Fimbriy va pililar. Bakteriyalarning ustki qismidagi ingichka, yoʻgʻonligi 3-15 nm, uzunligi 12 nm gacha boʻlgan iplar pililardir. F-pili jinsiy pilidir. Bakteriyalarda xivchinlardan tashqari uzun, ingichka ip ham boʻlib, unga fimbriy deyiladi. Ular harakatchan yoki harakatsiz boʻlishi mumkin. Ularning uzunligi 0,3-4 mkm., eni 5-10 nm boʻlib, soni 100-200 tagacha, ba’zan esa 1000 taga etib boradi.
Fimbriylar pilin oqsilidan tuzilgan. Bakteriyalarda fimbriylarning bir qancha tipi uchraydi va ular bajaradigan vazifalariga qarab farqlanadi. Shulardan 2 tipi yaxshi oʻrganilgan boʻlib, ular quyidagilar:
1-tip koʻpgina bakteriyalarda boʻlib, ular umumiy tipdagi fimbriylar deyiladi. Fimbriylar bakteriya hujayrasining muhitga, boshqa hujayraga yoki inert substrat (harakatsiz ozuqa) ga yopishishini ta’minlaydi. Suyuqlik yuzasida parda hosil qilishida u ham ishlatiladi. Shuning uchun ham uni yopishish organi deyish mumkin.
2-tip-jinsiy fimbriy-pili boʻlib (F), u ichi boʻsh kanaldan iborat. Bu kanaldan bakteriya konʻyugasiyada qatnashayotgan boshqa bir bakteriyaga genetik manba beradi. Pilining boshqa bir xususiyati ham boʻlib, u patogen bakteriyalarda hayvon va odam hujayralariga yopishishda ishtirok etadi.
Bakteriyalarning sporalari va ularning hosil boʻlishi.
Bakteriyalarning Basillus (Bacillus), Klostridium (Clostridium), Desilfotomasiyum (Desilfotomacium) avlodlariga kiruvchilari, ayrim kokkilar, spirillalar endosporalar hosil qiladi.
Sporalarning shakli yumaloq yoki ellipssimon boʻladi. Ular tashqi muhit sharoitiga chidamli boʻladi. Sporalar nur sindiradi va shuning uchun mikroskop ostida kuzatilganda yaltirab koʻrinadi. Bakteriya hujayrasi odatda bitta spora hosil qiladi. Ammo Klostridiumning ba’zi turlarda koʻp sporalar hosil boʻlishi aniqlangan. Bakteriyaning ozuqa muhitidan kerakli moddalarni olishi qiyinlashsa yoki modda almashinuvida koʻp mahsulotlar hosil boʻlsa, spora hosil qiladi.
Demak, spora hosil qilish – bakteriya hujayrasi uchun noqulay, sharoitga moslashishdir. Spora hosil boʻlishi shariotga bogʻliq. Sporalar vegetativ hujayralar nobud boʻladigan sharoitlarda ham tirik qoladi. Ular quritish va bir necha soat qaynatishga ham chidamli boʻladi.
Sporalarni oʻldirish uchun, ular 120°C issiqlikda, 1 atm bosimda sterillanadi. Bunday sharoitda spora 20 minut davomida nobud boʻladi. Quruq holatda, ularni oʻldirish uchun 150-160°C issiqlik kerak va qizitish muddati esa bir necha soat boʻlishi kerak.
Spora hosil boʻlish jarayonida, hujayrada dipikolin kislotasi (piridin 2,6-dikarbon kislota) hosil boʻladi. Dipikolin kistlotasi sporaning 10-15% ni tashkil qiladi. U sporaning markaziy qismida hosil boʻladi. Dipikolin kislota Ca ionlari bilan kompleks birikma (Ca-DPK) hosil qiladi. Bu kompleksda magniy, marganes va kaliy miqdorining oshishi sporani noqulay sharoit va issiqlikka chidamliligini oshiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |