Xo‘jalik yurituvchi subyektlarning to’lov balansi va tahlil etishning maqsadi va vazifalari hamda tahlilning axborot manbalari
To‘lov balansi– ma’lum bir vaqt mobaynida (chorak, yarim yil, bir yil va h.k.) bir mamlakat va unda ro‘yxatdan o‘tgan korxonalar, jismoniy shaxslar va davlat idoralarining boshqa mamlakatlardagi korxonalar, jismoniy shaxslar va davlat idoralari bilan amalga oshirgan barcha iqtisodiy operatsiyalarini o‘zida aks ettiruvchi statistik hisobotdir. Masalan, tovar va xizmatlarni eksport yoki import qilish, boshqa bir davlatga kredit berish yoki jalb etish, kredit bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirish, xalqaro pul o‘tkazmalari, qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha xalqaro savdolar va boshqalar shular jumlasidandir. Ushbu hisobot mamlakat tashqi iqtisodiy holatini tahlil qilish va unga oid pul-kredit, valyuta siyosati kabi makroiqtisodiy siyosatni amalga oshirish uchun muhim statistik asos vazifasini o‘taydi.
Xalqaro valyuta jamg‘armasining tasnifiga binoan, to‘lov balansi joriy operatsiyalar hisobi, kapital bilan bog‘liq operatsiyalar hisobi, moliyaviy operatsiyalar hisobi hamda sof xatolar va yo‘qotishlar kabi tarkibiy qismlardan iborat.Tovarlar va xizmatlar eksporti va importi, bir mamlakatning xorijda ishlovchi hamda o‘sha davlatda ishlovchi chet ellik ishchilarning daromadlari va xarajatlari, bir mamlakatning tashqi aktivlari va majburiyatlari bo‘yicha qo‘lga kiritgan yoki to‘lab berishi lozim bo‘lgan daromadlari, shuningdek, xalqaro pul o‘tkazmalari, grantlar va insonparvarlik yordamlari va boshqa operatsiyalar to‘lov balansining joriy operatsiyalar hisobida aks etadi.
Bundan tashqari, bir mamlakatdagi korxonaning boshqa bir mamlakat korxonasiga katta miqdorda bag‘araz moliyaviy resurs taqdim etishi yoki ixtiyoriy ravishda qarzidan voz kechishi kabi kapital transfertlari hamda yer, tabiiy resurslar, shartnomalar, marketing ishlanmalari kabi ishlab chiqarilmagan nomoliyaviy aktivlar savdolari to‘lov balansining kapital bilan bog‘liq operatsiyalar hisobida jamlanadi.
Shuningdek, mamlakatlar o‘rtasidagi aktivlar va majburiyatlar bilan bog‘liq operatsiyalar to‘lov balansining moliyaviy operatsiyalar hisobida yuritiladi. Moliyaviy hisob to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar, portfel investitsiyalar, moliyaviy derivativlar (svop, opsion va h.k.), boshqa investitsiyalar (valyuta va depozitlar, savdo kreditlari hamda avanslari va boshqalar) va rezerv aktivlaridan iborat.
Nazariy jihatdan, joriy hamda kapital bilan bog‘liq operatsiyalar hisoblari saldosi yig‘indisi moliyaviy hisobning saldosiga teng bo‘lishi lozim. Ammo, amaliyotda hisobot shakllanishida foydalaniladigan ma’lumotlar turli manbalardan olinishi, aktiv va majburiyatlar qiymatining o‘zgarishi va boshqa o‘zgarishlar to‘lov balansi qismlarining nomutanosibligiga olib keladi. Ushbu nomutanosibliklar to‘lov balansida sof xatolar va yo‘qotishlar sifatida ko‘rsatiladi.
Tashqi iqtisodiy faoliyatni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish iqtisodiy harakatda asosiy yo‘nalishlardan biri sifatida olinadi. Negaki, tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanish va jahon bozorining aktiv ishtirokchisiga aylanish korxonalar faoliyatining muhim va samarali yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu jihatdan, tashqi iqtisodiy faoliyatni yo‘lga qo‘yish va uning rivojlanish istiqbollarini belgilashga davlat dasturini tuzib chiqishda va bu borada iqtisodiy va huquqiy negizlarni belgilashga muhim ahamiyat qaratiladi.Mamlakatni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirishni tashqi iqtisodiy faoliyatsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bu esa, o‘z navbatida faoliyatning turli sohalarida xorij bilan aloqada va hamkorlikda bo‘lishni, mahsulot, ish va xizmatlar bo‘yicha jahon bozori arenasiga chiqish va unda muqim o‘rin egallashning imkon shartlarini belgilab olishni ham talab etadi. Eksport hajmi sezilarli ravishda, ya’ni 11,6 foizga o‘sdi, eksport qilinayotgan mahsulotlar tarkibi va sifati yaxshilanib bormoqda. Buning natijasida xomashyo bo‘lmagan tayyor tovarlarning ulushi 70 foizdan ziyodni tashkil etmoqda. Tashqi savdo aylanmasidagi ijobiy saldo 1 milliard 120 million dollardan oshdi. 2012-yilda mamlakatimizning yuqori sur’atlar bilan barqaror o‘sishini ta’kidlar ekanmiz, buning boisi va omilini avvalambor iqtisodiyotimizga yo‘naltirilgan kapital mablag‘lar, investitsiyalar tobora o‘sib borayotganida, bu ko‘rsatkich yalpi ichki mahsulotga nisbatan 22,9 foizni tashkil etganida, deb hisoblashimiz zarur. 2012-yilda iqtisodiyotimizga 11 milliard 700 million dollar miqdorida ichki va xorijiy investitsiyalar jalb etildi yoki bu boradagi ko‘rsatkich 2011 yilga nisbatan 14 foizga o‘sdi. Jami investitsiyalarning 22 foizdan yoki 2 milliard 500 million dollardan ortig‘ini xorijiy investitsiyalar tashkil etdi, ularning 79 foizdan ko‘prog‘i to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalardir.E’tiborga sazovor tomoni shuki, jami investitsiyalarning qariyb 74 foizi ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va yangilashga qaratilgan dastur va loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltirildi. Hozirgi kunda respublikamizda xorij bilan iqtisodiy aloqalarning rivojini va istiqbolini ijobiy baholash mumkin. Mustaqillik yillarida turli mulk shaklidagi 3500 dan ortiq qo‘shma va hamkorlikdagi korxonalar tashkil etildi. Bugungi kunda ularning 2000 dan ortig‘i faol ish olib bormoqda. 1
Ushbu korxonalar asosan respublikaning ichki iste’moliga qaratilgan.Lekin iqtisodiy imkoniyatlarning va huquqiy mezonlarning imkon shartlaridan to‘la foydalana olayotganimiz yo‘q. Negaki, tashkil etilgan va ro‘yxatga olingan mavjud 3500 dan ortiq qo‘shma korxonalarning 40 foizidan ortig‘i hali to‘la ishga tushirilganicha yo‘q yoki amalda umuman faoliyat olib bormayapti. Ularning ayrimlari qayta rasmiylashtirish va faoliyat shaklini o‘zgartirish harakatida bo‘lsa, ayrimlari hali o‘z faoliyatlarini yo‘lga qo‘ya olganlari yo‘q.Respublikamiz tashqi iqtisodiy faoliyatini yo‘lga qo‘yish yuzasidan to‘la iqtisodiy asosga ega. Lekin bu iqtisodiy asosda maqsadli va kelajakni ko‘zlab foydalana olayotganimiz yo‘q. Negaki, respublikamizda tashkil etilayotgan asosiy qo‘shma korxonalarni to‘la quvvat darajasida ishlata olmayapmiz.Avvalo,iqtisodiy imkoniyatlar, deganda qo‘shma va hamkorlikdagi faoliyatni yo‘lga qo‘yishning moliyaviy, moddiy va mehnat resurslariga to‘la egalik, moliyaviy imkoniyat, respublika har qanday foydali va maqsadli loyiha uchun mablag‘lar topa olishi (shu jumladan, korxonalar ham) tushuniladi. Ular faoliyatini yo‘lga qo‘yishda avvalo, davlat bosh hamkor va kafolat subyekti sifatida maydonga chiqadi. Respublikamizga manfaati tegadigan har qanday maqsadli loyiha biz uchun maqbul va foydali sanaladi. Shu jihatdan, biz chet ellik hamkorlarga tabiiy qazilmalarni, xomashyolarimizni qayta ishlashga, og‘ir sanoatni rivojlantirishga birgalikda hamkorlik qilishga izn berdik. Ma’lumki, Respublikamiz agrar-industrial mamlakat hisoblanadi. Unda bevosita sanoatda qayta ishlanadigan o‘ta muhim va qimmatli mahsulotlar yaratiladi. Mustaqil respublikamiz oltin qazib olish bo‘yicha dunyoda 5-o‘rinda, paxta xomashyosi bo‘yicha 3-o‘rinda turadi. Paxta bo‘yicha yillik yalpi hosili 3.0 - 3.4 mln tonnani tashkil etadi. Bundan bevosita tola shaklida 1.2-1.5 mln tonna tola ajratiladi. Bugungi kunda qayta ishlangan paxta tolasining asosiy qismi chet elga sotilmoqda. Respublikani iqtisodiy rivojlantirish istiqbollarida paxtani xomashyo sifatida sotish emas, balki uni sekin-asta tayyor mahsulotlar sifatida sotishga o‘tish shartlari belgilangan. Qishloq xo‘jaligi bilan bog‘liq bo‘lgan qorako‘l teri va pillaning sotilishida ham bevosita shu jihatlarni ko‘rish mumkin. Yaratilgan asosiy mahsulot natural shaklda chet elga sotilmoqda. Uni qayta ishlash va jahon andozalaridagi mahsulotlarni ishlab chiqarish imkoni bo‘lmayapti. Buning albatta obyektiv va subyektiv sabablarini sanab o‘tish mumkin. Respublikamiz zaminida mavjud bo‘lgan tabiiy resurslar bo‘yicha shuni ta’kidlash lozim. Mavjud alyuminiy zaxiralari, qimmatbaho toshlar va metallar zaxiralari, tabiy gaz va ma’danli rudalarning mavjudligi ham bizni tashqi iqtisodiy faoliyatni yo‘lga qo‘yishimizda moddiy,iqtisodiy asos sifatida olinishi mumkin. Mehnat resurslari bo‘yicha. Respublikamizda hozirda mehnat qilish layoqatiga ega bo‘lgan 8 mln ga yaqin aholi mavjud. Ularning ham asosiy qismi qishloq xo‘jaligida band. Mavjud mehnat resurslarining deyarli 60 foizga yaqini qishloq xo‘jaligi va unga xizmat ko‘rsatuvchi sohalarda band. Mehnat resurslarining nisbiy ortiqchaligi nihoyatda yuqori. Bu esa ulardan samarali foydalanishga katta ta’sir o‘tkazmoqda.Mehnat resurslarining nisbiy ortiqchaligi shuni xarakterlaydiki,Respublikamizda xalq xo‘jaligida keragidan ortiqcha bandlik mavjud. Bu bandlik esa ularning sifatiga va qayta tiklanishiga faol ta’sir etmoqda. Mavjud mehnat resurslarining ortiqchaligi esa ularga to‘lanadigan mehnat haqining yoki ishchi kuchining bozor qiymatini nihoyatda tushirib yuborgan. Tashqi iqtisodiy faoliyatda esa mehnat resurslarining arzonligi muhim faktor sifatida olinadi. Huquqiy negizlar bo‘yicha ham albatta, ibratli ishlar amalga oshirildi va amalga oshirilmoqda. Jumladan, Respublika Oliy Majlisi tomonidan tashqi iqtisodiy faoliyat bilan bog‘liq bo‘lgan qator huquqiy aktlar qabul qilingan. Tashqi iqtisodiy faoliyat to‘g‘risidagi qonunning qabul qilinishi va uning xalqaro huquqiy normalarga mosligini alohida ta’kidlash lozim. Ushbu qonunda korxonalarning tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanish shartlari, holati va tartibi belgilangan. Shu bilan birga, har bir korxona albatta mustaqil tashqi iqtisodiy faoliyat bilan qonun chegarasida shug‘ullanishi mumkin.Respublikamiz hukumati tomonidan tashqi iqtisodiy faoliyatni rag‘batlantirish va rivojlantirish maqsadida belgilangan chora-tadbirlar maqsadi ham, avvalo respublikamizning tashqi savdo aylanmasini yaxshilashga, unda ijobiy saldoga erishishga qaratilgan.Respublikamiz Prezidenti tomonidan tashqi faoliyatni rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha farmonlari va Vazirlar Mahkamasining qarorlarining maqsadi ham shunga qaratilgan. Shuningdek, soliq qonunchiligi bo‘yicha ham tashqi iqtisodiy faoliyatdan olingan daromadlarga imtiyozli soliq stavkalarini qo‘llash, mahsulotlarning nazoratdagi qatorlari bo‘yicha imtiyoz shartlari va ko‘plab imtiyozlarning belgilanishi ham tashqi iqtisodiy faoliyatni yo‘lga qo‘yishda qo‘l kelmoqda. Respublika tashqi iqtisodiy faoliyatini yo‘lga qo‘yishning bosh shartlaridan biri sifatida bevosita mamlakatimizdagi osoyishtalikni ham olishimiz mumkin. Albatta, tashqi iqtisodiy faoliyatda bo‘lish va hamkorlikni yo‘lga qo‘yish tavakkalchilik hissi bilan emas, balki oldindan puxta o‘ylangan holda amalga oshiriladi. Bu borada albatta, xalqaro biznes tili bo‘lgan buxgalteriya hisobi ma’lumotlariga alohida ahamiyat beriladi. Buxgalteriya hisobi va hisoboti ma’lumotlarini faqat chuqur tahliliy yechimlar asosidagina o‘qish va o‘rganish mumkin. Shu jihatdan tashqi iqtisodiy harakatni belgilashda va yo‘lga qo‘yishda tahlil bizning asosiy amaliy qurolimiz sifatida qaraladi.
Mamlakatimizda tashqi iqtisodiy faoliyatni liberallashtirish, eksport salohiyatini kuchaytirish, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish va bojxonamaʼmuriyatchiligini takomillashtirish boʻyicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.Shu bilan birga, fitosanitariya, sanitar-epidemiologik, veterinariya, ekologik nazorat organlari va sertifikatlash organlari (keyingi oʻrinda – vakolatli organlar) faoliyatini oʻrganish natijalari ularning Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasi orqali oʻtuvchi tovarlar va transport vositalariga nisbatan nazorat funksiyalarini amalga oshirish samaradorligi va tezkorligini oshirish, shu jumladan, idoralararo elektron hamkorlikni jadal joriy qilish orqali takomillashtirish zarurati mavjudligini koʻrsatmoqda.2
Mamlakatning tashqi iqtisodiy aloqalari va jahon bozorining aktiv ishtirokchisiga aylanishi uning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishining muhim omili sifatida qaraladi. Chunki, mamlakatning rivojlangan, rivojlanayotgan mamlakatlar bilan fan va ishlab chiqarish, mehnat taqsimoti yuzasidan iqtisodiy aloqalari bevosita tashqi iqtisodiy faoliyatni yuzaga keltiradi. Shu boisdan, tashqi iqtisodiy faoliyatni yo‘lga qo‘yish va uning rivojlanish istiqbollarini belgilashga qaratilgan davlat dasturini tuzib chiqish hamda bu borada qator iqtisodiy, huquqiy negizlarni belgilash muhim hisoblanadi. Chunki, faoliyatning turli sohalarida xorij bilan aloqada, hamkorlikda bo‘lish, mahsulot, ish va xizmatlar bo‘yicha jahon bozori arenasiga chiqish hamda unda muqim o‘rin egallashning shartlarini belgilab olishga imkoniyat yaratadi. Shu o‘rinda mamlakat tashqi iqtisodiy faoliyatining quyidagi shakllarini
belgilash mumkin:
- Savdo (mahsulot, ish va xizmatlar realizatsiyasi).
- Qo‘shma tadbirkorlik va boshqalar.
Oxirgi yillarda mamlakatimizni rivojlanayotgan va rivojlangan davlatlar bilan iqtisodiy aloqalarini ijobiy baholash mumkin. Mamlakat tashqi iqtisodiy faoliyatini yo‘lga qo‘yish yuzasidan to‘la iqtisodiy asosga ega. Lekin iqtisodiy asoslar maqsadli va kelajakni ko‘zlab foydalanilayotgani yo‘q. Chunki, mamlakatda tashkil etilgan ayrim qo‘shma korxonalar to‘la quvvatda ishlamayotganligi natijasida iqtisodiy, jumladan: moliyaviy, moddiy, mehnat resurslaridan foydalanish imkoniyatlari boy berilmoqda. Bizning fikrimizcha, qo‘shma va hamkorlikdagi xo‘jalik yuritish subyektlari faoliyatni yo‘lga qo‘yishda mamlakat to‘la moliyaviy, moddiy va mehnat resurslariga ega. Respublika har qanday foydali va maqsadli loyihani moliyalashtirish imkoniyati mavjud. Tashqi iqtisodiy faoliyat tahlili iqtisodiy tahlilning muhim bo‘limi sifatida alohida o‘rganiladi. Tashqi iqtisodiy faoliyatda tahlilni avvalo, boshqaruvning va harakatning muhim sharti sifatida o‘tkazamiz. Tahlil etish asosida korxonaning tashqi iqtisodiy faoliyatini yo‘lga qo‘yishning tashkiliy shakllari, mahsulot ish va xizmatlar eksporti va importi o‘zgarishlari, uning o‘zgarishiga ta’sir etuvchi omillarga, tovarlar eksporti va importining tuzilishiga, tovarlarni kredit shartlarida sotish va sotib olish, eksport va import operatsiyalaridan daromadlar va xarajatlar o‘zgarishiga baho berish, foyda o‘zgarishiga ta’sir etuvchi omillarni aniqlash, korxona tashqi savdo aylanmasini o‘stirish yuzasidan korxonada mavjud bo‘lgan ichki imkoniyatlar va ularni yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlarini belgilab berish, hamkorlikni yo‘lga qo‘yishning texnik loyihalarini tuzib chiqish va yo‘lga qo‘yish, korxona tashqi iqtisodiy faoliyatiga qisqacha tashxis qo‘yish va sharhlar berish tashqi iqtisodiy faoliyat tahlili mazmunini tashkil etadi. Taqqoslanuvchi muhim ko‘rsatkichlar sifatida albatta, umumlashgan holda quyidagi ikkita ko‘rsatkich olinadi. 3
1. Eksport hajmi.
2. Import hajmi.
Eksport operatsiyalari tahlili bo‘yicha tashqi savdo aylanmasi orqali sotilgan mahsulot, ish va xizmatlar hajmi va ularning rejaga yoki o‘tgan yillarga nisbatan o‘zgarishlariga baho beriladi. Muhim ahamiyat eksport hajmining tarkibiga qaratiladi. Eksport hajmi va uning o‘zgarishini omilli tahlil etish tahlilning muhim qatori sifatida qaraladi. Bunda eksport hajmining o‘zgarishiga ta’sir etuvchi miqdor va sifat omillari o‘rganiladi. Miqdor omil sifatida miqdoriy ifodaga ega bo‘lgan ko‘rsatkich olinadi. Sifat omili sifatida korxonaning muhim iqtisodiy samaradorligini xarakterlovchi ko‘rsatkichlarning o‘zgarishi olinadi. Import operatsiyalari tahlilida import hajmi bo‘yicha reja bajarilishi va dinamikasi, tarkibi, tuzilishi, import operatsiyalaridan daromadlar va xarajatlar, import operatsiyalari foydaliligi, import hajmiga ta’sir etuvchi omillar tahliliga baho beriladi. Import hajmining o‘zgarishiga ta’sir etuvchi omillar sifatida import qilingan tovarlar miqdoriy hajmining, hamda import qilingan tovarlar bahosining o‘zgarishini kiritish mumkin. Kreditga olingan tovarlar va ularning yalpi import hajmidagi salmog‘iga baho berishga ham tahlilda muhim e’tibor beriladi.
Tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda maʼmuriy tartib-taomillarni yanada takomillashtirish, biznes yuritish shart-sharoitlarini yaxshilash, shuningdek, 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 dekabrdagi “Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya tizimlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–4059-son qarorida belgilangan vazifalarni bajarish maqsadi ko’zda tutilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |