8.6. Muddati o‘tgan debitorlik va kreditorlik qarzlari va ular yuzasidan rezervlar tahlili.
Amalda tovarlar jo‘natilgan ishlar bajarilgan, xizmatlar ko‘rsatilgan kundan boshlab 90 kun o‘tgandan keyin, yetkazib berilgan tovarlar, ko‘rsatilgan xizmatlar va bajarilgan ishlar uchun mablag‘lar kelib tushmaganligi muddati o‘tib ketgan debitorlik qarzi deb hisoblanadi, qonunchilikda belgilangan hollar bundan mustasno.47
Muddati o‘tgan qarzdorlik tahlilida analitiklar nimalarga e’tibor berishi lozim?
Birinchidan: muddati o‘tgan majburiyatlar yuzasidan avvalo axborotlarning aniqligi, ishonchligi va asosligiga ahamiyat qaratish lozim. Debitorlik va kreditorlik qarzlari muddati o‘tgan majburiyat sifatida nazoratga olinadi qachonki, yuqorida qayd etilgan (3 oy yoki 90 kalendar kun) muddat o‘tsa. Debitorlik va kreditorlik qarzlarini balans qatorlari bo‘yicha juda ko‘p tarkibiy qatorlari guruhlanadi. Lekin ushbu tartib qarzdorlikning faqat mahsulot (tovar, ish va xizmat)larga tegishli bo‘lgan qismiga tegishli. Ya’ni, xaridor va buyurtmachilardan majburiyatlar hamda mol yetkazib beruvchi va pudratchilardan qarz qatorlariga nisbatan qo‘llaniladi. Negaki, qolgan majburiyatlarni undirish va to‘lash tartiblari, ularni kechiktirish shartlari va talablari tegishli majburiyatlar bo‘yicha qonunchilik normalarida aniq belgilab qo‘yilgan. Masalan, soliqlar va majburiy to‘lovlar bo‘yicha majburiyatlarni to‘lash tartibi va muddatlari Soliq kodeksida, mehnat haqi bo‘yicha majburiyatlarni to‘lash tartibi va muddatlari Mehnat kodeksi va kasaba uyushmalari bilan uch tomonlama kelishuv aktlarida, sug‘urta bo‘yicha majburiyatlarini to‘lash tartiblari va muddatlari sug‘urta qonunchiligi (ikki tomonlama shartnomalarda) aniq belgilab qo‘yilgan.
Muddati o‘tgan debitor va kreditor qarzdorlik korxonalarni umidsiz qarzlari sirasiga kiradi. Ularni undirish ehtimoli kamdan kam hollardagina kuzatiladi. Shu sababli umidsiz qarzlar bo‘yicha boy berilgan imkoniyatlarni o‘rnini qoplash maqsadida qarzdorlik yuzasidan zaxiralar tashkil etilishi tartibi belgilangan. Kuchli raqobatga asoslangan bozor iqtisodiyoti albatta bir turdagi korxonalarning iqtisodiy nochorlikka yuz tutishiga sabab bo‘ladi. Xaridor va buyurtmachi sifatida doimiy hamkorlarning nochorlikka yuz tutishi va bankrotlikka uchragan korxonalarda qarzni undirishdan harakatlarini boshlashdan yoki davom ettirishdan ko‘ra ushbu qarzlardan ba’zan uzil-kesil umidni uzish ham foydali hisoblanadi.
Umidsiz qarzlar yuzasidan zaxiralarni tashkil etishning albatta bitta manbasi mavjud u ham bo‘lsa, korxonaning sof foydasidir. Umidsiz qarzlarni xarajatlar hisobiga shakllantirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Umidsiz qarzlar yuzasidan zaxiralarni shakllantirish tartibi va hajmi korxona mulkdorlari kelishuvi hamda belgilovi asosida hal etiladi.
Umidsiz qarzlar zaxirasini ishlatish oqlanish ehtimoli yo‘qqa chiqarilgan va oqlanish ehtimoli kichik bo‘lgan qarzdorliklar bo‘yicha amalga oshiriladi. Agarda umidsiz qarzlar bo‘lmagan, zaxira ishlatilmagan hollarda undagi mablag‘lar korxona sof foydasiga qaytariladi va boshqa maqsadlarga ishlatiladi.
Xo‘sh umidsiz qarz nima?
Umidsiz qarz – sud qaroriga binoan majburiyatlarning tugatilishi, qarzdorning bankrotligi, tugatilishi yoki vafot etishi oqibatida yoxud ilish muddati o‘tishi oqibatida uzish mumkin bo‘lmagan qarzdir.48
Korxonalar debitorlik qarzi bozor qiymatini baholash buxgalteriya hisobining milliy standartlariga ko‘ra quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
birinchidan, qarzdor tashkilotlar buxgalterlik hisoboti (Buxgalterlik balansi (1-shakl)), shuningdek, buxgalterlik balansiga ilova asosida debitorlik qarzi strukturasi va harakati tahlili amalga oshiriladi, keyin esa buxgalterlik hisobi registrlari va birlamchi hujjatlashtirish ma’lumotlari asosida aniq xo‘jalik shartnomalari bo‘yicha debitorlar kesimida debitorlik qarzi summalari inventarizatsiyadan o‘tkaziladi. Inventarizatsiya natijalariga ko‘ra debitorlik qarzi qarzdor tashkilotlar bo‘yicha aniqlashtiriladi, uning umumiy summasidan undirib olish umidsiz qarzlar va muddati uch oydan ortiq qarzdorlik ajratiladi;
ikkinchidan, korxonalarning moliyaviy holatini baholash va balansning qoniqarsiz strukturasini aniqlash bo‘yicha moliyaviy ko‘rsatkichlar (va ularning o‘lchov qiymatlari) asosida har bir debitorning moliyaviy ahvolini baholash o‘tkaziladi.
Shunday qilib, qarzdorlikning umumiy hajmidan undirilishi umidsizlarni ajratishni va keyin debitor korxona moliyaviy holati: joriy likvidlik koeffitsiyentini hisoblash, o‘z mablag‘lari bilan ta’minlanganlik koeffitsiyenti va to‘lovga qobillikni tiklash koeffitsiyentini tahlil qilishni nazarda tutiladi. Fikrimizcha, debitor korxonalar tahlili korxona to‘lovga noqobil ekanligini ko‘rsatsa, aynan turli nuqtayi nazardan korxonalar faoliyatini tavsiflovchi moliyaviy ko‘rsatkichlarni tahlil qilish kerak.
Muddati o‘tgan majburiyatlarni tahlil etishda buxgalteriya balansiga ilova sifatida beriladigan muddati o‘tgan debitorlik va kreditorlik qarzlari rasshifrovkasi ma’lumotlaridan foydalaniladi.
Uning tuzilishi quyidagi tarkibiy birliklarni o‘z ichiga oladi. Ushbu rasshifrovka muddati o‘tgan qarzdorlikka mavjud bo‘lgan hollarda to‘ldiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |