Qimmatli qog‘ozlar tahlili. Tahlilning maqsadi – qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha kelajakdagi xatti-harakatni aniqlik bilan taxmin qilishga qaratilgan. Tahlil qilmasdan sarmoyadorlar bozorda nima bo‘layotganligini bila olmaydilar.
Eng istiqbolli kompaniyalar, emitentlar ham oxir-oqibatda muvaffaqiyatsizlikka uchrashi mumkin. Boshqa tomondan kichik va noqobil kompaniyalar tez va kutilmagan tarzda natijalarga erishib‚ ularning ulushi keskin ortib ketishi mumkin.
Barcha ishtirokchilar qaysi kompaniyalar rivojlanib ketmoqda, qaysilarining rivojlanishi sekinlashgan yoki orqaga ketganligiga qarab aksiyalarni sotib olish yoki sotish yuzasidan qimmatli qog‘ozlarni tahlil qilishga kirishadilar.
Qimmatli qog‘ozlarning odatda fundamental va texnik tahlil turlari tarkiblanadi.
Moliyaviy hisobotni bashoratlash. Boshqaruv har doim kelajakka yo‘nalitirilgan bo‘ladi. Bo‘lib o‘tgan jarayonni ortga qaytarib bo‘lmaydi. Lekin uning natijalariga qarab kelajak rejasini tuzish, kelajakdagi boshqaruvning optimalligini, samaradorligini ta’minlash choralarini ko‘rish mumkin.
Moliyaviy hisobotlarni bashoratlash nima uchun kerak? Moliyaviy hisobotlarni bashoratlash asosida moliyaviy holat, natija, pul harakati, kapital o‘zgarishidagi har qanday ko‘rsatkichni oldindan kutilishini bashoratlash mumkin.
Bashoratlash moliyaviy hisobotlar ma’lumotlari asosida hisob-kitob qilinadigan har qanday ko‘rsatkichni oldindan aniqlash imkonini beradi. Bu esa korxonaning moliyaviy holati, natijalari, pul oqimi yuzasidan oddindan kutilishi mumkin bo‘lgan holatni aniqlashga imkon beradi. To‘g‘ri, oldindan aniqlangan ko‘rsatkichning aniqligi ta’minlab bo‘lmaydi. Chunki unga ta’sir etuvchi ichki va tashqi omillar, shuningdek‚ boshqaruv apparati tomonidan qabul qilinadigan qarorlar aniqlikni qay jihatdandir o‘zgarishiga sabab bo‘ladi.
Bashoratlashda murakkab modellashtirish tizimidan foydalaniladi. Risklarni baholash masalasi bu borada o‘ta murakkab va qiyin jarayon hisoblanadi.
Balans moddalarini bashoratlashda quyidagi modellardan foydalaniladi.
1) Buxgalteriya balansi moddalarini fiksatsiyalash metodi – bashoratlash davrida balansning shunday moddalariga nisbatan qo‘llaniladiki, ular ma’lum davriylikda o‘zgarishsiz qoladi. Masalan Ustav kapitali, Qo‘shilgan kapital, Uzoq muddatli moliyaviy qo‘yilmalar, Uzoq muddatli majburiyatlar va h.k.
2) Buxgalteriya balansi moddalari orasidagi mutanosiblik metodi.
Misol uchun, boshqaruv va tijorat xarajatlarini, to‘lovga qabul qilingan majburiyatlar va h.k.larning sotish hajmiga bog‘liqligi. Ayrim ko‘rsatkichlar mahsulotlarni sotish hajmiga emas, balki ishlab chiqarilgan, sotilgan mahsulotlarning ishlab chiqarish xarajatlari o‘zgarishiga bog‘liq ravishda o‘zgaradi. Masalan, kreditorlik majburiyatlarining ortishi, majburiyatlar bo‘yicha zaxiralarning tashkil etilishi kabi.
3) Regressiv tahlil metodi. Ko‘rsatkichlar orasidagi barqaror munosabatlar mavjudligi sharoitida statistik mutanosiblikka asoslangan usul hisoblanadi.
4) Ekspert baholash metodi. Murakkab vazifalarni hal etishda foydalaniladigan usul.
5) Doimiy o‘sish metodi. Alohida koeffitsiyentlarning doimiy o‘sish sur’atlarini belgilash usuli. Masalan uzoq muddatli qarzlar, ma’muriy va savdo xarajatlari, belgilangan xarajatlarning boshqa turlarining o‘sishi. Ko‘rsatkichlarning o‘sish sur’atlari o‘rtacha qiymatlarni emas, balki murakkab o‘rtacha yillik o‘sish sur’atlari darajasida qo‘llanishi kerak.
6) Elementar rejalashtirish metodi. Har bir obyekt uchun rejalashtirilgan sxema, rejalar mavjudligi, moliyaviy hisobot maqomini tashkil etuvchi shu kabi obyektlar guruhi nazarda tutiladi.
Ushbu metoddan amortizatsiya xarajatlarini bashoratlashda, uzoq muddatli qarzlarni qoplashda foydalanish mumkin.
Moliyaviy tahlilning modelli tarkibi quyidagi bo‘limlardan tashkil topadi.
- dastlabki ma’lumotlar bazasi;
- hisob-kitoblar;
- oraliq jadvallar;
- natijalar;
- grafiklar.
Moliyaviy hisobotlarni bashoratlashda har qadamda xo‘jalik yurituvchi subyekt rahbariyatining xatti-harakatlarini tanlash zaruriyati bilan yuzma-yuz kelishi mumkin va bu tabiiy hol hisoblanadi.
Agar xo‘jalik yurituvchi subyekt muayyan choralarni ko‘rishni xohlamasa, o‘z-o‘zidan holat yanada yomonlashib boraverishi mumkin.
Asosiy jihatlar taqsimlanmagan foydani qayerga yo‘naltirish lozimligiga, uzoq muddatli aktivlarning qaysi turlarini olib kelish lozimligiga, moliyaviy qo‘yilmalarni qayerlarga joylashtirishga, xususiy kapitalni o‘stirishga qaratilmog‘i lozim.
Bashoratlashdagi eng muhim masalalardan biri bu inflyatsiya darajasi bo‘yicha aniq ma’lumotlarga tayanilishi bilan izohlanadi.