2-Mavzu. IQTISODIY RESURSLAR VA JAMIYAT EHTIYOJLARI
REJA
Iqtisodiy resurslar, ularning turlari, tarkibi va cheklanganligi.
Ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlar va ularning turlari.
Resurslar cheklanganligi va ehtiyojlarni qondirish muammolari.
Muqobil tanlov va qaror qabul qilish. Qaror qabul qilishning qadam-baqadam modeli.
1. Iqtisodiy resurslar, ularning turlari, tarkibi va cheklanganligi
Iqtisodiyot nazariyasi fanining negizida ikki narsa yotadi: jamiyat a’zolarining ehtiyojlarini cheksizligi va shu ehtiyojlarni to’laroq qondirish muammosi.
Er yuzida aholi bugunga kelib 6 millard kishidan oshdi. Erdagi tabiiy boyliklar, ekin maydonlari, o’rmonlar, qazilma boyliklar, chuchuk suv, o’simlik, hayvonot dunyosi miqdori cheklangan. Ular borgan sari kamayib borayapti. Sarf etilgan er osti boyliklarini umuman tiklab bo’lmaydi.
Ma’lumki, ehtiyojlarni qondirishning yagona yo’li ishlab chiqarish. Buning uchun esa turli-tuman resurslar kerak.
Iqtisodiy resurslar deganda jamiyat (mamlakat, ayrim korxona va oila) ixtiyorida mavjud bo’lgan va tovar ishlab chiqarish, xizmat ko’rsatish, ularni iste’molchiga etkazib berishda hamda iste’mol jarayonlarida foydalanish mumkin bo’lgan tabiiy, moddiy va inson resurslari tushuniladi. Tabiiy resurslar (er, suv, o’rmon, er osti boyliklari), ishchi kuchi resurslari, moddiy resurslar (binolar, stanoklar, mashinalar, asbob-uskunalar, inshootlar, qurilmalar, va boshqalar) ana shular jumlasidandir. Iqtisodiy resurslar tarkibida uning to’rtta turi ajratiladi.
Kapital – inson tomonidan vujudga keltirilgan barcha ishlab chiqarish vositalari (binolar, inshootlar, mashina va mexanizmlar, asbob va uskunalar, xom ashyo, materiallar va h.k.).
Er – ishlab chiqarishga jalb qilingan barcha erlar va boshqa barcha shartli resurslar.
Ishchi kuchi (mehnat) – insonda mavjud bo’lgan jismoniy va aqliy qobiliyatlar. Ishchi kuchining sarflanishi mehnat jarayonini tashkil qiladi.
Tadbirkorlik layoqati – ayrim kishilarga xos bo’lgan, iqtisodiy faoliyat sohalaridagi noyob xislat.
Iqtisodiy resurslarning barcha turiga xos bo’lgan xususiyat, ular nisbatan cheklangan yoki kamyobdir. Resurslar cheklanganligi iste’mol bilan birga ishlab chiqarish va xizmat ko’rsatish hajmini ham cheklab qo’yadi. Buning natijasida har bir korxona, mamlakat o’z imkoniyatlarini hisobga olib, tovarlar ishlab chiqarish va xizmat ko’rsatishning hamma turini birdaniga emas, uning shu davr uchun eng kerakli bo’lganlarini tanlab kengaytirish va rivojlantirishga ustunlik beradi, resurslarni birinchi navbatda ularga jalb qiladi.
Shunday qilib, resurslarning cheklanganligi ehtiyojni qondirishning asosi bo’lgan ishlab chiqarish imkoniyatlarini ham cheklab qo’yadi. Shu bilan birga, bu imkoniyatlar darajasi doimo bir xil bo’lib turmaydi, yangi texnikalar va texnologiyalarning yaratilishi hamda ularning ishlab chiqarishga jalb qilinishi imkoniyatlar chegarasining kengayishiga olib keladi. Yangi texnikalar va texnologiyalar, bir tomondan, mehnat unumdorligini, ekinlar hosildorligini oshirish, energiya, yonilg’i, mehnat va boshqa moddiy resurslarni tejash, ikkinchi tomondan, yangi material, xom ashyo, energiya va boshqa resurslar manbalarini topib, iqtisodiy faoliyatga jalb etish imkonini beradi. Bunga erning chuqur qatlamlaridagi boyliklarni topish va ishga tushirish, jahon okeanining uzoq va chuqur joylaridagi resurslaridan, quyosh energiyasidan foydalanish va shu kabilarni misol qilib keltirish mumkin. Iqtisodiy resurslar miqdori ishlab chiqarishni kengaytirish va ehtiyojlarni qondirish darajasi o’rtasidagi bog’liqlikni quyidagicha ifodalash mumkin:
Iqtisodiy resurslar, imkoniyatlar
|
|
Ishlab chiqarish yoki xizmat ko’rsatish darajasi
|
|
Ehtiyojlarning qondirilish darajasi
|
2-chizma. Iqtisodiy resurslar va ehtiyojlarning qondirilish darajasi
Do'stlaringiz bilan baham: |