9.3. Soliq qonunchiligini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik
Yuridik adabiyotlarda ma’muriy javobgarlikni qo‘llashning ikki asosi ko‘rsatib o‘tilgan: birinchidan, qonun – huquqiy (me’yoriy) asos sifatida; ikkinchidan, ma’muriy nojo‘ya xatti-harakat, faktik asos sifatida.
Bu ikkala asos ham O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida o‘z ifodasini topgan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 1-moddasiga tayanadigan bo‘lsak, soliq qonunchiligini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikning huquqiy asosini – O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi, O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi, O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq xizmati to‘g‘risidagi qonun va boshqa qonun va qonunosti hujjatlari (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi qonunlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining va Vazirlar Kengashining qarorlari, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlarining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarorlari) tashkil etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 10-moddasi 1-qismiga binoan esa ma’muriy huquqbuzarlik deganda (faktik asosi) – qonun hujjatlariga binoan ma’muriy javobgarlikka tortish nazarda tutilgan, g‘ayrihuquqiy, aybli sodir etilgan harakat yoki harakatsizlik tushuniladi.
Amaldagi qonunchilikka binoan, soliq sohasidagi ma’muriy javobgarlik – qonuniylik, fuqarolarning qonun oldida tengligi, demokratizm, insonparvarlik, odillik va ayb uchun javobgarlikning muqarrarligi tamoyillariga asoslanadi.
Soliq sohasidagi ma’muriy javobgarlikning asosiy vazifalari bo‘lib esa soliq sohasida o‘rnatilgan davlat boshqaruvini (tartibini), fuqarolarning huquq va erkinliklarini, ijtimoiy adolat va qonuniylikni ta’minlash, ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarning o‘z vaqtida va obyektiv ko‘rib chiqilishi, bunday huquqbuzarliklarning oldini olish, fuqarolarni O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etish ruhida tarbiyalash hisoblanadi.
Umumiy qoidaga ko‘ra soliq qonunchiligini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikka huquqbuzarlikni sodir etgan paytda o‘n olti yoshga to‘lgan fuqarolar tortiladilar. O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 17-moddasiga binoan esa O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan ajnabiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar umumiy asoslarda, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari singari, ma’muriy javobgarlikka tortilishi belgilangan.
Soliq sohasidagi ma’muriy huquqbuzarlikning xususiyatlaridan kelib chiqadigan bo‘lsak, shaxs nafaqat 16 yoshga to‘lgan bo‘lishi, balki qonun hujjatlari bilan unga soliq va boshqa to‘lovlarni to‘lash majburiyati ham yuklangan bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, soliq sohasidagi ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etgan shaxs o‘z xatti-harakatlarining oqibatini tushuna olishi, ya’ni aqli raso shaxs bo‘lishi ham kerak.
Soliq qonunchiligini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikning ikkinchi asosiy subyekti – bu mansabdor shaxslardir. O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy Javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 15-modda 2-qismiga binoan doimiy, vaqtincha yoki maxsus vakolat bo‘yicha tayinlanadigan yoki saylanadigan, hokimiyat vakili vazifalarini bajaradigan yoxud davlat organlarida, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida, mulk shaklidan qat’i nazar, korxonalarda, muassasalarda, tashkilotlarda tashkiliy-boshqaruv, ma’muriy-xo‘jalik vazifalarini amalga oshiradigan va yuridik ahamiyatga ega harakatlarni sodir etishga vakolat berilgan shaxs, xuddi shuningdek xalqaro tashkilotda yoxud chet davlatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi, ma’muriy yoki sud organida mazkur vazifalarni amalga oshiruvchi shaxs mansabdor shaxs deb e’tirof etiladi.
Shuni alohida ta’kidlab o‘tish lozimki, ba’zi davlatlarda soliq qonunchiligini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikning alohida subyekti sifatida yuridik shaxslar ham namoyon bo‘ladi.
Masalan, Rossiya Federatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 2.10-bandiga binoan yuridik shaxslar, 2.6-bandiga binoan esa horijiy yuridik shaxslarning soliq qonunchiligini buzganlik uchun ma’muriy javobgarligi ko‘rsatib o‘tilgan. AQSh va ko‘pgina G‘arbiy Yevropa davlatlarida soliq qonunchiligini buzganlik uchun yuridik shaxslar jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkinligi belgilangan (bu davlatlarning javobgarlik tizimida ma’muriy javobgarlik mavjud emas).
Soliq sohasidagi ma’muriy javobgarlikning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri shundaki, sodir etilgan huquqbuzarlik kam ahamiyatli bo‘lgan taqdirda bu ishni ko‘rib chiqishga vakolati bo‘lgan organ (mansabdor shaxs) huquqbuzarni ma’muriy javobgarlikdan ozod etishi mumkin.
Soliq qonunchiligini buzganlik uchun ma’muriy jazo qo‘llanish chog‘ida sodir etilgan huquqbuzarlik xususiyati, huquqbuzarning shaxsi, uning aybdorlik darajasi, mulkiy ahvoli, javobgarlikni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlar hisobga olinadi.
Amaldagi qonunchilik mazmunidan kelib chiqadigan bo‘lsak, soliq qonunchiligini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikni yengillashtiruvchi holatlarga quyidagilar kiradi:
aybdorning o‘z qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lishi;
aybdorning huquqbuzarlikning zararli oqibatlari oldini olishi, yetkazilgan ziyonni ixtiyoriy ravishda to‘lashi yoki keltirilgan zararni bartaraf qilishi;
huquqbuzarlikning kuchli ruhiy hayajon ta’siri ostida yoki og‘ir shaxsiy, oilaviy yoxud boshqa sharoitlar yuzaga kelganligi oqibatida sodir etilishi;
huquqbuzarlikning tahdid yoki majburlov ta’sirida yoxud xizmat yuzasidan, moddiy yoki boshqa jihatdan qaramligi ta’siri ostida sodir etilishi;
huquqbuzarlikning voyaga yetmagan shaxs tomonidan sodir etilishi;
huquqbuzarlikning homilador ayol yoki o‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan bolasini yakka o‘zi tarbiyalayotgan shaxs tomonidan sodir etilishi.
Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiquvchi organ (mansabdor shaxs) boshqa holatlarni ham javobgarlikni yengillashtiruvchi holat deb topishi mumkin.
Soliq qonunchiligini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holatlarga esa quyidagilar kiradi:
g‘ayrihuquqiy harakatlarni to‘xtatish vakolati bor shaxslar tomonidan qo‘yilgan talabga qaramay, bunday harakatlarni davom ettirish;
ma’muriy jazo chorasiga tortilgan shaxsning bir yil mobaynida yana o‘sha xildagi huquqbuzarlikni sodir etishi, xuddi shuningdek huquqbuzarlikning ilgari sudlangan shaxs tomonidan sodir etilishi;
voyaga yetmagan shaxsni huquqbuzarlikka tortish;
huquqbuzarlikning bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilishi;
huquqbuzarlikning tabiiy ofat sharoitida yoki boshqa favqulodda holatlarda sodir etilishi;
huquqbuzarlikning mast holda sodir etilishi.
Ma’muriy jazo chorasini qo‘llovchi organ (mansabdor shaxs) sodir etilgan ma’muriy huquqbuzarlikning xususiyatiga qarab mazkur holatni aybni og‘irlashtiruvchi holat deb topmasligi mumkin.
Shaxs ikki yoki undan ortiq soliq sohasidagi ma’muriy huquqbuzarliklarni sodir etgan taqdirda ma’muriy jazo har bir huquqbuzarlik uchun alohida-alohida qo‘llaniladi.
Agar shaxs bir necha ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan bo‘lib, shu haqdagi ishlar bir vaqtning o‘zida ayni bir organ (mansabdor shaxs) tomonidan ko‘rib chiqilayotgan bo‘lsa, bu shaxsga nisbatan qo‘llaniladigan jazo og‘irroq ma’muriy jazoni nazarda tutuvchi sanksiya doirasida qo‘llaniladi.
Ma’muriy jazo soliq huquqbuzarligi sodir etilgan kundan boshlab, davom etayotgan huquqbuzarliklar uchun esa huquqbuzarlik aniqlangan kundan boshlab bir yildan kechiktirmay qo‘llanilishi mumkin.
Jinoyat ishini qo‘zg‘atish rad etilgan yoki jinoyat ishi tugatilgan bo‘lsa-yu, lekin huquqbuzarning harakatlarida ma’muriy huquqbuzarlik alomatlari mavjud bo‘lsa, ma’muriy jazo chorasi jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish yoki jinoyat ishini tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilingan kundan boshlab bir oydan kechiktirmay qo‘llanilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 38-moddasiga asoslanadigan bo‘lsak, soliq sohasidagi ma’muriy huquqbuzarlik oqibatida yetkazilgan zararni qoplashi, ya’ni davlat va mahalliy budjetga va budjetdan tashqari jamg‘armalarga qonun hujjatlari bilan belgilangan to‘lovlarni o‘tkazishi shart.
Soliq sohasidagi ma’muriy huquqbuzarliklarning tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning “Savdo, tadbirkorlik va moliya sohalaridagi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik” deb nomlangan XIII bobida ko‘rsatib o‘tilgan. Unga ko‘ra quyidagi soliq sohasidagi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik qo‘llaniladi:
soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash;
daromadlar to‘g‘risida deklaratsiya taqdim etishdan bo‘yin tovlash, deklaratsiyani o‘z vaqtida taqdim etmaslik yoki unda atayin noto‘g‘ri ma’lumotlarni taqdim etish;
soliq solinadigan obyektlarning hisobini olib bormaslik yoki kassa operatsiyalarini yuritish tartibini, shuningdek to‘lov intizomini buzish;
buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish tartibini buzish;
soliq to‘lovchilarning identifikatsiya raqamlarining qo‘llanish tartibini buzish va boshqalar.
Masalan, Soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash (O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 174-moddasi). Soliq olinadigan foydani (daromadni) yoki boshqa obyektlarni qasddan yashirish (kamaytirib ko‘rsatish) yoxud soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlash fuqarolarga eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa besh baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ancha miqdorda sodir etilgan bo‘lsa, fuqarolarga eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda, mansabdor shaxslarga esa o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Daromadlar to‘g‘risida deklaratsiya taqdim etishdan bo‘yin tovlash, deklaratsiyani o‘z vaqtida taqdim etmaslik yoki unda atayin noto‘g‘ri ma’lumotlarni taqdim etish, eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |