Soliqni to‘lash tartibi – soliqning yo‘naltirilganligi (budjetga yoki budjetdan tashqari fondlarga), soliqni to‘lash vositasi (so‘mda, xorijiy valyutada) hamda soliqni to‘lash shakllarida (naqd pul yoki naqd pulsiz) ifodalanadi.
Masalan, jismoniy shaxslarning mol-mulk solig‘ini to‘lash bo‘yicha bir nechta mulkdorning umumiy ulushli mulkida bo‘lgan imoratlar, binolar va inshootlar uchun jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq mulkdorlarning har biri tomonidan ularning ushbu imoratlar, binolar va inshootlardagi ulushiga mutanosib ravishda to‘lanadi. Mol-mulkka bo‘lgan mulk huquqi kalendar yil mobaynida bir mulkdordan boshqasiga o‘tgan taqdirda jismoniy shaxslarning mulkiga solinadigan soliq avvalgi mulkdor tomonidan shu yilning 1-yanvaridan e’tiboran u mol-mulkka bo‘lgan mulk huquqini yo‘qotgan oyning boshlanishiga qadar, yangi mulkdor tomonidan esa unda mulk huquqi vujudga kelgan oydan e’tiboran to‘lanadi. Yangi imoratlar, binolar va inshootlar bo‘yicha jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq ular barpo etilgan yildan keyingi yil boshidan e’tiboran to‘lanadi. Meros bo‘yicha o‘tgan mol-mulk uchun jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq merosxo‘rlarda mulk huquqi vujudga kelgan oydan e’tiboran to‘lanadi.
Soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlar. Soliq kodeksida, boshqa qonunlarda va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlarida nazarda tutilgan, boshqa soliq to‘lovchilarga nisbatan ayrim toifadagi soliq to‘lovchilarga beriladigan afzalliklar, shu jumladan soliq va boshqa majburiy to‘lov to‘lamaslik yoxud ularni kamroq miqdorda to‘lash imkoniyati soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlar deb e’tirof etiladi. Mol-mulk solig‘i, yer solig‘i, yagona yer solig‘i hamda obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i bo‘yicha imtiyozlarni berish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan amalga oshirilishi mumkin. Soliq to‘lovchi soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlardan tegishli huquqiy asoslar vujudga kelgan paytdan e’tiboran ular amal qiladigan butun davr mobaynida foydalanishga haqli. Soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlar bo‘shagan mablag‘larni muayyan maqsadlarga yo‘naltirish sharti bilan berilishi mumkin. Bunday mablag‘lardan belgilanmagan maqsadda foydalanilgan taqdirda belgilanmagan maqsadda foydalanilgan summa o‘rnatilgan tartibda penya hisoblangan holda budjetga undirib olinadi. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi bosh boshqarmalari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining muassasalari Soliq kodeksida nazarda tutilgan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan ozod qilinadi, yagona ijtimoiy to‘lov bundan mustasno.
Soliq kodeksida nazarda tutilgan hollarda, soliq yoki boshqa majburiy to‘lov belgilanayotganda soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida soliq imtiyozlari, shuningdek ularning soliq to‘lovchi tomonidan qo‘llanilishi uchun asoslar nazarda tutilishi mumkin.
Soliq to‘lovchilar, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning elementlari har bir soliq yoki boshqa majburiy to‘lovga tatbiqan belgilanadi. Barcha soliq va boshqa majburiy to‘lovlar qonunchilikda belgilangan soliq elementlari asosida hisoblab chiqiladi va undiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |