Soliq stavkasi. Yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ining stavkalari har yili keyingi moliya yil uchun tasdiqlanadigan asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozi va Davlat budjeti parametrlari to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori asosida belgilanadi.
Jahon soliq amaliyotida yer solig‘i stavkalari turli mamlakatlarda turlicha belgilanadi, lekin o‘rtacha olganda yer qiymatining 5 foizidan oshmaydi. Soliq stavkalarini belgilashda tuproq boniteti (sifati) hisobga olinadi. Bonitetni aniqlashda tuproqning genetik kelib chiqishi, mexanik tarkibi, sho‘rlanganlik darajasi, tuproq qatlamining suv o‘tkazaolishi, zichligi kabi boshqa tabiiy xossalari hisobga olinadi. Tuproq boniteti 100 balli tizim bo‘yicha aniqlanadi. 100 ball 10 ta klassga bo‘linadi, ya’ni 1 klass yerlar nol balldan 10 ballgacha, 2 klass yerlar 11 balldan 20 ballgacha, 3 klass yerlar 21 balldan 30 ballgacha va h.k. 10 klass yerlar 91 balldan 100 ballgacha baholanadi. Bunda yerning ball boniteti qancha yuqori bo‘lsa soliq stavkasi ham shuncha yuqori belgilanadi.
Yerlardan noqishloq xo‘jalik maqsadlarida foydalanadigan yuridik va jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig‘i stavkalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 22-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2016-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari to‘g‘risida”gi PQ – 2455-sonli qaroriga asosan quyidagicha guruhlanadi:
1. Sug‘oriladigan jamoat qishloq xo‘jaligi yerlari uchun undiriladigan yer solig‘ining bazaviy stavkalari.
2. Lalmi ekinzorlar, bo‘z yerlar va ko‘p yillik ko‘chatlar uchun undiriladigan yer solig‘i stavkalari.
3. Sug‘orilmaydigan pichanzorlar va yaylovlar uchun undiriladigan yer solig‘i stavkalari.
4. Qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligida foydalanilmaydigan boshqa yerlar uchun undiriladigan yer solig‘i stavkalari.
5. Toshkent shahrida yer uchastkalaridan foydalanganlik uchun yer solig‘i stavkalari.
6. Shahar va shaharchadagi yer uchastkalaridan olinadigan yer solig‘i stavkalari.
7. Qishloq joylarda joylashgan yer uchastkalaridan foydalanganlik uchun yuridik shaxslardan undiriladigan yer solig‘i stavkalari.
8. Qishloq joylarda joylashgan yer uchastkalaridan foydalanganlik uchun fuqarolardan undiriladigan yer solig‘i stavkalari.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroridan kelib chiqib, mahalliy hokimiyat idoralari ham o‘zlarining hududiy territoriyasiga qarab qaror chiqarishadi va unda tegishli koeffitsiyentlar hisobga olinadi.
Qishloq xo‘jalik yerlarining sifati yer uchastkasi mulkdori, yer egasi yoki yerdan foydalanuvchining aybi bilan yomonlashgan (boniteti pasayib ketgan) taqdirda yer solig‘i yerning sifati yomonlashuviga qadar belgilangan stavkalar bo‘yicha undiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |