II BO’LIM. BOZOR IQTISODIYOTI
7-Mavzu. BOZOR IQTISODIYOTI VA UNING BELGILARI
REJA
Bozor iqtisodiyotining vujudga kelishi va unga o’tishning asosiy modellari.
Bozor iqtisodiyotining mazmuni va asosiy belgilari.
Bozor iqtisodiyotining asosiy muammolari.
Bozor iqtisodiyotining afzalliklari va ziddiyatlari.
Bozor iqtisodiyotining vujudga kelishi va unga o’tishning asosiy modellari
Kishilik jamiyati tarixiy taraqqiyoti davomida tovar xo’jaligi bag’rida bozor iqtisodiyoti vujudga kelib, u borgan sari rivojlanib borishini ko’rsatdi. XVII–XVIII asrlarga kelib, insoniyat xususiy mulkchilikka asoslangan bozor iqtisodiyotiga o’tdi. Iqtisodiyotda unga xos bo’lgan tub belgilar sekin-asta shakllanib, pirovard natijada qator afzalliklar hamda ayrim kamchiliklari bo’lgan hozirgi zamon bozor iqtisodiyotiga xos yaxlit iqtisodiy tizim tashkil topdi.
Dastlab, yakka xususiy mulk monopoliyasi xukmron bo’lib, kapitalistik jamiyatga xos ziddiyatlar kuchaygan
X1X asr o’rtalarida marksistik g’oya vujudga keldi. Bu g’oyaga binoan jamiyat a’zolarining farovon yashashi, adolat o’rnatilishi uchun adolatsizlikning bosh manbai xususiy mulkchilik yo’qotilishi lozim edi. Shu g’oyaga binoan sobiq ittifoq va ayrim mamlakatlarda xo’jalik yuritishning alternativ varianti tarzida ma’muriy buyruqbozlik, markaziy rejalashtirishga asoslangan xo’jalik yuritish vujudga keldi.
Bu xo’jalik yuritish shaklida:
Xususiy mulkchilikni yo’qotish;
Bozor, tovar-pul munosabatlarini tugatish;
Ne’matlar va resurslarni taqsimlashning bozor mexanizmi o’rniga ijtimoiy mulkchilikka asoslangan davlat taqsimoti va nazoratini o’rnatish;
Har bir kishini yaratgan ne’matlardagi ulushini qilgan mehnatiga qarab belgilash, mehnat miqdorini esa ish vaqti asosida aniqlash ko’zda tutiladi.
Tarixiy paradoks shundaki, marksizmning asosiy kontseptsiyasi – insonni nurli kelajakka olib borishning nazariy jihatdan ilgari surilgan g’oyasi bilan tarixiy tajribada erishilgan natija keskin farq qiladi. Tarixiy tajriba ijtimoiy mulkchilikka, bir markazdan, reja asosida boshqarishga asoslangan iqtisodiyot sarob ekanligini ko’rsatdi. Shunday bo’lishi muqarrar edi. Sababi, xususiy mulkchilikka barham berib, ijtimoiy, ya’ni davlat mulki monopoliyasini o’rnatilishi bozor munosabatilarini cheklash, monopolizmni vujudga keltirish va bozor iqtisodiyotining harakatga keltiruvchi asosiy kuch bo’lgan raqobatni yo’qolishiga olib keladi.
Bozor iqtisodiyotida yuqori darajada bajarilgan ishni rag’bat-lantirish mehnat bozoridagi raqobat orqali hal etiladi. Aynan mehnat bozoridagi raqobat mehnatning yuqori unumdorligi va ish sifatini ta’minlaydi. Ishlab chiqaruvchilar o’rtasidagi raqobat esa xarajatlarni pasaytirish, mahsulot sifatini yaxshilashga olib keladi. Narxlarning erkinligi esa zarur tovar va xizmatlar mo’l ko’lligini ta’minlaydi.
Ma’muriy buyruqbozlikka asoslangan xo’jalik yuritishda ish haqi markazlashmagan tarzda stavkalar asosida reja bo’yicha belgilangan.
Iqtisodiy rag’batlantirishdan ko’ra mehnatga majbur qilish ko’proq rol o’ynagan. Korxonalarda mablag’larni muqobil ishlatishning iloji yo’q, chunki butun faoliyat rejadan chiqmasligi kerak edi. Zarar keltiradigan korxo-nalarning bankrot bo’lish xavfi yo’qligi ularning samarali ishlash zaruratini yo’qqa chiqaradi. Zarar keltiradigan korxonalar dotatsiya olar, foyda keltiradiganlar mablag’i byudjetga tortilar edi. Foydaning rag’bat-lantiruvchi roli yo’qqa chiqarildi. Asosiy e’tibor direktiv reja topshi-riqlarini bajarishga qaratildi. Har bir korxonalarning ish faoliyatiga rejani bajarishiga qarab baho berildi.
Belgilangan narxlarning qat’iyligi ham samarasiz xarajatlar ko’payishiga olib keldi. Ikkinchi tomondan, taqchillikning asosiy sabab-laridan biriga aylandi.
Bozor iqtisodiyoti esa demokratiyaga asoslangan. Iqtisodiy demokra-tiyaning asosi – bozor. U iqtisodiyotdan tortib jamiyat hayotining siyosiy, huquqiy-ma’naviy tomonlarigacha demokratlashuviga olib keldi.
Bozor munosabatlari tizimida shunday rag’batlantiruvchi kuch joylanganki, u muttasil iqtisodiy o’sish va sotsial rivojlanishni ta’minlaydi. Bozor tizimining afzalligini Tailand, Janubiy Koreya, Tayvan, Singapur kabi Osiyo mamlakatlari ham namoyish etdi. Hozirgi paytda Xitoy, Sharqiy Germaniya (Sobiq GFR), Vetnam ham uning ustunligini ko’rsatmoqda.
Bozor iqtisodiyotiga o’tish tarixiy ob’ektiv zarurat bo’lib, kelajakda ravnaq topishining, oqilona xo’jalik yuritishga erishishning yagona yo’li sifatida O’zbekiston ham bozor iqtisodiyotiga o’tish yo’lini tanladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |