3.Markaziy bankning inflatsiyani targetlash siyosati
Pul-kredit siyosatining inflyatsion targetlash rejimida markaziy bank tomonidan inflyatsiyaning o‘rta muddatli maqsadli darajasi e’lon qilinadi va pul-kredit instrumentlari ushbu inflyatsiyaning maqsadli ko‘rsatkichiga erishishga yo‘naltiriladi. Pul-kredit siyosatini amalga oshirishning mazkur usuli ko‘pginarivojlangan hamda rivojlanayotgan mamlakatlarda keng qo‘llanilib kelinmoqda. Inflyatsion targetlash rejimi inflyatsiya darajasining o‘zgaruvchanligi va inersion davomiyligini kamaytirishning samarali usuli hisoblanib, o‘rta muddatli istiqbolda barqaror va muvozanatli iqtisodiy o‘sishga erishish uchun kulay sharoitlarni yaratadi.Inflyatsion targetlash rejimi dastlab 1989 yilda Yangi Zelandiyada amaliyotga joriy qilingan. Bugungi kunga kelib dunyoning 30 dan ortiq davlatlari, jumladan, Avstraliya, Argentina, Braziliya, Buyuk Britaniya, Gruziya, Isroil, Hindiston, Kanada, Polsha, Turkiya, Shvetsiya, Yaponiya, Chexiya kabi davlatlarpul-kredit siyosatining mazkur rejimidan foydalaniladilar.MDH mamlakatlari orasida Armaniston va Rossiyada inflyatsion targetlash rejimi qo‘llanmoqda. Qozog‘iston va Belarus Respublikasi markaziy banklari tomonidan o‘rta muddatli istiqbolda inflyatsion targetlash rejimiga o‘tish rejasi va dasturlari e’lon qilingan.Pul-kredit siyosatini yuritishda inflyatsion targetlash rejimining tanlanilishi ushbu rejimning afzalliklari bilan bir qatorda valyuta kursi yoki pul agregatlarini targetlash rejimlarida kuzatilgan qator muammolar bilan izohlanadi.
Markaziy bankning pul-kredit siyosatining maqsadlari va asosiy yo’nalishlari, shuningdek inflyatsiyaning maqsadli ko’rsatkichlariga erishish bo’yicha majburiyatlarining aniq belgilanishi jamiyatda ijobiy iqtisodiy kutilmalarning shakillanishiga xizmat qiladi.
Inflyatsion targetlash rejimida inflyatsiya bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlarga erishishda markaziy bankning yuqori darajadagi mustaqilligi talab qilinadi. Bunda makroiqtisodiy sharoitlarning o‘zgarishlariga tezkor moslashuvchanlik imkoniyatining mavjudligi markaziy bankka iqtisodiyotdagi ichki muammolarga e’tibor qaratishiga imkoniyat yaratadi. Mazkur rejimda markaziy bank faoliyatishaffofligining oshishi aholining inflyatsiya kutilmalarini pasayishiga hamda markaziy bankka bo‘lgan ishonchi mustahkamlanishiga olib keladi. Shu bilan birga, ushbu rejimga o‘tish va uni samarali amalga oshirish mamlakatda muhim tashkiliy-huquqiy va makroiqtisodiy sharoitlar majmuini talab qiladi. Xususan, past va barqaror inflyatsiya darajasiga erishish vazifasi markaziy bankning pul-kredit siyosatini amalga oshirishdagi nafaqat rasman balki amalda ham bosh maqsadi bo‘lishi kerak.
Markaziy bank oraliq mo‘ljal sifatida xizmat qiluvchi narxlar dinamikasidagi o‘zgarishlar prognozi asosida inflyatsiya bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichga erishish yuzasidan majburiyat oladi. Boshqa makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar (iqtisodiy o‘sish, pul massasi, ayirboshlash kursi va boshqalar) bo‘yicha maqsadli mo‘ljallar rasmiy ravishda qabul qilinmaydi. Bunda markaziy bank amaldagi inflyatsiya darajasi va kutilayotgan narxlar dinamikasiga baho berishda ishonchli tahliliy va prognozlashtirish bazasiga ega bo‘lishi talab etiladi. Tahlillarning sifatli bo‘lishi ko‘p jihatdan, ichki bozordagi narxlarning real dinamikasini o‘zida aks ettiruvchi ishonchli va batafsil statistik ma’lumotlarning mavjudligini talab etadi. Inflyatsion targetlash rejimining samaradorligi ko‘p jihatdan, markaziy bankning inflyatsiya bo‘yicha miqdoriy mo‘ljallarni belgilash va pul-kredit instrumentlarini tanlashdagi mustaqilligi darajasi bilan bog‘liq. Shuningdek, bu rejimni qo‘llashda fiskal siyosatning pul-kredit siyosatidan ustunlik qilmasligi, ya’ni pul-kredit siyosatining soliq-byudjet sohasidagi maqsadlarga qaratilmasligi talab etiladi. Inflyatsion targetlash rejimida inflyatsiya bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlarga erishishda aholi va biznes vakillarining inflyatsion kutilmalari muhim ahamiyat kasb etishi tufayli olib borilayotgan pul-kredit siyosatiga jamiyatning ishonchini mustahkamlash dolzarbvazifalardan biri hisoblanadi. Bunda markaziy bank faoliyatining shaffofligi hamda aholi bilan muloqot tizimining kuchaytirilishi yuqoridagi vazifalar ijrosini ta’minlashga xizmat qiladi. Xususan, markaziy bank doimiy ravishda statistic
ma’lumotlarni chop etib, maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish yuzasidan ko‘rilayotgan
choralar to‘g‘risida jamiyat va iqtisodiyotning real sektori ishtirokchilarini xabardor qilib boradi. Inflyatsion targetlash rejimida markaziy bankning foiz stavkasi pul-kredit siyosatining asosiy instrumenti bo‘lganligi uchun mazkur rejimning natijadorligi mamlakatdagi moliya institutlari va bozorlarining rivojlanganlik darajasiga bog‘liq hisoblanadi. Bunda, markaziy bank pul bozoridagi foiz stavkalari darajasi va dinamikasiga likvidlikni taqdim etish yoki likvidlikni qaytarib olish operatsiyalari orqali ta’sir ko‘rsatadi. Mazkur holatda,markaziy bank tomonidan belgilanadigan inflyatsiya o‘zgarishining oraliq intervali amal qilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Markaziy bank tomonidan asosiy e’tibor maqsadli ko‘rsatkichlarning mazkur interval doirasida bo‘lishini ta’minlashga qaratiladi. Ushbu parametrlar bajarilmagan holatlarda markaziy bank tomonidan tafovutlarning sabablariga tushuntirish berilishi va keyingi davrda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan choralar xususida aniq pozitsiya shakllantirilishi lozim. Shu bilan birga, xorijiy mamlakatlar tajribasida inflyatsion targetlash rejimi qo‘llanilishining tahlili mazkur rejimni amaliyotga joriy etish jarayonida qator muammoli holatlar mavjudligini ko‘rsatmoqda. Xususan, rivojlanayotgan va MDH mamlakatlarida inflyatsiyaga ta’sir qiluvchi asosiy omillar nomonetar xususiyatga egaligi hamda ularning markaziy bank nazorati doirasidan tashqarida ekanligi pul-kredit siyosati instrumentlarini qo‘llash samaradorligini sezilarli darajada cheklaydi. Shuningdek, maqsadli ko‘rsatkich sifatida haqiqiy vaziyatni o‘zida aks ettiruvchi narxlar indeksining tanlanishi ham inflyatsion targetlash rejimini qo‘llashning yana bir muhim talablaridan hisoblanadi. Ayrim mamlakatlarda iste’mol baholari indeksi (IBI) o‘rniga jahon bozorlaridagi narxlar o‘zgarishi, ma’muriy o‘rnatiladigan narxlar, mavsumiylik kabi qator omillarni istisno etuvchi indekslardan foydalaniladi. O‘zgartirilgan ko‘rsatkichlarning qo‘llanilishi rasmiy IBI yoki YaIM deflyatori bilan tafovutlarning kelib chiqishi xatarlarini oshiradi7.
Inflyatsion targetlash rejimining amaliyotga joriy qilish xususiyatlari turli mamlakatlarda bir-biridan farqlansa-da, umuman olganda, erishilgan natijalar mazkur usulning rivojlangan mamlakatlar, shuningdek, o‘tish davri iqtisodiyoti mazkur usulning rivojlangan mamlakatlar, shuningdek, o‘tish davri iqtisodiyoti mamlakatlarida samarali bo‘lganligidan dalolat beradi.
Inflyatsion targetlash rejimining joriy qilinishi iqtisodiy siyosatni kengko‘lamda takomillashtirishni talab etadi. Misol uchun, Lotin Amerikasida inflyatsion targetlashning qo‘llanilishi soliq-byudjet siyosatining ham qayta ko‘ribchiqilishini taqozo qilgan. Shuningdek, inflyatsion targetlash rejimini amaliyotga joriy qilgan mamlakatlarda makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar sifatining yaxshilanishi, markaziy bankning texnik hamda tahliliy-prognozlashtirish imkoniyatlarining oshishi kuzatiladi. Inflyatsion targetlashning natijadorligi ko‘p jihatdan pul-kredit siyosati foiz kanali samaradorligiga bog‘liqligini inobatga olib, xorijiy mamlakatlarda asosiy e’tibor moliya tizimini rivojlantirish va barqarorligini ta’minlashga qaratilmoqda.
Barqaror iqtisodiy rivojlanish va makroiqtisodiy siyosatni amalga oshirish usullarining bozor instrumentlaridan foydalanish asosida tubdan qayta ko‘ribchiqilishi munosabati bilan ichki bozordagi narxlar barqarorligini ta’minlash pul-kredit siyosatining bosh maqsadi sifatida belgilandi. Bunda inflyatsiya sur’atini pasaytirish va uni past darajada saqlab turish o‘rta muddatli istiqbolda makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda asosiy shart sifatida qaraladi. Ichki valyuta bozorining liberallashtirilishi pul-kredit siyosatining tamoyil va usullarini bosqichma-bosqich inflyatsion targetlashga qaratish uchun zarur bo‘lgan asosni yaratadi. O‘rta va uzoq muddatli istiqbolda narxlar barqarorligini ta’minlashda inflyatsion targetlash samarali usul hisoblanadi. O‘zbekiston sharoitida inflyatsion targetlash rejimining tanlanishi qator sabablar bilan izohlanadi. Birinchidan, bugungi kunda inflyatsion targetlash pul-kredit siyosatining ta’sirchan rejimi sifatida o‘zini namoyon qilib, o‘rta muddatli istiqbolda narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadiga eng muvofiq keluvchi rejim hisoblanadi. Ikkinchidan, monetar agregatlar yoki valyuta almashuv kursini targetlash kabi rejimlarning amaliyotga qo‘llanilishi tajribasi ularning O‘zbekiston sharoiti va zamonaviy talablarga mos kelmasligini ko‘rsatmoqda. Xususan, valyuta almashuv kursini targetlash rejimida kursning doimiy tarzda maqsadli darajada saqlab turilishi xalqaro rezervlarni sezilarli darajada kamaytirib, valyuta inqirozining kelib chiqish xatarini oshiradi. Valyuta almashuv kursini targetlash rejimida valyuta kursini mos ravishda o‘zgartirish orqali tashqi salbiy ta’sirlarni mo‘tadillashtirish imkoniyati cheklanadi. Bundan tashqari, mazkur rejimda Markaziy bankning asosiy e’tibori faqatgina valyuta almashuv kursining maqsadli darajasini ta’minlashga qaratilishi tufayli ichki maqsadlarga qaratilgan mustaqil pul-kredit siyosatini amalga oshirish imkoniyati cheklanadi. Boshqa tomondan, iqtisodiyotni liberallashtirish va tarkibiy o‘zgartirish, shuningdek, xufyona iqtisodiyotning sezilarli darajada mavjud bo‘lishi sharoitlarida pul agregatlarining keskin o‘zgarishi kuzatilishi mumkin. Bu esa, o‘z navbatida, monetar targetlash rejimi doirasida maqsadli ko‘rsatkichlarni o‘rnatish va unga erishish vazifasini murakkablashtiradi. Shu bilan birga, pul agregatlari va inflyatsiya orasidagi barqaror bog‘liqlikning pasayishi monetar targetlash rejimi samaradorligini kamaytiradi. Mamlakatimizda valyuta siyosatini liberallashtirish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar hamda narxlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha aniq maqsadlarning belgilanishi inflyatsion targetlashga o‘tish uchun tayanch shart-sharoitlar yaratadi.
Xalqaro tajribaga asosan, inflyatsion targetlash rejimiga o‘tish quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha makroiqtisodiy sharoitlar mavjudligini va kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishini talab qiladi:
pul-kredit siyosatini yuritish, ya’ni transmission mexanizm samaradorligini oshirish;
valyuta bozori faoliyatini yanada liberallashtirish va takomillashtirish;
pul-kredit siyosatining mavjud instrumentlarini takomillashtirish va yangi zamonaviy bozor instrumentlarini joriy etish;
banklararo pul bozori faoliyatining shaffofligini oshirish va rivojlantirish;
makroiqtisodiy prognozlash va tahlil qilish salohiyatini mustahkamlash;
pul-kredit siyosatining pirovard maqsadi va qo‘llaniladigan instrumentlar to‘g‘risida keng jamoatchilikni xabardor qilish maqsadida pul-kredit siyosatining aniqligi va shaffofligini oshirish;
kommunikatsion siyosatni takomillashtirish;
Markaziy bankning institutsional bazasini rivojlantirish;
moliya bozorini, shu jumladan, davlat qimmatli qog‘ozlar bozorini rivojlantirish;
makroiqtisodiy siyosatni samarali muvofiqlashtirish;
iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida tarkibiy islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish.
Umuman olganda, inflyatsion targetlashga o‘tish pul-kredit siyosatining barcha asosiy yo‘nalishlarini tubdan qayta ko‘rib chiqish va takomillashtirishni talab qiladi. Ushbu konsepsiyada nazarda tutilgan tadbirlarning bosqichma-bosqich amalga oshirilishi bozor mexanizmlari va instrumentlari asosida pul-kredit siyosati samaradorligini oshirish bo‘yicha strategik vazifalar bajarilishi uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Pul-kredit siyosatini amalga oshirish va rivojlantirish bo‘yicha ushbu Konsepsiya o‘z ichiga 2018-2021 yillar uchun mo‘ljallangan chora-tadbirlar “yo‘l xaritasi”ni qamrab oladi. Mazkur yo‘l xaritasini ishlab chiqishda asosiy e’tibor inflyatsion targetlashning mexanizm va tamoyillarini o‘rta muddatli istiqbolda samarali joriy qilish uchun zaruriy shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha choralarni amalga oshirishga qaratildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |