10.4. Korxona hisob siyosati
Hisob siyosati buxgalteriya hisobini yo‘lga qo‘yish usullarining tartiboti bo‘lib, ustav va boshqacha faoliyatning iqtisodiy hodisalar faktini dastlabki kuzatish (hujjatlashtirish va inventarizatsiya), qiymat o‘lchovida ifodalash (baholash va kalkulyatsiya), joriy guruhlash (schyotlar va ikkiyoqlama yozuv) va yakuniy umumlashtirish (balanslashtirish va hisobot)dan iborat. Buxgalteriya hisobining bir xildagi metodini har xil korxonalarda amalga oshiradigan hisob siyosati turlicha bo‘ladi. Baholash, kalkulyatsiya, xo‘jalik operatsiyalarini aks ettirish tartibi va hokazolarning muayyan usullarini tanlash imkoniyati korxonaning hisob siyosatini shakllantirishdagi tanlash erkinligini bildiradi.
Hisob siyosatining asosiy vazifasi – korxona faoliyatini yuqori darajada obyektiv aks ettirish, uning faoliyatini samarali boshqarish maqsadida to‘liq va ishonchli axborotlarni shakllantirishdan iborat.
Jumladan, korxona hisob siyosati quyidagilarni ta’minlashi lozim:
xo‘jalik faoliyatining barcha faktlarini buxgalteriya hisobida to‘liq aks ettirish (to‘liqlik tamoyili);
xo‘jalik faoliyati faktlarini buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobotda o‘z vaqtida aks ettirish (o‘z vaqtidalik tamoyili);
mumkin bo‘lgan daromadlar va aktivlarga qaraganda xarajatlar va majburiyatlarni buxgalteriya hisobida tan olishga tayyor turish, yashirin rezervlar yaratilishiga yo‘l qo‘ymasdan (ehtiyotkorlik tamoyili);
xo‘jalik faoliyati faktlarini nafaqat ularning huquqiy shaklidan kelib chiqqan holda, balki iqtisodiy mazmuni va xo‘jalik yuritish sharoitlaridan kelib chiqqan holda buxgalteriya hisobida aks ettirish (mazmunning shakldan ustuvorligi tamoyili);
har oy oxiriga sintetik hisob schyotlari bo‘yicha qoldiq va oborotlarning analitik hisob ma’lumotlariga tengligi (o‘zaro zid bo‘lmaslik tamoyili);
korxonaning hajmi va xo‘jalik faoliyatining shart-sharoitlaridan kelib chiqqan holda buxgalteriya hisobini oqilona yuritish (oqilonalik tamoyili).
Buxgalteriya hisobining milliy standartlari (BHMS) xo‘jalik yurituvchi subyektning turli hisobot davrlaridagi moliyaviy hisobotlari, shuningdek turli xo‘jalik yurituvchi subyektlarning moliyaviy hisobotlari qiyoslanishini ta’minlash maqsadida xo‘jalik yurituvchi subyekt moliyaviy hisobotini shakllantirish va tuzish uchun asoslarni belgilab beradi.
Bu maqsadga erishish uchun xo‘jalik yurituvchi subyektlarning hisob siyosati va moliyaviy hisobotiga asos bo‘ladigan konsepsiyalar hamda moliyaviy hisobotning mazmuniga eng kam miqdordagi talablar ko‘zda tutilgan.
Ayrim operatsiyalar va voqealarni aks ettirish, ularni o‘lchash hamda ochib berish uchun batafsil talablar BHMSlarda bayon qilinadi.
Moliyaviy hisobotdan tashqari taqdim etilishi lozim bo‘lgan axborotlarga talablarni bayon qilmaydi. Masalan, xo‘jalik yurituvchi subyektlar moliyaviy hisobotga qo‘shimcha axborot sifatida moliyaviy sharhlarni taqdim etishlari mumkin.
Hisob siyosatini buxgalteriya hisobini yuritish subyektlarining mablag‘larini hisobot yilida baholashning uslubiy qoidalarining yig‘indisi deb ta’riflash mumkin.
Endilikda har qanday mulkchilik shaklidagi, tashkiliy-huquqiy tuzilishdagi va tarmoqqa tegishli subyektlar quyidagi sohalar bo‘yicha o‘zining hisob siyosatini tanlab olishi mumkin:
Do'stlaringiz bilan baham: |