Moliyaviy tahlil o‘tkazish metodikasi quyidagi asosiy bosqichlarni o‘z ichiga oladi:
1. Dastlabki baholash. Dastlabki baholashda axborotlar ishonchligini baholashni, moliyaviy hisobotlarni o‘qish va uning muhim ko‘rsatkichlar tizimini baholashni, aylanma mablag‘lar va uzoq muddatli aktivlar, o‘z va qarz mablag‘lari bilan bog‘liq ko‘rsatkichlar tizimini mutlaq ifodasi bilan chuqur tahlil etish orqali aniq xulosalarni shakllantirish nazarda tutiladi.
2. Ekspress-tahlil. Moliyaviy koeffitsiyentlarni aniqlash asosida korxonaning joriy va istiqbolli to‘lovga qobilligini, ish va bozor aktivligini o‘rganish asosida korxonaning moliyaviy ahvoliga baho berishni anglatadi.
Ekspress-tahlilning maqsadi xo‘jalik yurituvchi subyektning moliyaviy holati, rivojlanish dinamikasini operativ, vizual baholashdan iborat. Ekspress-tahlilni amalga oshirish quyidagi ketma-ketlikda amalga oshiriladi:
- rasmiy xususiyatlarga ko‘ra hisobotni ko‘rish;
- auditor xulosasi bilan tanishish;
- korxona hisob siyosati bilan tanishish;
- hisobotdagi “og‘riqli”(muammoli) bandlarni aniqlash va ularni dinamik baholash;
- asosiy ko‘rsatkichlar bilan tanishish;
- tushuntirish xatini o‘qish;
- haqqoniy balans ma’lumotlari asosida mulkiy va moliyaviy holatni baholash;
- tahlil natijalari bo‘yicha xulosalarni shakllantirish.
Ekspress-tahlilda quyidagi muhim o‘zgarishlarga ahamiyat qaratiladi: davr oxiriga balans jamining davr boshiga nisbatan o‘sishiga; aylanma aktivlarning o‘sishi uzoq muddatli aktivlarning o‘sishidan yuqori bo‘lishiga; xususiy kapitalning qarz kapitalidan ortiq bo‘lishiga; xususiy kapitalning o‘sishi qarz kapitalining o‘sishidan yuqori bo‘lishiga; debitorlik va kreditorlik majburiyatlarining o‘sishi bir xilda bo‘lishiga; aylanma aktivlarda o‘z mablag‘lari hissasi yuqori bo‘lishiga; qoplanmagan zarar qatori bo‘lmasligiga va h.k.
3. Chuqurlashtirilgan moliyaviy tahlil. Chuqurlashtirilgan moliyaviy tahlilning asosiy vazifasi – qaysi mahsulot turlari, qaysi xarajat turlari, qaysi javobgarlik markazlari tufayli o‘zgarishlar yuzaga kelganligini va bu borada rahbarlar qanday yo‘l tutishi lozimligiga qaratilgan.
Chuqurlashtirilgan moliyaviy tahlilning asosiy maqsadi – xo‘jalik yurituvchi subyektining joriy davrdagi natijalarini, ularning kelgusidagi kutilishlarini, moliyaviy holatini keng qamrovli tavsiflashga, baholashga qaratilgan.
Chuqurlashtirilgan moliyaviy tahlilning asosiy jihatlari quyidagilarga qaratilgan:
- xo‘jalik subyektining iqtisodiy va moliyaviy holatini baholash;
- xo‘jalik subyektining iqtisodiy salohiyatini baholash va tahlil etish;
- mulkiy holatini baholash (analitik balansni tuzish, balansning vertikal tahlili, balansning gorizontal tahlili, mulkiy holatdagi sifat o‘zgarishlari tahlili);
- moliyaviy holatni baholash (likvidlik va to‘lovga layoqatlilikni baholash, moliyaviy barqarorlikni baholash);
- moliyaviy xo‘jalik faoliyati natijaviyligini baholash (ish aktivligi, foyda va rentabellikni baholash, qimmatli qog‘ozlar bozoridagi holatini baholash)ni o‘z ichiga oladi.
Moliyaviy tahlilni quyidagi bosqichlardan iborat algoritmini belgilash mumkin:
- tahlil uchun zarur bo‘lgan axborotlarni yig‘ish;
- axborotlarni qayta ishlash, ko‘rsatkichlarni tanlash va ularni tahliliyligini ta’minlash;
- moliyaviy hisobotlarning gorizontal, vertikal, trend tahlilini o‘tkazish;
- moliyaviy hisobotlar ko‘rsatkichlari asosida moliyaviy koeffitsiyentlarni hisob-kitob qilish, ularning qiyosiy tahlilini qilish, o‘zgarishlarni omilli tahlilini amalga oshirish;
- xo‘jalik subyektining moliyaviy holatini, moliyaviy natijalari, pul oqimlarini tahliliy natijalarini chiqarish, ularni yaxshilashning, imkoniyatlarini aniqlash;
- moliyaviy tahlil bo‘yicha yakuniy xulosalarni tayyorlash va amaliy chora-tadbirlarni belgilash.
Do'stlaringiz bilan baham: |