Fizikaviy omillar
Mikroorganizmlarga fizikaviy omillardan past va yuqori temperatura, quritish, yorug'lik energiyasi, ultratovush va bosim ta'sir ko'rsatadi.
Harorat. Har bir mikroorganizmlarning hayot faoliyati ma'lum harorat bilan chegaralangan. Asosan, uch harorat mavjud: minimal temperatura — mikrob hujayrasi bu temperaturada bo'linib ko'paymaydi, optimal temperatura — mikroorganizmlar o'sib bo'linib ko'payishi uchun qulay temperatura hisoblanadi, maksimal temperatura — mikrob hujayrasining rivojlanishi sekinlashadi yoki to'xtaydi. Barcha mikroorganizmlar temperaturaga nisbatan psixrofillar, mezofillar va termofillarga bo'linadi.
Psixrofillar (yunoncha psyhros — sovuq, phileo — sevaman) yoki past haroratni sevuvchi mikroorganizmlardir. Ular past haroratda o'sadilar. Ular uchun minimal harorat 0°C, optimal harorat 10 — 20°C, maksimai harorat 30°C ga teng. Ularga shimoliy dengiz hamda okeanlarda, tuproq va chiqindi suvlarda yashaydigan mikroblar kiradi.
Mezofillar (yunoncha mesos — o'rtacha) ko'pgina saprofit va barcha patogen mikroorganizmlar kiradi. Ular uchun maksimal harorat 46°C, optimal harorat 28 — 37°C va minimal harorat 10°Cga teng.
Termofillar (yunoncha termos — issiq). Bular uchun minimal harorat 30°C, optimal harorat 50—60°C, maksimal harorat 70—75°C ga teng. Ular issiq suv havzalarida, tuproqning yuza qismida, go'ngda uchraydi. Yuqori va past harorat mikroorganizmlarga turlicha ta'sir ko'rsatadi. Ayrim mikroorganizmlar yuqori haroratga juda sezgir bo'ladi. Harorat maksimal ko'rsatkichdan ortgan sari mikroblarning o'lishi tezlashadi. Vegetativ mikroorganizmlar 60°C issiqlik ta'sirida 30 — 60 daqiqadan so'ng, 80 - 100°C issiqlik ta'sirida 1—2 daqiqadan so'ng nobud bo'ladi. Bakteriyalarning sporalari ancha chidamli bo'ladi. Masalan, batsillaning sporasi qaynatganda 10 — 20 daqiqa, botulizm klostridiyning sporasi 6 soatgacha saqalanadi. Barcha bakteriyalar va sporalar 165 — 170°C harorat ta'sirida 1 soat ichida nobud bo'ladi.
Ko'pgina mikroorganizmlar past haroratga chidamli bo'ladi. Vabo va salmonellalar muzda uzoq saqlanadi. Ayrim mikroorganizmlar sovuq havoda (-190°C), bakteriyalarning sporalari -250°C temperaturada ham tirik qolishi mumkin.
Patogen mikroblar — ko'kyo'tal, meningokokk, gonokokk va boshqalar past haroratda tez nobud bo'ladi. Mana shuni e'tiborga olgan holda tekshirish materialini laboratoriyaga yuborilayotganda sovuqdan saqlagan holda olib borish lozim bo'ladi.
Past harorat achituvchi va bijg'ituvchi jarayonni yuzaga keltiruvchi mikroorganizmlarga o'ldiruvchi ta'sir ko'rsatadi. Shuning uchun oziq-ovqat mahsulotlarini muzlatkichlarda, omborxonalarda saqlanadi. 0°C haroratda mikroorganizmlar anabioz holatiga tushadi, moddalar almashinish jarayoni sekinlashadi va bo'linib ko'payishi to'xtaydi. Agar mikroblar yana o'ziga qulay temperaturaga va oziq muhiti ko'p bo'lgan sharoitga tushsa, o'zini qayta tiklaydi. Haroratning tez o'zgarishi (muzlash yoki erish) mikroorganizm-larga halok qiluvchi ta'sir ko'rsatadi, ya'ni hujayra qobig'ining bo'linib ketishiga olib keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |