Soliq qonunchilik hujjatlarining prinsiplari. O‘zbekiston Respublikasida soliq tizimining o‘ziga xos xususiyatlarini uning prinsiplarida ko‘rishimiz mumkin. Har qanday davlat faoliyati singari soliq solish ham ma’lum bir prinsiplarga tayangan holda amalga oshiriladi. Soliq tizimi prinsiplari obyektiv qonuniylikni aniqlashning va undan aql-idrok bilan foydalanishning shakllaridan biri hisoblanadi. Agar soliq tizimi prinsiplari buzilsa, u bevosita amaliy vazifalarni hal etishga to‘sqinlik qiladi. Soliq tizimi prinsiplari turli-tuman bo‘lib, bir-biri bilan chambarchas bog‘liqdir. O‘zbekiston Respublikasida soliq qonunchilik hujjatlari quyidagi prinsiplarga asoslanadi:
soliq solishning majburiyligi. Soliq to‘lovchi – yuridik va jismoniy shaxslar Soliq kodeksida belgilangan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashi shart (bu holat konstitutsiyaviy norma talabidan kelib chiqadi);
soliq solishning aniqligi, ya’ni har bir soliq to‘lovchi qaysi soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni, qachon, qancha miqdorda hamda qay tartibda to‘lashi kerakligini aniq bilishi, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning elementlari aniqlangan bo‘lishi lozim.
(Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga asosan, Jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq summasi mol-mulkning 1-yanvarda bo‘lgan holatiga ko‘ra inventarizatsiya qiymatidan va belgilangan stavkadan kelib chiqqan holda hisoblab chiqariladi. Bir nechta mulkdorning umumiy ulushli mulkida bo‘lgan imoratlar, binolar va inshootlar uchun jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq mulkdorlarning har biri tomonidan ularning ushbu imoratlar, binolar va inshootlardagi ulushiga mutanosib ravishda to‘lanadi. Soliq stavkasi tegishli tartibda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi. Jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni soliq davri uchun to‘lash hisobot yilining 15-oktabriga qadar amalga oshiriladi).
soliq solishning adolatliligi. Soliq solish umumiy bo‘lib, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlarni belgilash ijtimoiy adolat prinsiplariga mos bo‘lishi kerak. Soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha yakka tartibdagi xususiyatga ega bo‘lgan imtiyozlar berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar kamsitish xususiyatiga ega bo‘lishi mumkin emas hamda ijtimoiy, irqiy, milliy, diniy va boshqa shu kabi mezonlardan kelib chiqqan holda qo‘llanilishi mumkin emas.
Masalan, yakka tadbirkor A.Axmedovga yoki “Sharq” ishlab chiqarish korxonasini mol-mulk solig‘i yoki boshqa soliq va majburiy to‘lovlardan ozod qilish yuzasidan imtiyoz berish mumkin emas. Imtiyoz ma’lum bir toifani, masalan, urush nogironlari va qatnashchilari, shuningdek doirasi qonun hujjatlari bilan belgilanuvchi ularga tenglashtirilgan shaxslarning yer solig‘idan ozod qilinishi yoki ma’lum bir ishlab chiqaruvchilarni, masalan, davolash muassasalari huzuridagi davolash, ishlab chiqarish ustaxonalarini foyda solig‘idan ozod qilinishi kabi imtiyozlar belgilangan;
soliq tizimining yagonaligi. Soliq tizimi O‘zbekiston Respublikasining butun hududida barcha soliq to‘lovchilarga nisbatan yagonadir. O‘zbekiston Respublikasining bojxona hududi doirasida tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) yoki moliyaviy mablag‘larning erkin muomalada bo‘lishini bevosita yoki bilvosita cheklab qo‘yadigan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar belgilanishiga yo‘l qo‘yilmaydi;
soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining oshkoraligi. Soliq solish masalalarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar rasmiy nashrlarda e’lon qilinishi shart. Barchaning e’tibori uchun rasmiy e’lon qilinmagan normativ-huquqiy hujjatlar kuchga kiritilmagan hujjat sifatida huquqiy oqibatlarni keltirib chiqarmaydi va soliq sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga, ulardagi ko‘rsatmalar bajarilmaganligi uchun biron bir sanksiyani qo‘llashga asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin emas;
soliq to‘lovchining haqligi prezumpsiyasi – soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlaridagi bartaraf etib bo‘lmaydigan barcha qarama-qarshiliklar va noaniqliklar soliq to‘lovchining foydasiga talqin qilinishi.
Do'stlaringiz bilan baham: |