Quritish. Mikroorganizmlarning normal hayoti uchun suv zarur. Quritish ta'sirida sitoplazmatik membrananing butunligi buziladi, natijada mikrob hujayrasining oziqlanishi to'xtab, hujayra nobud bo'ladi.
Quritish ta'sirida mikroblarning o'lishi turlichadir. Masalan, patogen meningokokk, gonokokk, leptospiralar, treponema va boshqalar quritish ta'sirida bir necha daqiqadan so'ng nobud bo'ladi. Vabo vibrioni 2 kungacha, salmonellalar 70 kun, sil mikobakteriyasi 90 kungacha saqlanishi mumkin. Sil kasalligi bilan kasallangan bemorning qurigan balg'amida sil qo'zg'atuvchisi qurigan oqsil qobig'i bilan o'ralgan bo'ladi. Shuning uchun u 10 oygacha saqlanishi mumkin.
Quritishga va boshqa omillarga sporalar juda chidamlidir. Kuydirgi batsillasining sporasi 10 yilgacha, mog'or zamburug'lari 20 yilgacha saqlanadi. Quritish ta'sirida mikroblar nobud bo'lgani uchun azaldan sabzavot va mevalar, go'sht, baliq, dorivor o'simliklarni quritib saqlanilgan. Quritish yo'li bilan saqlangan oziq-ovqatlar namli sharoitga tushganda tez buziladi, chunki mikroblar o'z faoliyatini yana tiklaydi. Mikroorganizm kulturalarini, vaksina va biologik preparatlarni saqlashda liofil quritish usuli keng qo'llaniladi. Bunda preparatlar muzlatilib, so'ng vakuum sharoitida quritiladi. Bu holatda mikrob hujayrasi anabioz holatiga o'tadi va bir necha oy, hatto bir necha yillargacha biologik xossasini saqlab qoladi.
Yorug'lik nurlari. Mikroblar hayot faoliyatlarida doimiy quyosh radiatsiya nurlari ta'siriga uchraydi. Tik quyosh nuri fotosintezlovchi bakteriyalardan tashqari mikroorganizmlarga ham bir necha soat ichida halok qiluvchi ta'sir ko'rsatadi. Quyosh nuri tarkibidagi ultrabinafsha nurlar hujayra fermentlarini inaktivatsiyalaydi va DNKni jarohatlaydi.
Patogen mikroorganizmlar UBN (ultrabinafsha nuri)ga juda sezgir bo'ladi. Shuning uchun laboratoriyada kulturalarni qorong'ida saqlash maqsadga muvofiqdir. Buni Buxner o'z tajribasida isbotlab bergan. Petri kosachasidagi oziqa muhitga ko'p miqdorda mikrob kulturasi ekiladi. Qora qog'ozdan «typhus» so'zi kesib olinadi va kosachaning orqa tarafiga yopishtiriladi. Kosachani to'nkarilgan holatda tik quyosh nurida 1 soatga qoldiriladi, vaqt o'tgach qog'oz olib tashlanadi va kosachani 37°C da 24 soat termostatda qoldiriladi. Ertasiga termostatdan kosachani olib qaralganda, uning qog'oz yopishgan joyida mikroblarning o'sgani ko'rinadi. Quyosh nuri tik tushgan yerida esa mikroblar o'smagani kuzatiladi. Quyosh nurining ahamiyati katta bo'lib, tashqi muhit — havo, suv, tuproqning yuza qismini patogen mikroblardan tabiiy ravishda tozalab turadi. UBNlarning bakteriotsidlik ta'siridan yopiq xonalardagi (jarrohlik, bog'lov, boks va boshqalar) havoni sterilizatsiya qilishda keng foydalaniladi. Ultrabinafsha nur ajratuvchi lampa, bakteriotsid lampalar bu nurlarning manbayi hisoblanadi.
Ultratovush mikrob hujayrasini jarohatlaydi. Uning ta'sirida hujayra ichidagi sitoplazma faollashadi va hujayra ichidagi bosim ortib ketadi (10 000 atm). Bu hujayra qobig'ining butunligiga ta'sir ko'rsatib, hujayrani nobud qiladi. Ultratovush oziq-ovqatlarni (sut, meva, sharbatlar), ichimlik suvlarini sterilizatsiya qilishda qo'laniladi.
Bosim. Mexanik bosimga bakteriyalar va sporalar chidamli bo'ladi. Tabiatda okean va dengizlarning 1 000 — 10 000 metr chuqurligida 100 — 900 atm bosim ostida yashaydigan mikroblar ham aniqlangan. Ayrim turdagi bakteriyalar 3 000 — 5 000 atm, sporalar 20 000 atm bosimga chidamli.
Nazorat savollari
Irsiyat haqida tushuncha
Modifikatsion o’zgaruvchanlik va ularning xossalari
Mutatsion o’zgaruvchanlik va uning shakllari
Plazmida
O’zgaruvchanlikning tibbiyot amaliyotidagi ahamiyati.
Mikroorganizmlarga fizikaviy omillarini ta’siri
Do'stlaringiz bilan baham: |