Xorijiy valyuta bilan deviz tushunchasi bog’liqdir. Deviz – bu, chet elda joylashtirilgan xorijiy valyutadagi bank aktivlari hamda chet elda to’lanishi lozim bo’lgan xorijiy valyutadagi cheklar va veksellardir. Devizlar – naqdsiz pullar.
Kollektiv valyuta xalqaro valyuta-kredit tashkilotlari tomonidan emissiya qilinadi. Zamonaviy sharoitda SDR va Evro singari xalqaro pul birliklari jahon bozorida keng ko’lamda ishlatiladi.
Xalqaro bozordagi foydalanish darajasiga ko’ra valyuta zahira (tayanch) valyutasi va jahonning boshqa etakchi valyutalariga bo’linadi.
Zahira (tayanch) valyutasi – bu boshqa mamlakatlar Markaziy banklarining xalqaro hisob-kitoblar uchun mo’ljallangan zahiralari to’planadigan va saqlanadigan xorijiy valyutadir. Ushbu valyuta xalqaro to’lov va zahira vositasi funktsiyalarini bajaradi.
To’liq ayirboshlanadigan valyuta – bu boshqa xorijiy davlat valyutasiga ayirboshlanishining cheklovlari bo’lmagan valyutadir. To’liq ayirboshlanishga AQSh dollari, Buyuk Britaniya funt sterlingi, Yaponiya yenasi, Shveytsariya franki (jami 20ta valyutaga yaqin) egadir.
Qisman ayirboshlanadigan valyuta – bu cheklangan ayirboshlanishga ega bo’lgan valyutadir, ya’ni ma’lum bir valyuta operatsiyalari yoki ma’lum bir davlatlar uchun ayirboshlanishi mumkin.
Ayirboshlanmaydigan valyuta – bu boshqa xorijiy mamlakat valyutasiga ayirboshlanmaydigan milliy valyutadir. Bu asosan ko’pchilik rivojlanayotgan mamlakatlarning valyutalaridir. Ushbu mamlakatlar uchun xorijiy valyuta etishmovchiligi hamda to’lov balanslarining og’ir holati bilan asoslangan qattiq valyuta muvofiqlashtirilishi xususiyatlidir.
Valyuta kursining barqarorlik darajasiga ko’ra valyuta kuchli va kuchsiz valyutalarga bo’linadi.
Kuchli (barqaror) valyuta – bu o’z nominali hamda boshqa valyutalarga nisbatan barqaror bo’lgan valyutadir. Jahon bozorida kuchli valyutalarga AQSh dollari, Evro, Yapon yenasi va Shveytsariya franki kiradi.
Kuchsiz (yumshoq) valyuta – bu o’z nominali hamda barqaror valyutalarga nisbatan qadrsizlanib borayotgan valyutadir. Jahon bozorida kuchsiz valyutalarga odatda kuchli valyutalarga kirmagan valyutalar kiradi.
Valyutalarni ular ishtirok etayotgan valyuta operatsiyasining turiga qarab ham farqlashadi. Bitim valyutasi – bu tashqi iqtisodiy kontraktdagi tovarning bahosi belgilanadigan yoki taqdim etilgan xalqaro kreditning summasi ifodalanadigan valyutadir. Bitim valyutasi bo’lib eksportyorning yoki importyorning, kreditor yoki qarzdorning milliy valyutasi bo’lishi mumkin. Xalqaro bitimlarda bitim valyutasi sifatida odatda erkin muomalada yuradigan valyuta ishlatiladi.