7.2. Tergov harakatlarining boshqa
protsessual harakatlardan farqi
(Muallif – yuridik fanlar nomzodi, dotsent A.Sh.Umarxonov)
Yuqorida qayd etilganidek, jinoyat ishi bo‘yicha dalillarni aniqlash, to‘plash, mustahkamlash, tekshirish va baholashga qaratilgan harakatlar tergov (sud) harakatlari deb nomlanib, ular jinoyat-protsessual normalarni bajarish bilan ifodalanadi.
Jinoyat-protsessual faoliyat ishtirokchilarining protsessual harakatlari esa protsessual hujjat shakliga solinadi va ish bo‘yicha muayyan protsessual harakatning bajarilishini, muayyan to‘xtamga kelinganligini, hamda muayyan ishlar amalga oshirilishi zarurligini belgilaydi. Masalan, jinoyat ishini qo‘zg‘atish haqidagi qaror, shaxsni jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilish to‘g‘risidagi qaror, dastlabki tergovni to‘xtatish haqidagi qaror, jinoyat ishini sud muhokamasiga tayinlash haqidagi qaror va hokazo.
Protsessual harakatlar jinoyat-huquqiy, jinoyat-protsessual normalarining amalga oshirilishini taminlashi, jinoyat-protsessual faoliyat ishtirokchilarining huquq va majburiyatlarini amalda taminlashga yordam beradi. Bu borada dastlabki tergov organlarining jinoyat-protsessual hujjatlari ayniqsa katta ahamiyatga ega. Ushbu hujjatlar jinoyatni tez va to‘la ochish, aybdorlarni fosh etish va jinoiy javobgarlikning muqarrarligi prinsipining amalga oshirilishini taminlash vositasigina bo‘lib qolmay, balki fuqarolarni qonunlarga rioya etish, Konstitutsiya va boshqa qonunlar ularning zimmasiga yuklagan burchlarni bajarish ruhida tarbiyalash, birgalikda yashash qoidalariga rioya qilish vositasi, fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini taminlashning vositasi ham bo‘lib xizmat qiladi.
Protsessual harakatlar jinoyatlarni oldini olishga ko‘maklashadi hamda sudlovning samaradorligiga va umuman odil sudlovning sifatiga ta’sir etadi.
Protsessual harakatlar quyidagi hollarda jinoyat va jinoyat-protsessual huquq normalarini qo‘llash hujjatlari bo‘ladi. Birinchidan, jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov amalga oshirish davomida jinoyat-protsessual huquq normalari bilan belgilanadigan. Ikkinchidan, jinoyat ishini tergov qilish jarayonida subyektiv huquqni amalga oshirishga to‘sqinlik qiluvchi g‘ovlar paydo bo‘lishi mumkin bo‘lganda. Bu o‘rinda jinoyat-protsessual normalarni qo‘llash hujjatlari dastlabki tergovning tegishli ishtirokchilari yoki jinoyat protsessiga jalb etilgan boshqa shaxslar huquq va majburiyatlarining hayotga joriy etilishini taminlashi kerak. Uchinchidan, protsessual asoslar bo‘yicha jinoyat ishlarining to‘xtatilishi yo jinoyat va jinoyat-protsessual huquq normalarini qo‘llash hujjatida yoxud faqat jinoyat-protsessual huquq normalarini qo‘llash hujjatida o‘z ifodasini topganda.
Jinoyat va jinoyat-protsessual huquq normalarini qo‘llash jinoyat-protsessual huquqiy munosabatlarning yuzaga kelishi, o‘zgarishi yoki to‘xtatilishiga olib keladi, ya’ni tegishli yuridik oqibatlarni keltirib chiqaruvchi yuridik faktdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |