Etnopsixologiya – bu psixologiyaning shunday tarmog‘iki, u ayrim olingan millatlar psixologiyasidan tashqari, turli xalqlar psixologiyasini, kichik milliy guruhlarni ham o‘rganadi. Ma’lumki, bu boradagi birinchi ilmiy tadqiqotlarni V.Vundt boshlab bergan edi. Uning tadqiqotlaridagi “xalq” tushunchasi aslida etnik uyushma ma’nosida tushuntirilgan edi. Uning fikricha, etnik guruhlar psixologiyasini o‘rganish uchun ularning tilini, odatlarini va ana shu xalqlarda keng tarqalgan afsonalar va boshqa ong tizimlarini o‘rganish kerak. Shunisi diqqatga sazovorki, Vundtdan keyingi davrda o‘tkazilgan muhim tadqiqotlardan biri bizning o‘lkamizda o‘tkazilgan bo‘lib, uni psixolog A.R.Luriya amalga oshirgan edi. Bu eksperimental tadqiqot bo‘lib, uni o‘tkazishdan asosiy maqsad L.S.Vigotskiyning madaniy-tarixiy yondashuv g‘oyasini tekshirish edi. Luriya boshchiligidagi olimlar guruhi revolyusiya bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston sharoitida turmush tarzining o‘zgarishi bilan o‘zbek xalqi psixologiyasining ham o‘zgarganligini isbot qilmoqchi bo‘lganlar. Asosiy maqsad bilish jarayonlarining o‘zgarganligini isbot qilish bo‘lsa ham tadqiqotchilar o‘z-o‘zini anglash va o‘z xulq-atvorini analiz qilish borasida ham uyda o‘tiradigan ayollar, endigina savod olish maqsadida savodxonlik kurslarida o‘qiyotgan xotin-qizlar hamda pedagogika bilim yurtlarida ta’lim olayotgan qizlar o‘rtasida farq bor-yo‘qligini tekshirishdi. Tadqiqot asosan o‘z-o‘zini analiz qilish metodi yordamida o‘tkazilgan bo‘lib, tadqiqot mobaynida ayollarga turli savollar orqali o‘z shaxsiga xos xususiyatlarni, o‘zidagi etakchi sifatlarni aniqlash va ba’zi psixologik holatlarga baho berish topshirig‘i berildi. Lekin javoblarning sifati, to‘liqligi ayollarning bilim saviyasiga va ijtimoiy aloqalar tizimida tutgan o‘rniga bog‘liq bo‘lib chiqdi. Uyda o‘tirgan ayollar ko‘p hollarda qo‘yilgan savolni ham anglamasliklari ma’lum bo‘ldi. Luriya shu narsaga iqror bo‘ldiki, o‘zbeklardagi ong asosan boshqa odamlar fikriga bog‘liq ekanligi, tobelik psixologiyasi kuchliligini aniqladi. Masalan, ayollarga o‘zidagi yomon sifatlarni aytish topshirig‘i berilganda, ular yomon qo‘shnilarni ko‘rsatishar va umuman o‘z-o‘zini baholashdan ko‘ra boshqalarni baholash, ularga sifat xarakteristikalari berish ancha yengil tuyulardi.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, A.R.Luriyaning asosiy maqsadi milliy psixologik xususiyatlarni o‘rganishda tarixiy tamoyiliga tayanish lozimligini isbotlash hamda milliy psixologiyaning hayot tarziga, shaxsning jamiyatda kishilar munosabatlari tizimida tutgan o‘rniga bevosita bog‘liqligini isbot qilish edi. Lekin tadqiqotning ahamiyati shunda ediki, unda birinchi marta milliy psixologiyani o‘rganishga yordam beruvchi metodlar va metodologik tamoyillar sinab ko‘rildi. To‘g‘ri, bu tadqiqotda to‘plangan ma’lumotlar va ilmiy xulosalar bilan bugungi kunda kelishib bo‘lmaydi, qolaversa, bu konsepsiyaning o‘zi necha bor qayta ishlovni talab qildi, lekin milliy psixologiya bo‘yicha o‘tkazilgan kross-tadqiqot sifatida uning ahamiyati kattadir. Qo‘llangan piktogramma – “so‘z portretlari”ni, o‘z-o‘zini analiz qilish metodlarini hozirgi zamonaviy tadqiqotlarda ham faqat yangicha metodologik prinsiplarda qo‘llash mumkin.
Oxirgi yillarda chet el va sobiq Ittifoq olimlarining tadqiqotlarini umumlashtirib, etnopsixologik ishlarga yagona ilmiy yondashuvni topish harakatlari sezilmoqda. Bu sohada mashhur rus etnografi va psixologi Yu.Bromley olib borgan ishlar, uning laboratoriyasida to‘plangan ma’lumotlar misol bo‘lishi mumkin. Yu.V.Bromley etnik guruhlar psixologiyasida ikki tomonni farq qiladi:
1) psixik asos – etnik xarakter, temperament, milliy an’analar va odatlardan iborat barqaror qism;
2) hissiyot sohasi etnik yoki milliy his-kechinmalarini o‘z ichiga olgan dinamik qism. Lekin tadqiqotchilar nima uchundir, milliy psixologiya masalalari bilan shug‘ullanishganda, milliy qirralar yoki sifatlarni aniqlash bilan shug‘ullanadilar-da, u yoki bu millatlargagina xos bo‘lgan qirralarni topishga urinadilar, lekin fan-texnika rivojlangan, millatlar uyg‘unligi, millatlarning doimiy o‘zaro hamkorligi va muloqoti sharoitida, aralash nikohlar keng tarqalgan sharoitda faqat u yoki bu millatga xos bo‘lgan qirralar haqida gapirish juda qiyin. Masalan, o‘zbekistonliklar o‘rtasida o‘tkazilgan kichik tadqiqot natijasida shu narsa ma’lum bo‘ldiki, mehmonnavozlik, kamtarlik, samimiylik kabi ijobiy sifatlar o‘zbek xalqigagina xos emish. To‘g‘ri, bu sifatlar albatta o‘zbeklarda bor. Lekin, aynan shu sifatlar boshqa millatlar vakillarida yo‘q deyishga xaqqimiz yo‘q. Xuddi har bir shaxs ongida turlicha stereotiplar, ya’ni, o‘rnashib qolgan obrazlar bo‘lganidek, har bir oila, yaqin oshna-og‘aynilar va o‘ziga o‘xshash shaxslar bilan muloqot jarayonida u yoki bu millat vakilida ham o‘z millatiga xos bo‘lgan sifatlar haqida stereotiplar paydo bo‘lib, ular ongida o‘rnashib boradi. Bunday stereotiplar o‘z millatiga va boshqa xalqlarga nisbatan bo‘lib, boshqalar haqidagi tasavvurlar ancha sodda, yuzaki, mazmunan tor bo‘ladi. Shunday tasavvurlar asosida boshqa millatlarga nisbatan yoqtirish (simpatiya) yoki yoqtirmaslik (antipatiya) va befarqlik munosabatlari shakllanadi. O‘z millati haqidagi tasavvur va stereotiplar esa milliy “etnotsentrizm” hissini shakllantiradiki, shu his tufayli shu milliy guruh vakillarida boshqa millatlarga nisbatan irratsional munosabatlar paydo bo‘lishi, bu esa milliy antogonizm va milliy adovatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Millatlararo adovat va milliy etnotsenrizmning o‘ziga xos tusi borasida davlatimiz rahbari Islom Karimova o‘zining “O‘zbekiston XX1 asr bo‘sag‘asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari” nomli tarixiy asarlari juda teran fikrlarni bayon etganlar. Asarda ta’kidlanganidek, “O‘zbekiston aholisining ko‘p millatliligi o‘zbek xalqining milliy o‘zligini anglashi va ma’naviy qayta tiklanishining o‘sishi bilan chambarchas bog‘liq xolda jamiyatni yangilash, uni demokratlashtirishga undovchi zo‘r kuch bo‘lib xizmat qilmoqda. Bu respublikaning jahon hamjamiyatiga qo‘shilishi uchun qulay shart-sharoit yaratmoqda”. Lekin ta’kidlash joizki, musatqillikning dastlabki yillarida yurtimizda ko‘p yillar mobaynida sobiq ittifoq sharoitida aholini bir xil “baynalmilallashtirish”, yagona “sovet xalqi” g‘oyasini singdirish mafkurasi ta’sirida bo‘lgan xalqlar va millatlarning milliy o‘zligini anglashi, shu bilan birgalikda millatlarao va diniy bag‘rikenglik siyosatini olib borish unchalik oson kechmadi. Prezidentimizning jamiki yurtimizda istiqomat qilayotgan yuzdan ziyod millat va elatlarning manfaatlarini bir xil himoya qilish, ular o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni kuchaytirishga qaratilgan dono siyosati tufayli, buguni kunda barcha o‘zbekistonliklar shu yurt, shu Vatan ravnaqi yo‘lida bir xil kurashish bilan birgalikda o‘z milliy qadriyatlari, madaniyati, san’ati, yashash tarzini hurmat qilishga, uning eng jozibali va tarbiyaviy nuqtai nazardan noyob an’analarini davom ettirish, namoyon etish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, “Har qanday millat, u naqadar kichik bo‘lmasin – insoniyatning boyligidir va har qanday milliy birlikning, uning til, madaniy va boshqa xususiyatlarining yo‘q bo‘lib ketishi Er yuzidagi madaniy va genetik fondning, shaxs imkoniyatlarining qashshoqlashuviga olib keladi. Shu bois har bir etnik birlikni saqlab qolish unga mansub odamlarning eng muhim maqsadi bo‘lmog‘i kerak.” Demak, mustaqil yurtimizda millatlararo va elatlar ichidagi o‘zaro aloqalar muammolari strategik ahamiyatli bo‘lib, bu o‘z navbatida olimlar, xususan, etnopsixologlar oldiga millatlar do‘stlikni va bahamjihatlikni takomillashtirishga yo‘naltirilgan fundamental va tadbiqiy ishlarni amalga oshirish, natijalari bilan yurtimizda tinchlik va totuvlikni barqarorlashtirishga hissa qo‘shish vazifasini qo‘yadi.
Bu borada, ijtimoiy psixologlar va mafkurachilar oldida turgan muammolardan biri millat vakillarida milliy g‘ururni sof ijtimoiy psixologik fenomen sifatida o‘rganish, uning yoshlarda mafkuraviy immunitetning shakllanishidagi roliga aloqador psixologik mexanizmlarni tadqiq etishni ko‘ndalang qilib qo‘yadi. Chunki ko‘pincha milliy g‘urur tufayli ayrim shaxslarda boshqa millatlarni mensimaslik, ulardagi g‘urur yoki milliy hislarni tan olmaslik hollari kuzatilishi mumkin. Umuman, bizning fikrimizcha, milliy adovatlar asosida yotgan etnotsentrizm va milliy g‘ururning salbiy ko‘rinishlari boshqa millatlarning tarixini, ularning an’analarini, tili va hokazolarini bilmaslikdan kelib chiqadi. Milliy psixologiya bo‘yicha o‘tkazilishi lozim bo‘lgan tadqiqotlarning maqsadlaridan biri ham boshqa millatlar psixologiyasini bilib, uni boshqa millatlarga yetkazish tufayli, har bir millat vakiliga hurmat - izzat hissini kuchaytirishdir. Chunki o‘zini hurmat qilmagan odam boshqani hurmat qilmaydi, buning uchun esa o‘z psixologiyasini ham, o‘zgalar psixologiyasini ham bilishi kerak. Shundagina shaxslararo ziddiyatlarga barham berilishi mumkin. Bu narsa millatlar psixologiyasiga ham xosdir. Ya’ni, fan jamiyatga shunday etnografik va etnopsixologik ma’lumotlar majmuini yaratib berishi lozimki, undagi ma’lumotlar asosida katta guruh hisoblangan millatlar psixologiyasini ham boshqarish mumkin bo‘lsin.
Do'stlaringiz bilan baham: |