Moliyaviy tahlilda qo‘llaniladigan boshqa axborot manbalariga quyidagilar kiradi:
- Ta’sis hujjatlari;
- Reja va prognoz ma’lumotlari;
- Statistika hisobotlari;
- Soliq hisobotlari;
- Xalq banki hisobotlari;
- Boshqaruv hisobi va hisoboti ma’lumotlari.
Ta’sis hujjatlariga korxona faoliyatining tartibi va shartlarini belgilab beruvchi Nizomi kiradi. Nizomda korxonaning tashkiliy huquqiy shakli, uning nomi, joylashgan o‘rni, ustav kapitali miqdori, tarkibi, uning boshqaruv va nazorat organlarini shakllantirish tartiblari, foydani taqsimlash, fondlarni shakllantirish tartiblari, korxonani qayta tashkil etish va tugatish tartiblari belgilanadi.
Reja ma’lumotlari va prognoz ko‘rsatkichlar. Reja va prognoz ko‘rsatkichlariga korxonaning biznes rejasi, kelgusi davrlar bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlarini kiritish mumkin. Reja va prognoz ma’lumotlari korxona boshqaruvchisini maqsadliligini ta’minlashda, biznes samaradorligini va moliyaviy holatini yaxshilashga eng muhim dastak sifatida qarashi mumkin.
Reja ko‘rsatkichlarini belgilash – bu resurslardan samarali foydalanishni va foydani o‘stirishning muhim omili hamdir.
Statistika hisobotlari. Statistika hisobotlari, korxona boshqaruvi yuzasidan quyidagi muhim muammolarni hal qilish imkonini beradi.
Ya’ni:
- hodisa va jarayonlar, ularning natijalari haqidagi ijobiy va salbiy o‘zgarishlarni doimiy bilib turishda;
- ko‘rsatkichlarni tahlil etish orqali ularning sifatini baholashda;
- statistika manbaalari asosida xo‘jalik yurituvchi subyektning kelgusidagi rivojlanish tendensiyalarini belgilashda;
- boshqaruv subyektlarida haqqoniy ma’lumotlarga nisbatan xavfsiz va ishonch hissini shakllantirishda;
- aniq faktlarga tayangan holda faoliyatni boshqarishda;
- kamchiliklar yo‘l qo‘yilayotgan bo‘g‘inlar va ularni bartaraf etishda muhim chora-tadbirlarni belgilashda juda muhim hisoblanadi.
Statistika hisobotlarini tuzish va topshirish tartiblari Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan belgilanadi.
Statistik hisobotlarni faqat davlat tomonidan ko‘rsatkichlarni jamlash, tahlil qilish va prognozlash mazmunida qarash noto‘g‘ri. Ushbu hisobot shakllaridagi ma’lumotlarga birinchi navbatda o‘z biznes samaradorligi va natijaviyligini baholashda korxona egalari va boshqaruv xodimlariga qay darajada muhimligini anglash lozim.
Xo‘jalik yurituvchi subyektlar uchun quyidagi davlat statistika hisobotlari belgilangan:
- narx statistikasi;
- investitsiya va qurilish statistikasi;
- sanoat statistikasi;
- tashqi iqtisodiy faoliyat va savdo statistikasi;
- qishloq xo‘jaligi statistikasi;
- ekologiya statistikasi;
- ijtimoiy soha statistikasi;
- mehnat va axo demografiyasi statistikasi;
- aholining yashash sharoitlari va xizmatlar statistikasi;
- transport va aloqa statistikasi;
- tadbirkorlik va bank-moliya xizmatlari statistikasi.
Xo‘jalik subyektlarining u yoki bu statistika hisobotlarini tuzishi va taqdim etishi qonun normalari asosida hal etiladi.
Soliq hisobotlari. Soliq hisobotisoliq to‘lovchining soliq va boshqa majburiy to‘lovning har bir turi bo‘yicha yoki to‘langan daromadlar bo‘yicha hisob-kitoblar hamda soliq deklaratsiyalarini, shuningdek‚ ularga doir ilovalarni o‘z ichiga oladigan hujjati bo‘lib, u Davlat soliq qo‘mitasi va Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan shaklda tuziladi. Hisobot soliq to‘lovchi tomonidan Soliq Qo‘mitasi belgilangan muddatlarda, soliq to‘lovchi hisobga qo‘yilgan joydagi davlat soliq xizmati organiga taqdim etiladi.
Xalq banki hisobotlari. Xalq banki hisobotlari shaxsiy va ixtiyoriy jamg‘arib boriladigan pensiya jamg‘armalari yuzasidan axborotlarni jamlaydi va xalq bankiga taqdim etiladi.
Boshqaruv hisobi va hisoboti ma’lumotlari.
Boshqaruv hisobi – korxona rahbari va menejerlarini har tomonlama ilmiy asoslangan qarorlar qabul qilish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar bilan ta’minlovchi hisobdir. Boshqaruv ma’lumotlaridan faqat xo‘jalik yurituvchi subyektlarning boshqaruv xodimlarigina foydalanadilar. Boshqaruv hisobi ma’lumotlaridan asosan kelgusidagi iqtisodiy faoliyatni rejalashtirish (byudjetlashtirish) va oqilona boshqaruv qarorlarini qabul qilishda foydalaniladi.
Boshqaruv hisoboti – boshqaruv hisobi ma’lumotlari asosida ixtiyoriy mazmunda tayyorlanadigan va korxona boshqaruviga taqdim etiladigan hisobotlardir. Unda moliyaviy hisobotlardan farqli jihatdan faqat moliyaviy emas‚ balki moliyaviy bo‘lmagan ko‘rsatkichlar ham aks etadi.