IV.Yangi mavzu yuzasidan nazariy ma’lumotlar
Kasbni to’g’ri tanlash - inson turmushida muhim qadamdir, yosh avlodning butun hayotidagi muvaffaqiyat ko’p jihatdan kasbning qanchalik to’g’ri tanlanishiga bog’liq.
Kasbni to’g’ri tanlash har bir maktab o’quvchisining qiziqishiga, mayliga, qobiliyatiga va imkoniyatlariga mos bo’lishi uchun uning sog’lig’ini, o’zlashtirishini va hissiyotlarini hisobga olish lozim, bular ijtimoiy foydali va unumli mehnatda hammadan ko’ra ko’proq qaror topadi va namoyon bo’ladi.
Odam bajarayotgan ishlariga ijodiy munosabatda bo’lib, mehnat unumdorligini doimo oshirib borsa, tanlagan kasbiga zo’r qiziqish bilan qarasa, o’z ishining ijtimoiy ahamiyatini tushunsa, uning qobiliyatlari mehnatda takomillashib borsa, o’shandagina u mehnatdan qoniqish hosil qiladi va xursand bo’ladi, bunday holda har bir shaxs jamiyatga eng ko’p naf keltiradi. Bu fikrlardan kasb tanlashning g’oyat muhim ijtimoiy ahamiyati kelib chiqadi. Kasb-korni erkin tanlash juda katta ahamiyatga ega. Odam shug’ullanayotgan ishini yaxshi ko’rsa, bundan u xursand bo’ladi, qoniqish hosil qiladi, zo’r tashabbus ko’rsatadi, toliqmay mehnat unumini oshiradi.
Maktab o’quvchilarining kasb tanlashi ongli zaruriyat bo’lishi va ayni vaqtda jamiyat manfaatlariga mos bo’lib tushishi, yigit va qizlarning kamolot yo’lida shaxsiy muddaolarini qondirishi lozim. Buning uchun yuksak darajada ma’lumotli bo’lish zarur, hozirgi asrimizda bunday ma’lumotsiz fan-texnika ildam taraqqiy etishi mumkin emas.
Dunyoda minglab kasblar bor. Mana shu rangbarang kasblar olamida qanday qilib mo’ljal olish kerak? Hayot yo’lini mehnat faoliyatini to’g’ri boshlash uchun qaysi kasbni tanlagan ma'qul? Bu kabi savollarga javob topish uchun avval kasblar haqida ma’lumotga ega bo’lish kerak.
Mehnat predmetiga qarab barcha kasblar beshta tipga bo’linadi.
“Odam — tabiat” . Bu erda mehnatning asosiy, etakchi predmeti jonli tabiatdir. Bu tipga quyidagi kasblar kiradi: urug’shunos, meva-sabzavotshunos, davlat urug’chilik inspektsiyasining laboranti, chorvador-usta, ximik-bakteriologik analiz laboranti, zootexnik, agronom. Bu kasb kishilari kuzatuvchanlik, sabr-toqatlilik, jismoniy chidamlilik, g’amxo’rlik, tartiblilik xislatlariga ega bo’lishlari kerak.
“Odam-texnika”. Bunday kasblar tipida mehnatning asosiy etakchi predmeti texnika ob'ektlari (mashinalar, mexanizmlar va boshqalar), materiallar, energiya manbalari hisoblanib, unga quyidagi kasblarni misol qilish mumkin: tokar, frezerchi, slesar, yig’uvchi-slesar, elektromontajchi, tikuvchi-motorist va hokazo. Bunday kasb egalaridan ko’z bilan chamalash, kuzatuvchanlik, fazoviy tasavvur, qo’llar harakatining chaqqonligi, texnikaviy zehn, idrokning o’tkirligi, diqqatning to’planganligi, hamma narsaga diqqat-e’tiborli bo’lishlik talab etiladi.
“Odam-odam”. Bunday kasb tipida asosiy mehnat predmeti odamlardir. Mazkur mehnat sohasida mayllar, qiziqishlar qay darajada ekanini aniqlashda o’quv predmetlaridan tashqari, jamoa bo’lib o’tkaziladigan tadbirlarni tashkil etishda orttirgan tajribalar yordam beradi.
Makzur tipga kiradigan quyidagi kasblarni ajratib ko’rsatish mumkin: tibbiy xizmat ko’rsatish xodimlari, maktabgacha tarbiya muassasalari tarbiyachisi, ta’lim muassasasi o’qituvchilari, savdo xizmati xodimlari, oziq-ovqat mahsulotlari sotuvchisi, qandolatpaz, pazanda va hokazo. Bunday kasb egalarida quyidagi xislatlar jamlangan bo’lishi talab etiladi: xushmuomalalik, yaxshi axloqiy sifatlar, odamlar bilan tezda til topa bilishlik, tartiblilik, mehr- oqibatlilik, odamlarga g’amxo’rlik qilish, bolalarni sevish, ehtiroslarni boshqarish, kommunikativlik va tashkilotchilik qobiliyatlari, barmoqlar sezgirligi, va hokazo.
“Odam-belgi tizimi”. Kasblarning bu tipida shartli belgilar, raqamlar, kodlar, tabiiy yoki sun'iy tillar asosiy etakchi mehnat predmeti hisoblanadi. Hozirgi zamon kishisi belgilar va belgi tizimlari dunyosida tekstlar, chizmalar, sxemalar, kartalar, jadvallar, formulalar, yo’l belgilari ichida yashaydi. Binobarin, bularning hammasini biladigan tegishli mutaxassislar ham zarur.
«Odam-belgi tizimi» tipidagi kasblarga quyidagilar kiradi: axborot va kommunikasion texnologiyalari tizimini ishlatish texnigi, axborot va kommunikasiya tizimlari bo’yicha dasturlashga yo’naltirilgan texnik, kompyuter grafikasi dizayneri, mulbtimediya tizimlari texnigi, hujjatlarni (ona tilida yoki chet tilida) rasmiylashtirish, ish yuritish, qayta kodlashtirilishi bilan bog’liq bo’lgan kasblar: tarjimon, sekretar-mashinistka, telegrafchi, texnik redaktor va boshqalar. Bu kasb egalarida mantiqiy tafakkur, diqqatning turg’unligi, yaxshi xotira, tasavvur, fikrini bir joyga to’play olishlik va boshqa qobiliyatlar rivojlangan bo’lishi kerak.
”Odam badiiy obraz”. Kasblarning bu tipida badiiy obrazlar, ularning tuzilish usullari etakchi mehnat predmeti hisoblanadi. Bu erda quyidagi kasblarni ajratib ko’rsatish mumkin: tasviriy faoliyat bilan bog’liq bo’lgan kasblar: badiiy mebellar ishlab chiqarish bo’yicha duradgor, toshga o’yib gul soluvchi, yoritish elektrotexnigi (teatrda), poyabzal kanstruktor- modeleri, dizayner-rassom va boshqalar.
Bunday kasb egalarida quyidagi xislatlar jamlangan bo’lishi talab etiladi: ko’z bilan chamalay bilishlik, badiiy did, badiiy va musiqiy qobiliyat, yaxshi tasavvur qilish, fazoviy tafakkur, ko’rgan va eshitganlarni xotirada yaxshi saqlab qola bilish va boshqalar.
Do'stlaringiz bilan baham: |