231
ularni baholashi bilan belgilanadi. San’at qadriyatlarning qadrlanishini va qadrsizlangan qadriyatlarni
ko‘rsatib beradi, bir odam yoki bir necha odam timsolida odam bilan olamning yaxlit, umumlashgan
qiyofasini yaratadi, ularning uyg‘unligini ta’minlaydi. U kishini yashashga o‘rgatadi, go‘zallikka da’vat
etadi, ma’naviy yuksaltiradi. SHu sababli insoniyat tarixida san’atsiz yashab o‘tilgan birorta ham davr yo‘q.
Faylasuf-nafosatshunoslar o‘rtasida san’atning kelib chiqishi muhim muammolardan bo‘lib kelgan.
San’atning kelib chiqishi deganda ko‘pchilik g‘orlarning tosh davrlariga ibtidoiy davrlarda chizilgan ov
manzalari va ov hayvonlarining tasvirini nazarda tutadi. Vaholanki gap bu erda san’atning qanday paydo
bo‘lganligi emas, balki nimadan paydo bo‘lganligi to‘g‘risida borishi kerak. Ba’zilar uni taqliddan, bosh:
erotik hissiyotlardan, kimlardir o‘yindan, kimdir mehnatdan kelib chiqqan deb hisoblaydilar. Bunday
nazariyalar va konsepsiyalar anchagina, lekin ular orasidagi ikkitasining tarafdorlari ko‘pchilikni tashkil
etadi. Ulardan biri – insonni hayvonlik darajasidan odamlik pog‘onasiga ko‘targan narsa mehnat, san’at
ham mehnatdan, insonning olamni o‘zgartirishga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqqan, san’at faqat ijtimoiy
hodisa degan moddiyatchilar ilgari surgan qarash. Ikkinchisi – san’at insonga berilgan ilohiy zavqning,
ma’naviy olamning o‘yin orqali namoyon bo‘lishi, degan ma’naviyatchilar nazariyasi. Biz ana shu ikkinchi
qarash tarafdorimiz. Buning sababi shuki, mehnat, qanchalik qadrlamaylik, qanchalik sharaflamaylik, u –
majburiyat bilan bog‘liq, maqsadga yo‘naltirilgan ijtimoiy hodisa, o‘yin esa har qanday majburiyatdan
yiroq, maqsadga muvofiqlik bilan shartlanadigan individual-ijtimoiy hodisa. Demak, mehnat –zaruriyat,
o‘yin – erkinlik. Inson mohiyatan erkin va erkinlikka intilib yashaydigan mavjudot sifatida o‘z erkinligini
eng avvalo o‘yinda namoyon qiladi. O‘yinsiz insonning yashashi mumkin emas, usiz inson hayoti
jahannam. Bu o‘rinda yana bir bor SHillerning mashhur fikrini keltirish o‘rinli: «Inson faqat tom ma’noda
inson bo‘lgandagina o‘ynaydi va o‘ynayotgan paytdagina to‘liq insonga aylanadi.
O‘yin nazariyasining XX asrda eng yirik namoyandasi niderlandlik faylasuf – nafosatshunos YOxon
Huyzinga o‘zining «Homo ludens» (O‘ynayotgan odam) asarida o‘yin umumbashariy madaniyat vujudga
kelishining va taraqqiy topishining sharti degan g‘oyani ilgari suradi. SHopenhauer uchun «ixtiyor atamasi
qanday ahamiyatga ega bo‘lsa, Huyzinga uchun «o‘yin» tushunchasi shunday qamrovli, o‘yin hayvonot
olamida ham, insoniyat jamiyatida ham ibtidolar ibtidosi: «Huquq, go‘zallik, haqiqat, ezgulik, ruh, Xudo
singari deyarli barcha mavhum tushunchalarni inkor etish mumkin, - deb yozadi faylasuf. – Jiddiylikni
inkor etsa bo‘ladi. O‘yinni esa – yo‘q». Boshqa bir o‘rinda to‘g‘ridan-to‘g‘ri «o‘yin erkindir, o‘yin
erkinlikdir», degan fikrini bildiradi.
SHuni aytish kerakki, hayvonot olamidagi o‘yinning insoniyat jamiyatidagi o‘yindan farqi bor.
Insonning o‘yini esa, ma’naviy hodisa, to‘g‘rirog‘i, ijtimoiylashgan ma’naviyat, u eng avvalo estetik
ehtiyojni qondirishga qaratilgan.O‘yinning inson hayotidagi barcha sohalarda ishtirok etishini, uning rang-
barangligi, qamrovligi, universalligini va erkinlik bilan bog‘liqligini o‘zbek tilidagi «o‘yini o‘zagidan
yasalgan so‘zlarining ko‘pma’noliligida, ham ko‘rishimiz mumkin. SHu o‘zakdan yasalgan so‘z va
iboralardan bir nechasini keltiramiz: shaxmat o‘yini; so‘z o‘yini; «siyosatchining» o‘yini, aktyor o‘yini;
«o‘rtaga, chiqib o‘ynab ketdi», «yuragi o‘ynab ketdi», «ko‘zi o‘ynab ketdi»; «dorbozlar yaxshi o‘yin
ko‘rsatadi»; «Salim kechagi to‘yda toza o‘yin ko‘rsatdi». v.h.
Ma’lumki, hech qanday o‘yin jarayoni bir kishi ishtirokida ma’noga ega bo‘lmaydi, u o‘yin emas.
O‘yinning, o‘yin bo‘lishi uchun kamida ikki odam kerak. CHunki unda inson o‘zini, biror bir sohadagi
mahoratini boshqalarga ko‘rsatadi, o‘z imkoniyatlarini o‘zgalarga namoyish etadi. Demak, o‘yin-
jamoaviylik bilan o‘yin; bir o‘zi uchun o‘ynagan odam esa, odatda aqldan ozgan hisoblanadi. San’at ham
shunday: u yo o‘quvchiga, yo tinglovchiga, yo tomoshabinga mo‘ljallangan bo‘ladi, bu – san’atning yashash
sharti.
O‘yin beg‘arazlikni talab qiladi, g‘arazli manfaat aralashdimi, demak, o‘yin – yo‘qqa chiqadi, hatto,
yuzaki qaraganda, maqsadga yo‘naltirilgan sport o‘yinlarida ham muhimi hisob emas, o‘yin ko‘rsatish.
Do'stlaringiz bilan baham: |