga qo‘yiladi.Tibbiyotga oid oliy ta’lim tizimida ham bir qator islohotlar amalga oshirildi.Jumladan, tibbiyot sohasida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida o‘qish muddati 7 yildan 6 yil va tibbiy profilaktika yo‘nalishida 6 yildan 5 yil etib belgilandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |