1-§. Bozor iqtisodiyotiga o’tish umumiqtisodiy jarayon
Kishilik jamiyati tarixiy taraqqiyoti tovar xo’jaligi bag’rida bozor iqtisodiyoti vujudga
kelib, borgan sari rivojlanib borishini ko’rsatdi. XVII—XVIII asrlarga kelib, insoniyat xususiy
mulkchilikka asoslangan bozor iqtisodiyotiga o’tdi. Iqtisodiyotda unga xos bo’lgan tub belgilar
sekin-asta shakllanib, pirovard natijada qator afzalliklar hamda ayrim kamchiliklar bo’lgan
hozirgi zamon bozor iqtisodiyotiga xos yaxlit iqtisodiy tizim tashkil topdi.
Dastlab, yakka xususiy mulk monopoliyasi hukmron bo’lib, kapitalistik jamiyatga xos
ziddiyatlar kuchaygan XIX asr o’rtalarida marksistik g’oya vujudga keldi. Bu g’oyaga binoan
jamiyat a’zolarining farovon yashashi, adolat o’rnatilishi uchun adolatsizlikning bosh manbai —
xususiy mulkchilik yo’qotilishi lozim edi. Shu g’oyaga binoan sobiq Ittifoq va boshqa ayrim
mamlakatlarda xo’jalik yuritishning alternativ varianti tarzida ma’muriy-buyruqbozlik, markaziy
rejalashtirishga asoslangan xo’jalik yuritish vujudga keldi.
Bu xo’jalik yuritish shaklida:
a) xususiy mulkchilikni yo’qotish;
b) bozor — tovar — pul munosabatlarini tugatish;
v) ne’matlar va resurslarni taqsimlashning bozor mexanizmi o’rniga ijtimoiy
mulkchilikka asoslangan davlat taqsimoti va nazoratini o’rnatish;
g) har bir kishining yaratilgan ne’matlardagi ulushini qilgan mehnatiga qarab belgilash,
mehnat miqdorini esa ish vaqti asosida aniqlash ko’zda tutildi.
Tarixiy paradoks shundaki, marksizmning asosiy kontseptsiya-
si — insonni nurli kelajakka olib borishning nazariy jihatdan ilgari surilgan g’oyasi bilan tarixiy
tajribada erishilgan natija keskin farq qildi. Tarixiy tajriba ijtimoiy mulkchilikka bir markazdan,
reja asosida boshqarishga asoslangan iqtisodiyot sarob ekanligini ko’rsatdi. Shunday bo’lishi
muqarrar edi. Sababi, xususiy mulkchilikka barham berib, ijtimoiy, ya’ni davlat mulki
monopoliyasini o’rnatilishi bozor munosabatlarini cheklash, monopolizmni vujudga keltirish va
bozor iqtisodiyotini harakatga keltiruvchi asosiy kuch bo’lgan raqobatni yo’qolishiga olib keladi.
Bozor iqtisodiyotida yuqori darajada bajarilgan ishni rag’batlantirish mehnat bozoridagi
raqobat orqali hal etiladi. Aynan mehnat bozoridagi raqobat mehnatning yuqori unumdorligi va
ish sifatini ta’minlaydi. Ishlab chiqaruvchilar o’rtasidagi raqobat esa xarajatlarni pasaytirish,
mahsulot sifatini yaxshilashga olib keladi. Narxlarning erkinligi esa zarur tovar va xizmatlar
mo’l-ko’lligini ta’minlaydi.
Ma’muriy buyruqbozlikka asoslangan xo’jalik yuritishda ish
haqi markazlashgan tarzda stavkalar asosida reja bo’yicha belgilangan.
Iqtisodiy rag’batlantirishdan ko’ra mehnatga majbur qilish ko’proq rol o’ynagan.
Korxonalarda mablag’larni muqobil ishlatishning iloji yo’q, chunki butun faoliyat rejadan
chiqmasligi kerak edi.
Zarar keltiradigan korxonalarning bankrot bo’lish xavfi yo’qligi ularning samarali ishlash
zaruratini yo’qqa chiqardi. Zarar keltiradigan korxonalar dotatsiya olar, foyda keltiradiganlar
mablag’i byudjetga o’tkazilardi. Foydaning rag’batlantiruvchi roli yo’qqa chiqarildi. Asosiy
maqsad direktiv reja topshiriqlarini bajarishga qaratildi. Xar bir korxonaning ish faoliyatiga
rejani bajarishga qarab baho berildi.
Belgilangan narxlarning qat’iyligi ham samarasiz xarajatlar ko’payishiga olib keldi.
Ikkinchi tomondan, taqchillikning asosiy sabablaridan biriga aylandi.
Bozor iqtisodiyoti esa demokratiyaga asoslangan. Iqtisodiy demokratiyaning asosiy
bozor. U iqtisodiyotdan tortib jamiyat hayotining siyosiy, huquqiy-ma’naviy tomonlarigacha
demokratlashuviga olib keladi.
Bozor munosabatlari tizimida shunday rag’batlantiruvchi kuch jamlanganki, u muttasil
iqtisodiy o’sish va sotsial rivojlanishni ta’minlaydi.
Bozor tizimining afzalligini Tailand, Taybey, Janubiy Koreya, Singapur kabi Osiyo
mamlakatlari ham namoyish etdi. Xozirgi paytda Xitoy, Sharqiy Germaniya (sobiq GDR),
Vetnam ham uning ustunligini ko’rsatmoqda.
Bozor iqtisodiyotiga o’tish tarixiy ob’ektiv zarurat bo’lib, kelajakda ravnaq topishning,
oqilona xo’jalik yuritishga erishishning yagona yo’li sifatida O’zbekiston ham bozor
iqtisodiyotiga o’tish yo’lini tanladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |