Asosiy tayanch tushunchalar:
Yalpi talab - bu barcha iste’molchilar, ya’ni aholi korxonalar va davlat narxlarning o’rtacha darajasida sotib olishi mumkin bo’lgan turli tovarlar va xizmatlarning umumiy hajmini, yoki milliy iqtisodiyotdagi real pul daromadlari hajmini bildiradi.
Yalpi taklif - bu mavjud narx darajasida sotish mumkin bo’lgan, sotishga chiqarilgan va tayyorlangan turli-tuman tovarlar va xizmatlarning hajmidir.
Xraopovikli samara - yalpi talab oshganda narxning o’rtacha darajasi ko’tarilishi, lekin talab kamayganda, qisqa davr ichida narx pasayish tamoyiliga ega bo’lmasligini ko’rsatadi.
Unumdorlik - bu milliy ishlab chiqarish real hajmining foydalanilgan resurslar miqdoriga yoki harajat birligiga to’g’ri keladigan nisbiy miqdori.
Takrorlash uchun savol va topshiriqlar.
Yalpi talab va yalpi taklifni tahlil qilish nima uchun zarur?
Yalpi talab nima? Nima uchun talab egri chizig’i o’zgaradi? Yalpi talabga qanday omillar ta’sir ko’rsatadi?
Yalpi taklif nima? Yalpi taklif egri chizig’idan uchta kesmani tasvirlang va ular nimani ko’rsatishini tushuntiring?
Yalpi taklifga qanday omillar ta’sir ko’rsatadi?
Asosiy adabiyotlar:
1,2,3,4,5,6,7,8,9,10,11,12,16,18,21.
Qo’shimcha adabiyotlar:
5,6,8,9,29,31.
19-MAVZU. ISTE’MOL, JAMG’ARMA VA INVESTITSIYALAR.
REJA:
Iste’mol va jamg’armaning iqtisodiy mazmuni hamda ularning o’zaro bog’liqligi.
Jamg’arishning mohiyati, omillari va samaradorligi.
Investitsiyalar va uning darajasini belgilovchi omillar.
Iste’mol va jamg’armaning iqtisodiy mazmuni hamda ularning o’zaro bog’liqligi.
Milliy iqtisodiyotda yangidan vujudga keltirilgan qiymat, ya’ni milliy daromad iste’mol va iqtisodiy jamg’arish maqsadlarida ishlatiladi. Iste’mol keng ma’noda jamiyat iqtisodiy ehtiyojlarini qondirish jarayonida ishlab chiqarilgan tovar va xizmatlardan foydalanishni, uni iste’mol qilishini bildiradi. Bunda unumli va shaxsiy iste’mol farqlanadi. Hozirgi kunda mamlakatning xalqaro bozorlarda erkin tovar ayirboshlashi ham xalqaro baholarda, jahon andozalariga moslashib bormoqda. Ta’minotning makroko’lamdagi holati iste’mol funktsiyasini o’rganish taqozo etadi. Chunki, iste’mol funktsiyasi mohiyatini bilish iste’mol bozorini boshqarishda asos bo’ladi. Iste’mol bozorida xaridorlar faqat fuqarolardan iborat bo’lmaydi. Xaridorlar tarkibiga aholiga bepul xizmat ko’rsatuvchi korxona va tashkilotlar ham kiradi.
Unumli iste’mol bevosita ishlab chiqarish jarayoniga tegishli bo’lib, ishlab chiqarish vositalari va inson ishchi kuchining iste’mol qilinishini, ya’ni ulardan foydalanish jarayonini anglatadi.
Shaxsiy iste’mol ishlab chiqarish sohasidan tashqarida ro’y berib, bunda iste’mol buyumlaridan bevosita foydalaniladi yoki ular to’liq iste’mol qilinadi. Iste’mol bozorida har xil xizmatlar sotiladi. Iste’mol bozorining hajmi unda sotilayotgan tovarlarning yalpi summasi bilan belgilanadi. Iste’mol tovarlari esa qat’iy davlat narxlari, nazorat qilinadigan narxlar va erkin narxlarda sotiladi.
Iste’mol jarayonida turli xil moddiy va ma’naviy ne’matlardan foydalaniladi. Iste’mol qilinadigan ne’mat turiga bog’liq ravishda moddiy ne’matlarni va xizmatlarni iste’mol qilish ajratiladi.
Individual yoki jamoa bo’lib iste’mol qilish ham farqlanadi. Alohida oila yoki jamiyat a’zolarining ixtiyorida bo’lgan moddiy ne’matlarni iste’mol qilish individual iste’molga jamiyat a’zolarining guruhlari moddiy ne’mat va xizmatlardan foydalanishi jamoa bo’lib iste’mol qilishga kiradi.
Iste’mol fondi mablag’laridan butun iqtisodiyot doirasida band bo’lgan xodimlarning moddiy va madaniy ehtiyojlarini, shu jumladan boshqarish va mudofaa ehtiyojlarini qondirish uchun foydalaniladi. U butun aholining shaxsiy iste’molini, aholiga ijtimoiy xizmat qiladigan muassasalardagi, shuningdek, ilmiy muassasalar va boshqarishdagi moddiy sarflarni o’z ichiga oladi.
Iste’mol fondining shaxsiy daromad shaklida xodimlar qo’liga kelib tushadigan qismi iste’molchilik sarflari maqsadida ishlatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |