1.Banklarda ochiladigan hisobvaraqalar va ularning turlari.
Iqtisodiyot rivojlanib borgan sari turli mulkchilik shakllariga tegishli bo‘lgan korxona va tashkilotlar soni oshib, ular o‘rtasidagi iqtisodiy va boshqa munosabatlar ham ko‘payadi. Natijada ularga, xizmat ko‘rsatuvchi muassasalar salmog‘i ham o‘sib borishi tabiiy xoldir. Korxona va tashkilotlar o‘rtasidagi munosabatlarda vositachilik xizmatlarini bajarish banklar zimmasiga yuklatilgan. Buning uchun banklarimiz mijozlarga hisobvaraqlar ochib ularga tez va samarali xizmat ko‘rsatadilar.
Hozirgi kunda respublikamiz bank tizimi o‘z ichiga bir necha turdagi banklarni oladi. Bular aksiyador, xususiy, qo‘shma va davlat banklaridir. Bu tijorat banklarining har biri turli mulkchilik shakllariga tegishli bo‘lgan korxona, tashkilot, muassasalarga xamda yuridik maqomga ega bo‘lmagan tadbirkorlar va jismoniy shaxslarga xizmat ko‘satadi. Banklar tomonidan iqtisodiyotga xizmat ko‘rsatish jarayonida banklararo munosabatlar vujudga keladi. Banklararo munosabatlar banklararo xisob-kitoblar (oborotlar) orqali olib boriladi. Banklararo oborotlarni amalga oshirish uchun har mijozning alohida-alohida hisobvarag‘i bo‘lishi lozim. Buning natijasida bir bank xizmatidan foydalanuvchi korxonaning talab qiluvchiga saqlanadigan xisobvarag‘idan boshqa xisob varag‘iga xujjatda ko‘rsatilgan summa buxgalteriya yozuvlari orqali o‘tkaziladi.
“Naqd pulsiz hisob-kitoblarni tashkil etish” haqidagi Markaziy bank ko‘rsatmalariga asosan mulkchilik shaklidan qat'iy nazar, har bir korxona, tashkilot va muassasalar o‘z faoliyatlarini boshlashdan avval tijorat banklarining birida depozit hisobvaraqlarini ochishlari lozim.
Bank hisobvarag‘i – bank hisobvarag‘i shartonomasini tuzish orqali
bank mijoz hisobvarag‘iga kelib tushgan pul mablag‘larini qabul qilish va shu hisobvarag‘ga kiritish, mijozning hisobvarag‘idagi tegishli mablag‘larini o‘tkazish hamda hisobvaraq bo‘yicha boshqa operatsiyalar bajarishi to‘g‘risidagi farmoyishlarini bajarish vazifasini o‘z zimmasiga olishi natijasida bank bilan mijoz o‘rtasida vujudga keladigan xuquqiy munosibatlardir. Bank hisobvarag‘ini ochish O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2009 yil 27 aprelda 1948-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2009 yil 16 martdagi 7/2-sonli qarori bilan tasdiqlangan №697sonli “O‘zbekiston Respublikasi banklarida ochiladigan bank hisobvaraqlari to‘g‘risida”gi yo‘riqnomasi asosida tashkil etiladi.
Bank hisobvarag‘i shartnomasi bo‘yicha yuzaga keladigan munosibatlar “O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi” bilan tartibga solinadi. Mijozlar hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalar o‘tkazish tartibi Markaziy bankning me'yoriy hujjatlarida belgilab qo‘yiladi. Bu hujjatlarga amal qilish ularni qo‘llovchi barcha tomonlar uchun majburiydir.
Bank hisobvaraqlari quyidagi turlarga bo‘linadi:
• talab qilinguncha saqlanadigan (muddatsiz) depozit, hisobvaraqlari;
• jamg‘arma depozit hisobvaraqlari;
• muddatli depozit hisobvaraqlari;
• depozitlarning boshqa turlari (akkreditivlar bo‘yicha, muddatsiz, foizsiz depozitlar), bo‘yicha hisobvaraqlar;
• ssuda hisobvaraqlari.
1-rasm. Bank hisobvaraqlarining bo‘linishi2 .
Talab qilib olinguncha depozit hisobvaraqlari - hisobvaraqlarida yuridik va jismoniy shaxslarning kundalik maqsadlari uchun xoxlagan vaqtda talab qilib olishlari mumkin bo‘lgan mablag‘lari hisoblanadi. Ushbu hisob varagi bo‘yicha mijozlar o‘z hisob-kitoblarini amalga oshiradilar va bank tomonidan hisobvaraqqa xizmat ko‘rsatgani uchun xaqni shartnomada belgilangan miqdorda to‘laydi.
Jamgarma depozit hisobvarag‘i - davriy badalar asosida muayan maqsadni amalga oshirish uchun ma'lum miqdorda pul summasini jamlash maqsadida yuridik va jismoniy shaxslar nomiga ochiladi. Jismoniy shaxslarga jamg‘arma depozit hisobvarag‘i ochilganda bank jismoniy shaxsga bankning barcha operatsiyalari aks ettiriladigan omonat daftarchasini beradi. Hisobvaraq yopilgan takdirda omonat daftarchasi bankga qaytariladi. Yuridik shaxslarga jamgarma depozit hisobvaraqalari shartnoma asosida ochiladi va shaxsiy hisob varakalarida yuritiladi.
Muddatli depozit hisobvarag‘i - yurdik va jismoniy shaxslarga shartnomaga qat'iy kelishilgan foizlarni to‘lashga doir mablag‘larni saqlash uchun ochiladi.
Ssuda hisobvaraqi - bank tomonidan mijozlarga ssuda berilganda ochiladi. Ushbu hisobvaraqda berilgan ssudalar summasi aks ettirilib boriladi va qaytarilgandan so‘ng hisobvaraq yopiladi. Ssuda hisobraqai kredit kommisiyasi tomonidan kredit berish to‘grisida qaror qabul qilinganidan so‘ng kredit bo‘limi boshligi yoki xodimi tomonidan buxgalteriyaga ssuda hisobvaraqini ochish to‘grisidagi farmoyishidan so‘ngina ochiladi.
Yuqorida sanab o‘tilgan barcha hisobvaraqlarni ochish uchun bank va mijoz o‘rtasida bank hisobvarag‘i shartnomasi tuziladi. Shartnomada shartnoma raqami, uni tuzish sanasi, mazmuni, tomonlarning xuquq va majburiyatlari, bank tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan xaq miqdori va uni to‘lash usuli, shartnoma muddati, uni bekor qilish yoki o‘zgartirish tartibi, tomonlarning javobgarligi va boshqa qo‘shimcha shartlar ko‘rsatiladi. Shuningdek shartnomada bank va mijozning manzilgoxi hamda rekvizitlari ko‘rsatilishi lozim. Tijorat banklarida hisob-kitob operatsiyalari tez va sifatli, mijozlarning manfaatlari va istaklarini hisobga olgan holda qulay va yengil amalga oshirilishi lozim. Zamonaviy texnologiyalarning qo‘llanishi va bank xodimlarining yuksak malakasi bank ishini yuritishning xalqaro standartlariga mos va hisob-kitob, kassa xizmatining eng yaxshi sifatda bajarilishini kafolatlaydi.
Hozirgi kunda respublikamiz tijorat banklari har bir mijozga xususiy yondashuv usulida xizmat ko‘rsatadi, xizmat ko‘rsatishning yuksak sifatini hamda to‘lovlarning kam vaqt sarflab tezda o‘tkazilishini ta'minlaydi.
Hozirgi kunda tijorat banklari yuridik shaxs bo‘lgan mijozlarga va xususiy tadbirkorlarga hisob-kitob operatsiyalarini milliy valyutada o‘tkazish hamda hisob-kitob, kassa opreasiyalarining barcha turlaridan foydalanish imkoniyatini yaratib beradi:
• hisobvaraqlarni ochish va ularga xizmat ko‘rsatish;
• naqd pulsiz hisob-kitoblarni bajarish;
• "E-Banking" tizimidan foylangan holda hisobvraqlar bo‘yicha operatsiyalar o‘tkazish;
• kassa xizmatini ko‘rstaish;
• naqd pul mablag‘larini inkassasiya qilish;
• dunyoning istalgan mamlakatiga to‘lovlarni qisqa muddatlarda o‘tkazish;
• xususiy xizmat ko‘rsatish va maslahat berish.
Tijorat banklari hisobvarqni ochish taomili qulay va yengil bo‘lishi uchun barcha shart-sharoitlarni ko‘zda tutishga harakat qilgan. Mijozlarga qulay bo‘lishi uchun bank xodimlari hisob raqami ochish uchun barcha zarur hujjatlarni o‘zlari to‘ldirishadi, shuningdek hujjatlardan nusha ko‘chirib berishadi.
Tijorat banklarida mijozlarga milliy va xorijiy valyutalarda hisobvaraq ochilishi mumkin. Bular bilan tanishib chiqsak ular quyidagicha :
1. Tadbirkorlik faoliyati sub'ektlari bo‘lgan rezident yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda dehqon xo‘jaliklari tomonidan milliy valyutada talab qilib olinguncha depozit hisobvaraqlari ochish uchun bankka quyidagi hujjatlar taqdim qilinadi:
a) hisobvaraq ochish to‘g‘risida ariza;
b) tijorat faoliyati uchun mo‘ljallangan tovarlarni xorijdan olib keluvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan - yashash joyi bo‘yicha davlat soliq xizmati organi tomonidan berilgan Tijorat faoliyati uchun mo‘ljallangan tovarlarni olib keluvchi yakka tartibdagi tadbirkor davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi;
v) davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning nusxasi;
g) imzolar namunalari va muhr izi qo‘yilgan xamda notarial tasdiqlangan ikki dona varaqcha.
Tadbirkorlik faoliyati sub'ekti bo‘lmagan rezident yuridik shaxslar hamda Byudjetdan mablag‘ oluvchilar tomonidan milliy valyutada talab qilib olinguncha depozit hisobvaraqlari ochish uchun bankka quyidagi hujjatlar taqdim qilinadi:
a) hisobvaraq ochish to‘g‘risida ariza;
b) statistika organlari tomonidan berilgan Korxona va tashkilotlarning yagona davlat ro‘yxatiga kiritilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning nusxasi;
v) imzolar namunalari va muhr izi qo‘yilgan xamda notarial tasdiqlangan ikki dona varaqcha.
Rezident yuridik shaxslarning vakolatxonalari va filiallariga talab qilib olinguncha depozit hisobvaraqlari ochish uchun vakolatxona va filiallar tomonidan bankka quyidagi hujjatlar taqdim qilinadi:
a) hisobvaraq ochish to‘g‘risida ariza;
b) yuridik shaxsning iltimosnomasi (iltimosnomada yuridik shaxsning “Soliq to‘lovchining identifikasiya raqami” va “Xos raqami” ko‘rsatilgan bo‘lishi shart);
v) imzolar namunalari va muhr izi qo‘yilgan xamda notarial tasdiqlangan ikki dona varaqcha.
Rezident va norezident jismoniy shaxslar tomonidan milliy valyutada talab qilib olinguncha depozit hisobvaraqlari ochish uchun bankka hisobvaraq ochish to‘g‘risida ariza hamda shaxsni tasdiqlovchi hujjat (pasport va unga tenglashtirilgan hujjatlar) taqdim qilinadi. Hisobvaraq ochish uchun ariza jismoniy shaxslar tomonidan shaxsan taqdim etilishi lozim, qonun hujjatlarida ko‘zda tutilgan hollar bundan mustasno.
Yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va jismoniy shaxslar tomonidan jamg‘arma va muddatli depozit hisobvaraqlarini ochish uchun tegishli shakldagi ariza taqdim qilinadi.
Bunda, jismoniy shaxslar tomonidan qo‘shimcha ravishda shaxsni tasdiqlovchi hujjat shaxsan taqdim qilinadi.
Yuridik shaxslar boshqa banklarda ikkilamchi talab qilib olinguncha depozit hisobvarag‘ini ochishda ham asosiy hisobvaraq ochish uchun taqdim etiladigan barcha hujjatlarni taqdim etishlari shart.
Asosiy hisobvaraq ochilgan bankda qo‘shimcha ravishda milliy valyutada ikkilamchi talab qilib olinguncha depozit hisobvarag‘i ochilishiga yo‘l qo‘yilmaydi, markazlashtirilgan manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan maqsadli tadbirlar uchun hamda qonunchilik hujjatlari asosida ochiladigan ikkilamchi depozit hisobvaraqlar bundan mustasno.
Boshqa depozit hisobvaraqlarini ochish tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
Mijozlar tomonidan chet el valyutalarida hisobvaraqlar ochish uchun bankka quyidagi hujjatlar taqdim qilinadi:
a) tadbirkorlik faoliyati sub'ektlari tomonidan
hisobvaraq ochish to‘g‘risida ariza;
tijorat faoliyati uchun mo‘ljallangan tovarlarni xorijdan olib keluvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan - yashash joyi bo‘yicha davlat soliq xizmati organi tomonidan berilgan Tijorat faoliyati uchun mo‘ljallangan tovarlarni olib keluvchi yakka tartibdagi tadbirkor davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi;
davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning nusxasi;
imzolar namunalari va muhr izi qo‘yilgan xamda notarial tasdiqlangan ikki dona varaqcha.
b) tadbirkorlik faoliyati sub'ekti bo‘lmagan rezident yuridik shaxslar, jumladan byudjetdan mablag‘ oluvchilar tomonidan
hisobvaraq ochish to‘g‘risida ariza;
statistika organlari tomonidan berilgan Korxona va tashkilotlarning yagona davlat ro‘yxatiga kiritilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning nusxasi;
imzolar namunalari va muhr izi qo‘yilgan xamda notarial tasdiqlangan ikki dona varaqcha.
v) norezidentlar (jismoniy shaxslar bundan mustasno) tomonidan;
hisobvaraq ochish to‘g‘risida ariza;
agar qonun hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliq to‘lovchining identifikasiya raqami berilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning nusxasi;
imzolar namunalari va muhr izi qo‘yilgan hamda notarial tasdiqlangan ikki dona varaqcha.
g) rezident va norezident jismoniy shaxslar tomonidan
Rezident va norezident jismoniy shaxslar tomonidan xorijiy valyutada talab qilib olinguncha depozit hisobvaraqlari ochish uchun bankka hisobvaraq ochish to‘g‘risida ariza hamda shaxsni tasdiqlovchi hujjat (pasport va unga tenglashtirilgan hujjatlar) taqdim qilinadi. Hisobvaraq ochish uchun ariza jismoniy shaxslar tomonidan shaxsan taqdim etilishi lozim, qonun hujjatlarida ko‘zda tutilgan hollar bundan mustasno.
Bunda, jismoniy shaxslar tomonidan qo‘shimcha ravishda shaxsni tasdiqlovchi hujjat shaxsan taqdim qilinadi va bank tomonidan ushbu hujjatlardan nusxa olinadi.
Mijozlarga bitta bankda ma'lum bir chet el valyutasida faqat bitta talab qilib olinguncha depozit hisobvaraq ochilishiga ruxsat etiladi.
Vakolatli banklarda rezident va norezident jismoniy shaxslarga arizada, kirim kassa orderida hamda omonat daftarchasida omonatchining familiyasi, ismi va otasining ismi ko‘rsatilmasdan, shuningdek, imzo namunasi rasmiylashtirilmay taqdim etuvchiga to‘lanadigan omonatlar bo‘yicha chet el valyutasidagi talab qilib olinguncha va muddatli depozit hisobvaraqlar “Vakolatli banklar tomonidan erkin ayirboshlanadigan valyutada mijozning ismi-sharifi so‘ralmaydigan usulda depozitlar bo‘yicha operatsiyalar bajarilishining tartibi to‘g‘risida”gi nizomga (ro‘yxat raqami 673, 1999 yil 15 mart) asosan ochilishi mumkin.
Shuningdek respublikamiz tijorat banklari amaliyotida xorijiy valyutada xisobvaraq ochish uchun quyidagi hujjatlar ham talab qilinadi.
«Asaka» Davlat-aksiyadorlik tijorat bankida yuridik shaxs bo‘lgan mijozlarga xorijiy valyutadagi hisobvaraqlarga xizmat ko‘rsatishning barcha turlaridan foydalanish imkoniyatini yaratib beradi.
• Valyuta mablag‘ali o‘tkazmalari;
• Naqd pullik amaliyotlar;
• Eksport-import kontraktlarini hisobga qo‘yish va hisobdan chiqarish;
• Eksport-import kontraktlari bo‘yicha qo‘shimcha kelishuvlarni hisobga qo‘yish va hisobdan chiqarish;
• Eksport bo‘yicha hisob-kitoblar to‘g‘risida ma'lumotnoma berish;
• Xorjiy valyutani konvertasiya (sotib olish/sotish) qilish;
• SVOP operatsiyalar;
• SPOT operatsiyalar;
• Hujjatli akkreditivlar;
• Bank kafolatlari.
«Asaka» Davlat-aksiyadorlik tijorat bankida hisobvarqni ochish taomili qulay va yengil bo‘lishi uchun barcha shart-sharoitlarni ko‘zda tutishga harakat qiladi. Mijozlarga qulay bo‘lishi uchun Bank xodimlari hisob raqami ochish uchun barcha zarur hujjatlarni o‘zlari to‘ldirishadi, shuningdek hujjatlardan nusha ko‘chirib berishadi.
Import kontraktini hisobga qo‘yish uchun zarur hujjatlar:
• Import kontraktini ro‘yxatga olish to‘g‘risida ariza;
• Import kontraktining asli va nushasi;
• Import kontraktining pasporti 3 nushada;
• Kontrakt O‘zbekiston Respublikasi TIA, investisiyalar va savdo vazirligida da ro‘yxatga olingani to‘g‘risidagi sertifikat (amaldagi
qonunchiligi talablariga muvofiq zarur bo‘lgan hollarda).
Eksport kontraktini hisobga qo‘yish uchun zarur hujjatlar:
• Eksport kontraktini ro‘yxatga olish to‘g‘risida ariza;
• Eksport kontraktining asli va nushasi;
• Kontrakt O‘zbekiston Respublikasi TIA, investisiyalar va savdo vazirligida da ro‘yxatga olingani to‘g‘risidagi sertifikat (amaldagi qonunchiligi talablariga muvofiq zarur bo‘lgan hollarda).
So‘mdagi pul mablag‘larini EAV ga kovertasiya qilish uchun zarur hujjatlar:
• Xorijiy sherik bilan tuzilgan va belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan Kontrakt (shartnoma, bitim) va uning bajarilishi to‘g‘risidagi ma'lumotlar (shuningdek, agar bo‘lsa, qo‘shimcha kelishuvlar);
• Import bitimi pasportining nushasi, tovarning kelib tushgani to‘g‘risidagi barcha belgilar bilan va belgilangan tartibda ro‘yyxatga olingan holda;
• Import kontrakti O‘zbekiston Respublikasi TIA, investisiyalar va savdo vazirligida da ro‘yxatga olingani to‘g‘risidagi sertifikat (agar bo‘lsa);
• Olib kirish varaqalari va YuBD (tavar haqiqatda yoki qisman kelib tushgan holatlarda), invoyslar (avvaldan to‘lov amalga oshirilganda);
• Zarur miqdordagi xorijiy valyutani sotib olish uchun so‘mdagi o‘z mablag‘larining mavjud bo‘lishi (vakolatli bank ma'lumotnomasi bilan tasdiqlanadi);
• Konvertasiya qilishga buyurtma O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan tasdiqlangan shaklda, 2 nushada.
Xorijiy investorlarning dividiendlari va boshqa daromadlarini repatriasiya qilinganda bankka qo‘shimcha tarzda quyidagilar taqdim etiladi:
• Foydani taqsimlash va dividendlarni to‘lash to‘g‘risidagi hujjat (aksiyadorlar umumiy yig‘ilishining qarori);
• Auditor firmasi yoki soliq organining xulosasi;
• Konvertasiya mablag‘larining hisob-kitobi;
• Dividanedlar bo‘yicha to‘lanadigan daromad solig‘ining soliq organi tomonidan tasdiqlangan hisob-kitobi va ushbu soliq to‘langanligining tasdiqnomasi.
Xorijiy valyutadagi kreditlarga, shu jumladan lizing bitimlariga xizmat ko‘rsatishda vakolatli bankka qo‘shimcha ravishda quyidagilar topshiriladi:
• Asosiy qarzni va foiz to‘lovlarini so‘ndirish jadqali (bank o‘tkazmalarning ko‘zda tutilayotgan va haqiqatla amalga oshiriladigan sanalarini ko‘rsatgan holda);
• Hukumat tomonidan olingan va kafolatlangan shartnomalar bo‘yicha, - huqumatlararo kelishuvning nushasi, Vazirlar Mahkamasining qarori yoki O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan beriilgan kafolat nushasi;
• Kafolatlanmagan shartnomalar bo‘yicha – kredit bitimi Markaziy bankda ro‘yxatdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi tasdiqnoma.
Xalqaro to‘lovlarni o‘tkazish uchun zarur shartlar:
• Bank hisobvaraqlarida pul mablag‘lari mavjudligi;
• To‘lov hujjatining mavjudligi (to‘lov topshiriqnomasi, valyuta mablag‘larini o‘tkazish uchun ariza);
Valyuta to‘lovlarini, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlari o‘rtasidagi to‘lovlarni amalga oshirganda O‘zbekiston Respublikasi valyuta qonunchiligi talablariga muvofiq hujjatlar taqdim etiladi;
• Bank tariflariga muvofiq xalqaro o‘tkazma uchun kimsiion haq to‘lanishini ta'minlash;
Akkreditiv ochish uchun quyidagilar talab etiladi:
• Akkreditivning asosiy summasini qoplash uchun yetarli mablag‘larning yoki kredit limitining o‘z valyuta hisobvarag‘ingizda, hamda belgilangan tariflarga muvofiq komission haqni to‘lash uchun yetarli so‘mdagi qo‘shimcha mablag‘larning mavjud bo‘lishi.
• Bankka akkreditiv ochish uchun to‘ldirilgan blankani taqdim etish.
• Bankda miport kontraktining mavjudligi.
Xorijiy valyutada hisobvarag‘ini ochish uchun yuridik shaxs quyidagilarni taqdim etishi shart:
• Davlat ro‘yxatidan o‘tganlik to‘g‘risidagi guvohnoma
• Ustav (notarial tasdiqlangan nusha)
• Ta'sis shartnomasi (notarial tasdiqlangan nusha)
• Lisenziyalar (agar bo’lsa)
• Vakolatli shaxslarning pasporti - asli (direktor va boshbuxgalter)
• Imzolar namunalari Varaqachalari (notarial tasdiqlangan)
Kredit shartnomasi kuchga kirgandan so‘ng keyingi bank ish kunidan kechiktirmasdan bank rahbari yoki rahbar tomonidan vakolat berilgan shaxs tomonidan beriladigan kreditning muddati, miqdori va foiz stavkasi ko‘rsatilgan holda, mijoz uchun ssuda hisobvarag‘i ochish to‘g‘risida buxgalteriyaga berilgan farmoyishga asosan shu ish kunidan kechiktirmasdan mijozga ssuda hisobvarag‘i ochiladi.
Mijozlarga hisobvaraq ochganda imzolar namunalari va muhr izi qo‘yilgan varaqcha ikki nusxada taqdim qilinadi. Varaqchaning bir nusxasi buxgalterda, ikkinchisi esa pul cheklarini rasmiylashtiruvchi nazoratchida turadi. Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning imzolari namunalari va muhr izi qo‘yilgan varaqcha notarial tasdiqlanadi. Ularning vakolatxona va filiallarining imzolari namunalari va muhr izi qo‘yilgan varaqchalari ham notarial tasdiqlanadi, tasdiqni talab qilmaydigan davlat muassasalari va norezident banklarning imzolar namunalari va muhr izi qo‘yilgan varaqchalari bundan mustasno.
Banklarda mijozlarning bir nechta hisobvaraqlariga xizmat ko‘rsatiladigan bo‘lsa, ulardan qo‘shimcha ravishda imzolar namunalari va muhr izi qo‘yilgan varaqchalari yuqorida ko‘rsatilgan tartibda talab qilinishi mumkin. Imzolar namunalari va muhr izi qo‘yilgan varaqchalarda hisobvaraqlarning raqamlari ko‘rsatiladi.
O‘zbekiston Respublikasi “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi Qonunining 8-moddasiga muvofiq, yuridik shaxs rahbari imzolar namunalari varaqchasiga kiritiladigan imzolash huquqiga ega bo‘lgan shaxslarning ikkita ro‘yxatini asosiy muhr bilan tasdiqlaydi.
Birinchi ro‘yxatga - rahbarlik vazifalarini amalga oshiruvchi shaxslar,
ikkinchisiga - buxgalteriya hisobi va moliyaviy boshqarish vazifalarini amalga oshiruvchi shaxslar kiradi. Imzolar namunasi va asosiy muhr izi qo‘yilgan varaqcha notarial tasdiqlanadi.
Yuridik shaxs maqomini olmasdan faoliyat ko‘rsatayotgan dehqon xo‘jaligi rahbari va yakka tartibdagi tadbirkorlar muhri bo‘lmagan hollarda, o‘zlarining notarial tasdiqlangan imzolari namunalarini taqdim qiladilar.
To‘lovga taqdim etiladigan cheklarning raqamlarini tekshirish maqsadida bank mijozlarga bergan pul cheklari raqamlarini mas'ul ijrochi va nazoratchilardagi mijozlarning imzolari hamda muhr izlari namunasi ko‘rsatilgan varaqchada qayd etiladi.
Mijozlar imzolarni bevosita o‘z qo‘llari bilan qo‘yishlari shart (faksimile imzo muhri qo‘yilishiga yo‘l qo‘yilmaydi).
Birinchi imzo huquqi ikkinchi imzo huquqiga ega bo‘lgan bosh buxgalter yoki boshqa shaxslarga berilishi mumkin emas.
Rahbar shaxslarga vaqtincha birinchi yoki ikkinchi imzo huquqi berilganda, shuningdek, rahbar tomonidan vakolat berilgan shaxslardan birortasi vaqtincha o‘zgarganda, vaqtincha vakolat berilgan shaxsning imzo namunasi qo‘yilib, amal qilish muddati ko‘rsatilgan qo‘shimcha varaqcha taqdim qilinadi. Ushbu vaqtinchalik varaqcha rahbar tomonidan imzolanib, muhr qo‘yiladi.
Imzolar namunalari va muhr izi qo‘yilgan varaqchaga yuridik shaxslarga berilgan asosiy muhr yoki yuridik shaxs filialining yoxud vakolatxonasining muhr izining namunasi qo‘yilishi shart. Maxsus maqsadlar uchun, masalan, “Paketlar uchun”, “Ruxsatnomalar uchun”, “Devonxona” va shu kabilarga mo‘ljallangan muhrlardan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Muhr almashtirilganda yoki yo‘qolib qolganda mijoz tomonidan birinchi va ikkinchi imzo huquqi berilgan shaxslar tomonidan rahbari va bosh buxgalteri (agar mijoz yakka tartibdagi tadbirkor yoki dehqon xo‘jaligi bo‘lsa – yakka tartibdagi tadbirkor yoki dehqon xo‘jaligi boshlig‘i) tomonidan imzolangan iltimosnoma asosida bank filiali rahbari tomonidan muhr tayyorlatish uchun zarur bo‘lgan muhlat beriladi. Ushbu muhlat bir kalendar' oydan oshishi mumkin emas. Bir vaqtning o‘zida u muhr bo‘lmagan vaqtda hisob-kitob-pul hujjatlarini rasmiylashtirish tartibini belgilaydi, vaziyatdan kelib chiqqan holda hujjatlar muhr izisiz topshirilishiga ruxsat beradi. Bunday hollarda bank rahbari yoki bosh buxgalteri imzolar namunalari va muhr izi qo‘yilgan varaqchaga tegishli qaydlarni kiritadi.
Yuridik shaxslar va yuridik shaxs tashkil etmasdan faoliyat ko‘rsatadigan dehqon xo‘jaliklari va yakka tartibdagi tadbirkorlarning yuridik manzili – ularning davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnomasida ko‘rsatilgan manzil hisoblanadi.
Jismoniy shaxsning manzili – uning shaxsini tasdiqlovchi yoki unga tenglashtirilgan hujjatda qayd etilgan ro‘yxatga olingan manzili hisoblanadi.
Hisobvaraq egasi o‘z manzilining o‘zgarganligi to‘g‘risida o‘zining hisobvarag‘iga xizmat ko‘rsatayotgan bankka besh ish kuni davomida yozma xabar berishi shart.
Yuridik shaxsning muhri o‘zgarganda, varaqchada ko‘rsatilgan imzolardan birortasi almashtirilganda yoki qo‘shilganda, hisobvaraq egasi notarial tasdiqlangan yangi imzolar namunalari va muhr izi qo‘yilgan varaqchani taqdim qiladi. Bekor qilingan imzolar namunalari va muhr izi qo‘yilgan varaqchalar yuridik shaxsning yuridik yig‘majildiga tikiladi.
Bank amaliyotida eng ko‘p ochiladigan talab qilib olinguncha saqlanadigan depozit hisobvaraqlariga alohida to‘xtalib o‘tamiz. Talab qilib olinguncha depozit hisob varag‘i mulkchilik shaklidan qat'iy nazar, jismoniy va yuridik shaxslarga ochiladi. Xususan, qishloq xo‘jaligi korxonalari va savdo tashkilotlarining o‘z mablag‘larini saqlash va joriy operatsiyalarni bajarishi uchun mo‘ljallangan maxsus hisobvaraqlari ham shular jumlasidandir.
Byudjet muassasalariga respublika va maxalliy byudjet hisobidan ajratiladigan mablag‘larni keltirish hamda shu mablag‘lardan foydalanish uchun ularga talab qilib olinguncha saqlanadigan depozit hisobvaraqlari ochiladi.
Ilgari xo‘jalik hisobida turuvchi korxonalarga ochiladigan hisobvaraqlar hisob-kitob hisobvarag‘i deyilar edi. Bank tizimi faoliyatining Jaxon standartlariga o‘tkazilishi munosabati bilan juda ko‘plab o‘zgarishlar kiritildi. Masalan, korxona va tashkilotlarning operatsiyalari o‘tkaziladigan hisob-kitob hisobvaraqlari “talab qilinguncha saqlanadigan depozit” hisobvaraqlari deb nomlandi. Bu hisobvaraqlarni raqamlash tartibi ham o‘zgardi. Mijozlar hisob-kitob va kassa xizmatlaridan foydalanish uchun banklarni mustaqil ravishda tanlaydilar. Mijozlar milliy va xorijiy valyutada talab qilinguncha saqlanadigan depozit hisobvaraqlarni o‘z xoxishlariga ko‘ra bitta yoki turli banklarda hisobvaraq ochishlari mumkin.
Barcha mijozlarga zarurat bo‘lgan taqdirda bir yo‘la bir necha bankda milliy valyutada mablag‘larni hisobga olib borish uchun talab qilinguncha saqlanadigan ikkilamchi depozit hisobvarag‘ini ochish mumkin. Ish xaqi va unga tenglashtirilgan barcha to‘lovlar asosiy depozit hisobvaraqlari orqali to‘lanishi shart. Ikkilamchi hisobvaraqlardagi mablag‘lar keyinchalik talab qilinguncha saqlanadigan asosiy depozit hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
Aniq maqsadlarga foydalanish uchun respublika va maxalliy byudjetlar hisobidan mablag‘ oladigan har bir xo‘jalik yurituvchi sub'ektga alohida maqsadlar uchun talab qilinguncha saqlanadigan depozit hisobvaraqlar ochiladi. Aniq maqsadlar uchun byudjetdan berilgan mablag‘larning boshqa depozitlarga qo‘yilishi taqiqlanadi.
Ochilgan hisobvaraq bo‘yicha bajariladigan operatsiya turlari korxona ustavi yoki Nizomida ko‘zda tutilgan faoliyat turiga mos kelishi lozim.
Hisobvaraq ochish uchun arizada korxonaning to‘liq nomi, manzilgoxi, hisobvaraq ochiladigan bankning nomi, qanday hisobvaraq turi ochilishi haqidagi korxona rahbarining iltimosnomasi hamda sana ko‘rsatiladi. Arizaga korxona rahbari, bosh buxgalteri imzo qo‘yadi. Imzolar korxonaning gerbli muxri bilan tasdiqlanadi. Arizaning ikkinchi qismi bank belgilari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, unda bank boshqaruvchisining hisobvaraqni ochish uchun bergan roziligi va ushbu korxonaga berilgan hisobvaraq raqamini yozishga joy ajratilgan.
Demak, yuqorida sanab o‘tilgan barcha hujjatlarning xar biri ma'lum maqsadda tuzilib, hammasi birgalikda korxona rahbari tomonidan bank boshqaruvchisiga topshiriladi. Bu hujjatlar bank yuristi, boshqaruvchisi tomonidan o‘rganib chiqilgandan so‘ng, hisobvaraq ochish uchun ruxsatni bank boshqaruvchisi beradi. Boshqaruvchi hisobvaraq ochish uchun roziligini arizaga maxsus ajratilgan joyga o‘z imzosini qo‘yish orqali bildiradi.
Shundan so‘ng, agar ariza bergan korxona mazkur bankda birinchi marotaba depozit hisobvaraq ochayotgan bo‘lsa, bank O‘zbekiston Respublikasi Bank Depozitorlarining Milliy Axborot Bazasi (BDMAB)dan arizachi ro‘yxatdan o‘tganligi to‘g‘risida ma'lumot so‘raydi. Agar arizachi BDMABdan ro‘yxatdan o‘tmagan bo‘lsa, bank arizachi taqdim etgan hujjatlar asosida mijoz faylini shakllantiradi. Mijoz fayli bankda yuritiladi va unda har bir mijoz to‘g‘risidagi kerakli va to‘g‘ri ma'lumotlar saqlanadi. Mijozning faylini shakllantirgandan keyin bank mijozga xosraqam (unikal kod) berish maqsadida ikkinchi marta BDMABga murojat qiladi va mijoz to‘g‘risida ma'lumotlarni taqdim etadi. BDMABda xar mijoz to‘g‘risidagi barcha rekvezitlar saqlanadi. Mijoz haqidagi ma'lumotlar asosida unga xosraqam beriladi va talab qilinguncha saqlanadigan asosiy depozit hisobvaraq ochiladi. Mijozlar shaxsiy hisobvaraqlarining raqamlari ularda hisobga olinadigan mablag‘lar va boyliklar xarakteriga qarab 20 razryaddan iborat bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |