2) bojxona organlari – O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmalari, bojxona komplekslari va bojxona postlari;
3) moliya organlari – O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining moliya boshqarmalari, tuman va shahar hokimliklarining moliya bo‘limlari;
4) boshqa majburiy to‘lovlarni undirish vazifasini amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlari.
Davlat soliq xizmati organlarining huquqiy maqomi. Davlat soliq xizmati organlarining huquqiy maqomi 1997-yil 29-avgustda qabul qilingan “Davlat soliq xizmati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan belgilab berilgan bo‘lib, unga ko‘ra davlat soliq xizmati organlari – soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning budjetga to‘liq va o‘z vaqtida tushishini ta’minlash maqsadlarida tashkil etilgan.
Qonunga binoan davlat soliq xizmati organlariga – O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmalari, shuningdek tumanlar, shaharlar va shahardagi tumanlar davlat soliq inspeksiyalari kiradi.
Davlat soliq xizmati organlari o‘z faoliyatini davlat boshqaruv organlaridan, mahalliy davlat hokimiyati organlaridan mustaqil tarzda qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi.
Davlat soliq xizmati organlarining o‘z vakolatlari doirasida qabul qiladigan qarorlari barcha soliq to‘lovchilar – yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va jismoniy shaxslar uchun majburiydir.
Davlat soliq xizmati organlarining asosiy vazifalariga quyidagilar kiradi: davlat soliq siyosatini amalga oshirish hamda soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi, soliqlarning to‘g‘ri hisoblab chiqarilishi, to‘liq va o‘z vaqtida to‘lanishi ustidan nazoratni ta’minlash; soliqlarning soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga, davlatning maqsadli jamg‘armalari hamda budjetdan tashqari jamg‘armalarga to‘liq va o‘z vaqtida tushishini ta’minlash; soliqlar yig‘ilishini amalga oshirish bo‘yicha choralar ko‘rish, ma’lumotlar kompyuter bazasining yagona tizimini yuritish asosida soliq to‘lovchilarni hisobga qo‘yish mexanizmlarini takomillashtirish, ularga ko‘rsatiladigan axborot-maslahat xizmatlari sohasini kengaytirish, soliqlarga oid huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha kompleks tadbirlarni amalga oshirish; pul mablag‘larining g‘ayriqonuniy aylanishi manbalariga barham berish, aholi bilan pulli hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan naqd pul tushumining to‘liq va o‘z vaqtida topshirilishi ustidan muntazam nazoratni ta’minlash; xo‘jalik yurituvchi subyektlar, yuridik va jismoniy shaxslarning faoliyatini rag‘batlantirishga, ularga zarur imtiyozlar va preferensiyalar berishga doir qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritish; bozorlar va savdo komplekslarining moliya-xo‘jalik faoliyati, ular tomonidan soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish hamda ularning hududida aniqlangan huquqbuzarliklar bo‘yicha surishtiruv o‘tkazib, jinoyat ishlarini tergovga tegishliligiga ko‘ra huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirish; xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini tekshirish masalalari bo‘yicha nazorat qiluvchi organlar faoliyati muvofiqlashtirilishini ta’minlash, ushbu ishni amalga oshirishda bir-birini takrorlash va suiiste’molliklarga yo‘l qo‘ymaslik; yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan valyuta hamda eksport-import operatsiyalari amalga oshirilganda qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan o‘z vakolatlari doirasida nazoratni amalga oshirish; davlat soliq xizmati organlarini halol, yuqori malakali xodimlar bilan to‘ldirish, korrupsiya va ishga rasmiyatchilik bilan yondashish faktlariga barham berish bo‘yicha tizimli ishni amalga oshirish, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni doimiy asosda ta’minlash.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, Ukrainada davlat soliq xizmati organlari tizimini isloh qilishda soliq organlari xodimlarining kasbiy malakasi, etikasini oshirish asosiy mezonlardan biri sifatida belgilangan bo‘lsa, Rossiyada soliq organlari tomonidan soliqqa tortish, o‘z xodimlarining kasbiy tayyorgarligini oshirish uslublarini ishlab chiqish amaliyoti qo‘llanmoqda. Ayrim davlatlarda esa soliq organlari ishini tashkil qilishning boshqacha uslublari mavjud. Jumladan, Daniyada har bir korxonaga soliq xizmati xodimlari guruhi biriktirilib, u korxonaning vujudga kelishidan tugatilishiga qadar bo‘lgan davrda nazorat ishlarini amalga oshiradi.
Davlat soliq xizmati organlari o‘z zimmalariga yuklatilgan vazifalarni davlatning boshqa boshqaruv organlari, davlat hokimiyati mahalliy organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, huquqni muhofaza qiluvchi, statistika va moliya organlari, banklar va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikda bajaradilar. Mazkur organlar va tashkilotlar soliq haqidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish va soliqlar bo‘yicha huquqbuzarliklarga qarshi kurashda davlat soliq xizmati organlariga ko‘maklashishlari shart.
Jumladan, Davlat soliq xizmati organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, moliya organlari, banklar soliqlar bo‘yicha huquqbuzarliklarga oid mavjud materiallar va huquqbuzarliklarning oldini olish yuzasidan ko‘rilgan chora-tadbirlar, o‘tkazilayotgan tekshiruvlar to‘g‘risida o‘zaro kelishuv bo‘yicha aniqlanadigan tartibda bir-birini xabardor qiladi, shu jumladan idoralararo elektron hamkorlik qilishdan foydalangan holda xabardor qiladi, shuningdek o‘z zimmalariga yuklatilgan vazifalarni bajarish maqsadida boshqa axborotni almashishni amalga oshiradi.
Soliq to‘lovchilarning hisobga olinishini va soliq haqidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazoratni ta’minlash maqsadida banklar bilan hamkorlikni amalga oshiradilar.
Jumladan, banklar xo‘jalik yurituvchi subyektlar davlat soliq xizmati organlarida ro‘yxatga olinganliklarini tasdiqlovchi hujjat taqdim etgan taqdirdagina ular uchun hisob-kitob va boshqa hisobvaraqlari ochishlari mumkin va bu hisobvaraqlar ochilganligi haqida ular ochilgan kunning ertasidan kechiktirmay mazkur organga xabar beradilar; xo‘jalik yurituvchi subyektlar budjet oldidagi o‘z majburiyatlarini bajarmagan taqdirda bunday subyektlarning hisob-kitob raqamlari va boshqa hisobvaraqlarini sudning qaroriga binoan yopadilar; davlat soliq xizmati organlarining soliq to‘lovchi mijozlardan belgilangan muddatda to‘lanmagan soliqlar va jarimalarni so‘zsiz undirish to‘g‘risidagi farmoyishlarini (inkasso topshiriqlarini) mehnatga doir huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan, alimentlar undirish haqidagi, mualliflik shartnomalari bo‘yicha haq to‘lashga doir, shuningdek hayot va sog‘liqqa yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash haqidagi talablarni qondirish uchun hisobvaraqdan pul mablag‘lari o‘tkazilishi yoki berilishini nazarda tutadigan ijro hujjatlari bo‘yicha mutanosib ravishda bajaradilar;soliq to‘lovchi mijozning mablag‘lari bo‘lsa, uning hisob-kitob yoki boshqa hisobvarag‘idan mablag‘larni hisobdan chiqarish operatsiyasi amalga oshirilgan kuni soliqlar va jarima summalarini budjet daromadiga o‘tkazadilar; soliq to‘lovchi — mijozlarning hisob-kitob yoki boshqa hisobvaraqlaridan pul mablag‘lari berish, o‘tkazish yoki ularni hisobdan chiqarishga doir operatsiyalarni sudning qaroriga binoan to‘xtatib qo‘yadi.
Davlat bojxona xizmati organlarining huquqiy maqomi. Davlat bojxona xizmati organlarining huquqiy maqomi 1997-yil 29-avgustda qabul qilingan “Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan belgilab berilgan. Davlat bojxona qo‘mitasi o‘z vakolatlari doirasida yagona boj siyosati o‘tkazilishini, bojxona ishlari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishini, DBQ organlari tizimining samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlaydi.
DBQ o‘ziga yuklatilgan vazifalarni muvofiq bojxona qonunchiligiga va o‘z vakolatlari doirasida soliq qonunchiligiga rioya etilishi ustidan nazoratni takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va qabul qiladi; bojxona tartibga solish vositalari qo‘llanilishini ta’minlaydi, bojxon-tarif mexanizmi ham shu jumlaga kiradi, tashqi iqtisodiy faoliyatni tarifli tartibga solish usullari, kvotalash normalari, litsenziyalash va deklaratsiya taqdim etish ishlab chiqilishi va amalga oshirilishida belgilangan tartibda qatnashadi; bojxona to‘lovlarini Davlat budjetiga o‘z vaqtida va to‘liq o‘tkazilishini ta’minlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |