Tuproq mikroorganizmlari. Tuproqda juda koʻp mikroorganizmlar uchraydi, ya’ni 1 g tuproqda millionlab yoki milyardlab bakteriya boʻladi. Havo va suvdagiga qaraganda tuproqda bakteriyalar koʻp, tuproq mikroorganizmlarning asosiy manbai boʻlib, undan mikroorganizmlar suv va havoga uchib turadi. Tuproqda turli – tuman bakteriyalar, aktinomisetlar, achitqilar, suvoʻtlari va sodda hayvonlar uchraydi. Ba’zi olimlarning hisoblashlaricha, haydaladigan bir gektar yerning 25 sm chuqurlikkacha boʻlgan qatlamida 3-5 tonnagacha bakteriya uchrar ekan. Bakteriyalarning tuproqda tarqalishi tuproqning xususiyatiga bogʻliq. Tuproqqa tushgan oʻsimlik va hayvonlar qoldigʻi hisobiga mikroorganizmlar juda koʻpayib ketadi. Tuproqdagi mikroorganzmlar soni tuproqning turi, fizik-kimyoviy xususiyatlari va iqlim sharoitiga bogʻliq holda har xil boʻladi. Tuproqning yuza qismida mikroblar koʻp boʻladi, pastga tushgan sayin ularning soni kamayib boradi. Mikroorganizmlar 10-15 sm li qatlamda koʻp boʻladi, chunki bu yerga quyosh nurlari tik tushmaydi, oziq va namlik yetarlicha boʻladi. Chuqur qatlamlarda esa bular kam. Chunki tuproq tabiiy filtr vazifasini bajaradi va bakteriyalarni yer osti suvlariga kam oʻtkazadi.
Tuproqda turli-tuman fiziologik guruhlarga mansub aeroblar, anaeroblar, saprofitlar, nitrifikatorlar, azotofiksatorlar, selyuloza parchalovchilar, oltinguturt bakteriyalari, spora hosil qiladigan va spora hosil qilmaydigan vakillari keng tarqalgan. Yil fasllariga qarab tuproqdagi mikroorganizmlar soni ham oʻzgarib turadi.
Oʻsimliklarning ildiz tizimi atrofida bakteriyalar koʻp toʻplanadi, ularning koʻpchiligi aerob, tayoqchasimon spora hosil qilmaydigan vakillardir. Bu avlodlarga mansub bakteriyalar uglevodlar, organik kislotalarni oʻzlashtiradi va bir qator vitaminlar sintezlash xususiyatiga ham ega. Bu vitaminlarni oʻsimliklar oʻzlashtiradi. G.M. Shavlovskiyning ishlarida psevdomonaslar tiamin, nikotin kislota, B6 vitamin va biotin kabilarni sintezlashi koʻrsatilgan.
E.N. Mishustinning fikriga koʻra, tuproqdagi organik moddalar parchalanganda bakteriyalarning biosenozi (jamoasi) almashinib turadi. Avval, tuproqda tez va oson parchalanadigan moddalar boʻlganda, asosan spora hosil qilmaydigan tayoqchasimon bakteriyalar keng tarqaladi, keyinchalik ularning oʻrnini spora hosil qiluvchi aerob bakteriyalar egallaydi.
Tuproqdagi mikroorganizmlarning sonini hisoblash uchun S.N. Vinogradskiy (1924 y.) yangi usul ishlab chiqdi, ya’ni ma’lum hajmdagi tuproq suspenziyasi olinib eritma tayyorlanadi, soʻngra u karbol kislata (fenol)da eritilgan eritrozin bilan boʻyaladi va mikroskopda kuzatib mikroorganizmlar miqdori sanaladi. F.N. Germanov bakterioskopik usulni yanada takomillashtirib tuproq boʻlaklariga osh tuzi bilan ta’sir etadi. Natijada tuproq tarkibidan kalsiy va tuproq zarrachasi ichi va ustidagi bakteriyalar boʻshaydi. Bu usul bilan hisoblanganda, 1 g tuproqdagi bakteriyalar soni 10 milyardga yetgan. Tuproqqa yaxshi ishlov berilganda, bakteriyalar sonining oshishi kuzatiladi. Tuproq hosil boʻlish jarayonida tirik organizmlardan bakteriyalar, zamburugʻlar, infuzoriyalar, oʻsimliklarning ildizi va bir qator hayvonlarning roli nihoyatda katta.
Do'stlaringiz bilan baham: |