Мавзу: Korxona binosiga qoʼyiladigan gigienik talablar.
Qurilish maydonchasi tanlangandan keyin uning bosh rejasi va korxona binolarining loyihalari ishlab chiqiladi.Maydonchaning bosh rejasida mavjud yerosti va yerusti kommunikatsiyalardan tashqari korxonaning asosiy va yordamchi binolarining, mahalliy suv manbalarining, ichki suv va kanalizatsiya quvurlarining, axlat uralarining joylashtirilishi,korxona kelish uchun yoʼlovchi va mashina yoʼllari hamda obodonlashtirish elementlari koʼrsatiladi.
Korxona binolarini maydonchada joylashtirish sanitariya va gigienaning asosiy talablaridan biri hisoblanadi. Korxona binosini joylashtirishda hisobga olinishi kerak boʼlgan asosiy omillar quyidagi chizma-4.3.1 da koʼrsatilgan.
Korxona binosini qurilish maydonchasida joylashtirishga taʼsir qiluvchi asosiy omillar
Аsosiy koʼcha
Mavjud kommunikatsiyalar
«Shamol guli»
Ishlab chiqarish sexlarining
quyosh nuri bilan yoritilishi
Chizma 4.3.1. Korxona binosini qurilish maydonchasida joylashtirishga taʼsir qiluvchi asosiy omillar.
Korxonaning asosiy binosini joylashtirishda shuni hisobga olish kerakki, uning oldi tomoni (fasadi) maydoncha yonidan oʼtadigan va odamlar gavjum yuradigan asosiy katta koʼchaga qaratilgan boʼlishi lozim. Bunday joylashtirish tarzi
isteʼmolchilarning korxonaga kelishi va tashqi reklama uchun qulayliklarni yaratadi hamda korxona binosi arxitekturasining qurilish maydonchasi yaqinida joylashgan mavjud binolar darajasini namoyon etadi.
Ovqatlanish korxonalarining asosiy binosini asosiy koʼchaga nisbatan joylashtirishdan taqari uning asosiy kirish va chiqish eshiklari va derazalari kuchli shamol yoʼnalishiga toʼgʼri kelmasligi shart. Bu asosiy gigienik talablardan biri boʼlib, korxonaning asosiy binosini qurilish maydonchasida joylashtirishda hisobga olinishi kerak, chunki shamol bilan turli yuqumli kasalliklarni va oziqaviy zaharlanishlarni keltirib chiqaruvchi mikroorganizmlar, zararli chang zarrachalari, ogʼir metall ionlari va boshqa iflosliklar, korxona hovlisiga, sexlariga, xomashyo, tayyor mahsulotlarga, jihoz va inventarlarga tushib, korxona sanitariya holatining yomonlashishiga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari qish va erta bahor paytlarida sex va xonalardagi havoning sovushiga sabab boʼladi.
Korxona binolarini qurilish maydonchasida joylashtirishda xoʼrrandalar kelishining asosiy yoʼllarini va shamol esish yoʼnalishlarini hisobga olishdan tashqari, iqtisodiy nuqtai nazardan mavjud kommunikatsiyalarga (markazlashtirilgan suv, kanalizatsiya, gaz quvurlari, elektr energiyasi manbalari) yaqin joylashtirilishi kerak. Bundan tashqari, korxonani mavjud kommunikatsiyalarga ulash binoning orqa tomonidan amalga oshirilishi kerak. Xuddi shuningdek, yordamchi binolardan asosiy binoning orqa tomonida joylashgan boʼlishi kerak. Bundan tashqari xom ashyolarni, boshqa yuklarni keltirish, boʼshagan taralarni, oziq-ovqat chiqindilarini va hovlidan chiqqan iflosliklarni olib ketish uchun yoʼl ham binoning orqa tomonidan sozlanadi.
Korxona binosini qurilish maydonchasi yuzasida joylashtirishda xodimlar va isteʼmolchilarning dam olishlar uchun mikroiqlim sharoitini yaratish masalalari ham hisobga olinishi kerak. Uning uchun korxona asosiy binosining oldi tomonida, daraxt, gullar ekish, fantanlar qurish, yoʼlaklar va skameykalar oʼrnatish uchun joy qoldirilishi lozim. Ishlab chiqarish sexlari va ovqatlanish zallari joylashgan binoning tomonlarini quyosh nuri toʼgʼridan-toʼgʼri tushadigan tomonlarga qaratib joylashtirish katta gigienik va sanitarik ahamiyatga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |