62
yurtini madh etishga, ko‘z-ko‘z qilishga katta imkon berdi. Yuraklarni titratuvchi, qalblarni
larzaga soluvchi, dillardagi tuyg‘ularni qo‘zg‘atuvchi jo‘shqin misralar, ko‘ngillarga taskin
beruvchi, tillarga samimiylik, musiqiylik baxsh etuvchi go‘zal satrlar Muhammad Yusufgagina
xosdir. Uning she’riga bastalangan birorta qo‘shiqni hirgoyi qilmagan o‘zbek bormikin bugun?
Shoirning katta tantanalarda xuddi madhiyaday yangragan qo‘shig‘idan qalblar larzaga
kelguday darajada mijjalaringiz yoshga to‘lib ta’sirlanganmisiz, yurtdoshim? Bu san'at
muvaffaqiyatining siri – Muhammad Yusuf she’rlari mavzuining hayotga yaqinligidir. U
balandparvoz so‘zlar bilan she’r aytmadi. Aksincha, sodda, samimiy, o‘zbekona til bilan xalq
yuragidan joy oldi. Xalqning dilidagi gaplarni she’rga soldi.
Ulug‘tog‘day ulug‘im,
Qal'am – O‘zbekistonim.
O‘zbekman, o‘zbekligim
Mening oliy unvonim, deydi shoir.
Bugungi yoshlarimizning ma’naviy sog‘lom bo‘lib kamol topishida Muhammad
Yusufning butun ijodi to‘laligicha katta hayotiy darslik vazifasini o‘taydi. Chunki shoir
aytganiday, yuragida Vatanni chindan anglab his qila olgan odamgina uning qadriga yetadi, uni
jonu dili bilan seva oladi.
O, ota makonim,
Onajon o‘lkam,
O‘zbekiston, jonim to‘shay soyangga.
Senday mehribon yo‘q,
Seniningdek ko‘rkam,
Rimni alishmasman bedapoyangga...
Bildimki, baridan ulug‘im o‘zing,
Bildimki, yaqini shu tuproq menga,
Bahorda Baxmalda tug‘ilgan qo‘zing,
Arab ohusidan azizroq menga.
M.Yusuf uchun Vatan – bu unga ertaklar so‘ylagan Zamin, yalpizlar yastangan dala-
dashtlar, osmonga tutashgan oqterak o‘lka, oltin beshik uzra alla aytgan onaizori, jilg‘a jarangi
bilan tongni uyg‘otib kelgan bahordir. Shoir Rustamlari doston bo‘lgan, Alpomishlar, uzun
kokilli Barchinoylar yurtining farzandi, u ulug‘ Sohibqiron Alisher zurryodi ekanligidan, yulduz
bilan sirlashgan hazrati Ulug‘bek bilan faxrlanadi. Kuzda uchib ketgan qushlari bahorda yana
ayvonlarni qo‘msab keladigan, ko‘ngli bo‘sh bo‘lsa-da mushti qattiq, qo‘li ochiq, mehri daryo,
“qizlariga alla aytgan, o‘g‘liga ot bo‘lib cho‘kkan”, topganini dasturxonga sochgan, tuprog‘i zar
O‘zbekiston farzandi. U yana ipak tola kabi shitirlab yoqqan yomg‘irdan so‘ng qiqirlab qirga
chiqqan lolalari, jildiragan jilg‘alari, qalbga taskin beruvchi “Tanovar” kabi navolari, ko‘ringanni
duo qiluvchi momolarini ko‘z-ko‘z qiladi. Bu kabi o‘xshatishlar insonni go‘zallikni his qilib
yashashga o‘rgatadi.
Shu Vatanga nafim tegsa deyman mening ham,
Yurak undan bir so‘z kutib bo‘ylar osmonga.
O‘g‘lim, desa ikki qo‘llab jonimni tutib,
Sig‘inaman mo‘min va sof O‘zbekistonga.
Muhammad Yusuf she’rlari yosh avlod qalbida vatanparvarlik, milliy g‘urur va iftixor
tuyg‘ularini shakllantiradi, xalqimiz xarakteriga xos bo‘lgan samimiylik, ochiqko‘ngillik,
mehribonlik, sadoqat, mardlik, halollik kabi qadriyatlarni singdiradi. Bunday komillik darajasiga
erishishi, ajdodlarga mos avlod bo‘lib yetishishi uchun shoir yoshlarni ilmli bo‘lishga undaydi:
Alp o‘g‘lonlar o‘lkasidir O‘zbekiston,
Erkli elning qanotlari ilm istang,
Yarim jahon bunyod etgan Sohibqiron,
Alisherning avlodlari, ilm istang.