Ikkinchidan, jamiyatimizdagi turli manfaatlar, qarama-qarshi kuchlar va harakatlar o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlaydigan samarali mexanizmni shakllantirish, siyosiy hayotda haqiqiy ma’nodagi ko‘ppartiyaviylik tamoyilini qaror toptirish. Mazkur jihatlar Milliy g‘oyaning siyosiy sohadagi o‘ziga xos tamoyillarini ifodalaydi.
Mulkchilikning rang-barang shakllari qaror topayotgani, ular teng huquqliligining davlat tomonidan kafolatlanayotgani jamiyatning ijtimoiy-tabaqaviy tarkibini o‘zgartirmoqda. Bugun yangi ijtimoiy qatlam va guruhlar – sarmoyadorlar, tadbirkorlar va o‘rta sinf vujudga kelmoqda. Mulk shakllari xilma-xiligi va ijtimoiy tabaqalanish jarayoniga mos holda turli manfaatlar, qarama-qarshi kuchlar hamda harakatlar ham paydo bo‘lmoqda. Mamlakatimizda ko‘ppartiyaviylik tizimining shakllangani buning yaqqol dalilidir.
Hozirgi o‘tish davrida mulkchilikning nodavlat shakllari va siyosiy partiyalar hali mustahkam oyoqqa turib olgani yo‘q. Lekin ular kundan-kunga kuchga to‘lib o‘z mavqelarini oshirib bormoqda.
SHu ma’noda, Prezidentimiz Islom Karimovning quyidagi mulohazasi muhim ahamiyatga ega: «SHunga erishish kerakki, mamlakatimiz siyosiy hayotida haqiqiy ma’nodagi ko‘ppartiyaviylik muhiti qaror topishi darkor. Har bir partiya muayyan ijtimoiy qatlamga tayangan holda, ana shu toifa manfaatlarining himoyachisi sifatida o‘zining aniq va ravshan harakat dasturiga ega bo‘lishi kerak. Unda har qaysi partiyaning maqsad va vazifalari, jamiyat taraqqiyoti borasidagi muqobil takliflari o‘z ifodasini topishi lozim»24.
Ko‘ppartiyaviylik, partiyalarning jamiyat hayotida faol ishtirok etishi, eng avvalo, parlament ishida o‘z vakillari orqali ishtirok etuvchi partiyalarning demokratik qonunlar qabul qilish va ularni hayotga tatbiq etish borasida faolik ko‘rsatishi, parlament orqali ijroiya hokimiyat faoliyatini nazorat qilib borishi turli manfaatlar, qarama-qarshi kuchlar o‘rtasidagi muvozanatni vujudga keltiruvchi asosiy omildir.
Turli manfaatlar, qarama-qarshi kuch va harakatlar muvozanatini ta’minlaydigan ma’naviy omil bu – milliy g‘oyadir. U ijtimoiy guruhlar manfaati va mafkurasidagi umumiylikni, ya’ni umummilliy manfaatlarni va yagona oliy maqsadni aks ettiruvchi g‘oyadir. U millatning jipsligiga, konsolidatsiyasiga xizmat qiluvchi ma’naviy kuchdir. SHu bois mamlakatimiz mustaqilligi, kelajak taraqqiyotimiz uni xalqimiz ongiga muntazam va bosqichma-bosqich singdirib borishni taqozo etadi. Milliy g‘oya negizida milliy mafkura shakllanadi.
SHunday qilib, biz barpo etayotgan jamiyatdagi turli manfaatlar, qarama-qarshi kuchlar va harakatlar o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlovchi mexanizm quyidagi iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy omillardan tashkil topadi:
mulkchilikning turli shakllarini rivojlantirish;
haqiqiy ko‘ppartiyaviylikni qaror toptirish;
mulkdorlar sinfi va o‘rta sinf shakllanishini jadallashtirish;
ijtimoiy guruhlar o‘rtasidagi hamkorlik va sherikchilikni vujudga keltirish;
Milliy g‘oyani muntazam va bosqichma-bosqich jamiyat ongiga singdirib borish.
Do'stlaringiz bilan baham: |