Toshkent Davlat sharqshunoslik instituti tarixidan
O’zbekistonda sharqshunoslik ta’limi o’zining uzoq tarixiy an’analariga ega. 1918-yildayoq Toshkentda Turkiston sharqshunoslik instituti ta’sis etilgan edi. Institutning tashkil etilishi mamlakatimiz ilmiy va ma’rifiy hayotida katta voqea bo’ldi. U faqat O’zbekiston Respublikasidagina emas, balki butun Markaziy Osiyoda sharqshunoslik fanining turli sohalari bo’yicha malakali mutaxassislar tayyorlash ishiga asos soldi. Mazkur bilim dargohi o’z dasturiga binoan Turkiston va unga qo’shni bo’lgan xorijiy Sharq mamlakatlarining tarixi, etnografiyasi, tashqi iqtisodiy aloqalari, o’lkashunoslik, islomshunoslik va xorijiy Sharq xalqlari tillarini o’rganish bilan shug’ullangan edi. O’sha davrda sharqshunoslik sohasida ilmiy tadqiqot ishlari olib borildi va yetuk mutaxassislar tayyorlab yetishtirildi.
Institutning birinchi rahbari etib yirik turkistonshunos-etnograf olim M.S.Andreev tayinlangan edi. Keyinchalik, rektorlik vazifasini mashhur islomshunos olim A.E.Shmidt davom ettirdi. Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, Turkiston sharqshunoslik institutida 1922-1923-o’quv yilida 210 talaba o’qigan, 5 nafar professor, 21 o’qituvchi ta’lim va tarbiya ishlari olib borishgan. Institutda turli yillarda sharq tillarini mukammal bilgan tarixchi, etnograf va filolog olimlardan M.S.Andreev, P.E.Kuznetsov, N.E.Vundsettel, N.G.Mallitskiy, B.A.Pestovskiy, A.A.Semenov, V.V.Bartold, I.I.Zarubin va S.E.Malov kabi mashhur olimlar sharqshunoslikning turli sohalari bo’yicha leksiyalar o’qishgan. Mahalliy mudarrislar esa, asosan, amaliy mashg’ulotlar olib borganlar.
Institutning faoliyati uzoq davom etmadi. Turkiston sharqshunoslik instituti 1924-yilda O’rta Osiyo davlat universitetiga alohida fakultet sifatida qo’shib yuboriladi. Uning birinchi dekani etib professor A.E.Shmidt tayinlandi. 1930-yilga kelib fakultet avval pedagogika fakultetiga, 1931-yilda esa agrosanoat institutiga aylantirilib, Dushanba shahriga ko’chiriladi. Shunday qilib, Sharqshunoslik fakultetining faoliyati tugaydi. Keyingi yillarga kelib o’sha davr tuzumi tufayli o’zbek sharqshunoslik faniga rahna tushadi. Sharqshunos olimlarning faoliyati cheklab qo’yiladi. Mahalliy sharqshunoslar esa ta’qib ostiga olinadilar. Shuning uchun ular o’z mutaxassisliklarini o’zgartirib, turli kasblar bilan shug’ullana boshlaydilar.
Sharqshunoslik ta’limi uzoq davom etgan bo’lmasada, shu qisqa davr ichida ilm dargohidan A.Q.Borovkov, I.A.Kissen, V.V.Reshetov, Q.Q.Yudaxin kabi taniqli tilshunos olimlar, P.P.Ivanov, M.A.Ivanova, M.E.Masson, V.A.Shishkin, O.A.Suxareva kabi mashhur tarixchi va etnograflar, Muxtor Avezov, Sotim Ulug’zoda, M.I.Shverdii kabi atoqli yozuvchilar va ko’pgina sharqshunos olimlar yetishib chiqdilar. Shunday qilib, Turkiston sharqshunoslik instituti Markaziy Osiyo xalqlaridan milliy sharqshunos kadrlar tayyorlashda muhim rol o’ynadi.
1944-yilda urushning suronli yillari tugab, fashizm ustidan g’alaba kun sayin yaqinlashib kelayotgan bir davrda SSSR hukumati O’rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi Toshkent Davlat universiteti) tarkibida sharq fakultetini tashkil etish haqida qaror qabul qildi. Sharq fakultetining ta’sis etilishi bilan respublikamizda sharqshunoslik ta’limini yangi bosqichga ko’tarishga, xorijiy Sharq xalqlari tillari va adabiyotini, tarixi va iqtisodiyotini mukammal o’rganishga va bu sohalar bo’yicha yetuk mutaxassislar tayyorlashga zamin yaratildi. Shu bilan birga, ilmiy va madaniy merosimizni, milliy qadriyatimizni, tariximizga oid qo’lyozma asarlarni mutolaa qilib, ular ustida ilmiy tadqiqot ishlari olib boruvchi ilmiy xodimlar tayyorlashga keng yo’l ochib berildi. Fakultetning tashkil topishida va uning shakllanishida urush tufayli Leningrad va Moskva kabi sharqshunoslik markazlaridan Toshkentga kelib qolgan Y.E.Bertels, A.P.Barannikov, V.I.Belyayev, I.P.Petrushevskiy, V.M.Beskrovniy, V.V.Struve, A.N.Kononov kabi mashhur sharqshunos olimlar, shuningdek, M.S.Andreev, A.A.Semenov kabi o’rta osiyolik rus olimlari ham faol ishtirok etdilar. Shu bilan birga, ular fakultet talabalariga Sharq xalqlari tarixi va adabiyoti, sharq tillari hamda sharqshunoslik fanining turli sohalari bo’yicha leksiyalar o’qidilar. Rus olimlari bilan bir qatorda Abdusodiq Mirzayev, Majidxon Bahodirov, Saidazizxon G’aniyev kabi sharq ilmining chuqur bilimdonlari ham sharq tillari va adabiyotidan, aruz ilmidan dars berish uchun fakultetga taklif qilindilar. Fakultetning birinchi dekani etib tarixchi sharqshunos olim, dotsent Abdurahmon Hamroyev tayinlandi.
1944-1947-yillar asosan, fakultetning shakllanish davri bo’lib, bu davrda 4 ta kafedra: Eron filologiyasi kafedrasi (1955-yildan eron-afg’on filologiyasi kafedrasi), Shimoliy Hind (keyinchalik, hind va hozirgi kunda Janubiy Osiyo tillari) filologiyasi kafedrasi, Yaqin va O’rta sharq mamlakatlari tarixi kafedrasi va nihoyat, Sharqiy Turkiston filologiyasi kafedrasi mavjud edi.
1947-yilda fakultet qoshida asperantura tashkil etilib,birin-ketin mahalliy kadirlardan sharqshunos olimlar yetishib chiqa boshladi. Shuningdek ko’pgina yosh mutaxasisslar Moskva va Leningrad kabi markaziy shaharlarda aspiranturada o’qib, fan nomzodlari ilmiy darajasini olib o’z vatanlariga qaytib keldilar va o’z yurtlariga jo’nab ketgan rus olimlarining o’rnini to’ldira boshladilar.
1949-yilda fakultetning dastlabki talabalari o’qishni bitirib, hayotga yo’llanma oldilar. Birinchi “qaldirg’ochlar” 40 nafardan iborat bo’lib, bugungi kunda ularning ko’pchiligi Respublikamizda ilm-fan sohasida ko’zga ko’ringan olimlar hisoblanadilar.
Fakultet tarixida 1957-yil 4-11-iyun kunlari Toshkentda bo’lib o’tgan sharqshunoslarning Butun ittifoq konferensiyasi, O’zbekiston hukumatining 1961-yildagi “O’zbekistonda chet tillarini o’qitishning ahvoli va uni takomillashtirish masalalari”ga bag’ishlangan qarori sharq fakulteti ravnaqi uchun muhim voqea bo’ldi. Qarorda boshqa chet tillari qatori sharq tillarini o’rganishni takomillashtirish, eng muhimi, sharq tillari chuqur o’rgatiladigan maktablar ochish, ularning sonini yil sayin ko’paytirib borish, sharq tillari bo’yicha darsliklar yaratish, sharq tillarini amaliy va nazariy jihatdan chuqur biladigan mutaxassislar tayyorlash kabi bir qancha masalalar ko’rsatilgan edi. Qarordan so’ng fakultet hayotida ta’lim-tarbiya sohasida tub o’zgarishlar ro’y berdi. Ilgarigi davrda sharqshunoslik ta’limi dasturiga binoan qo’lyozma yodgorliklarni o’rganish, o’rta asr tarixi va adabiyotidan ta’lim berish asosiy yo’nalish bo’lgan bo’lsa, endilikda fakultetda ta’lim-tarbiya ishlari hozirgi zamonga yuz burdi. Zamon talabidan kelib chiqib, amaldagi sharq tillari muomala vositasi sifatida o’rgatila boshlandi. Shuningdek, xorijiy Sharq mamlakatlarining hozirgi zamon tarixi, mamlakatning tashqi iqtisodiy-ijtimoiy aloqalari, diplomatiya kabi fanlarni o’qitishga alohida ahamiyat berildi. Zamon talabidan kelib chiqib xalq ta’limining ehtiyojlarini inobatga olgan holda sharq tillari o’qituvchisi, referent va tarjimonlar tayyorlash muhim vazifa qilib qo’yildi.
Fakultet kun sayin kengayib, takomillashib, arab, pushtu, hind, urdu, xitoy, uyg’ur, turk tillari bilan bir qatorda ingliz, rus, o’zbek tillarini o’rganishga ham katta ahamiyat berib kelindi. Sharq xalqlarining mumtoz va hozirgi zamon adabiyoti bo’yicha talabalarga chuqur bilim berish maqsadida 1965-yilda maxsus “Sharq xalqlari adabiyoti kafedrasi” tashkil etilib, unga mashhur sharqshunos olim Sh.M.Shomuhamedov rahbarlik qildi. Keyinchalik, shu maqsadda G’arbiy Yevropa tillari kafedrasi tashkil qilinib, u fakultet bo’yicha yevropa tillarini o’qitish jarayonini ta’minlab keldi. Bu orada fakultetda sharq tillari o’qitishni takomillashtirish maqsadida sharq tillaridan dars berish uchun xorijiy Sharq mamlakatlaridan o’qituvchilar taklif etila boshlandi. Ular 1-2 yil davomida talabalarga dars berib, ularning amaliy malaka hosil qilishlari uchun katta yordam ko’rsatganlar. Xorijiy ustozlardan ta’lim olgan, keyinchalik tilni mukammal bilgan talabalar xorijiy Sharq mamlakatlarida tarjimon va boshqa turli diplomatiya vazifalarida faoliyat ko’rsatib keldilar. Faqat 1960-1970-yillar davomida xorijiy Sharq mamlakatlaridan 10 nafar mutaxassis dars berishga taklif etilgan edi. Shuningdek, fakultet o’qituvchi va talabalari ham o’z navbatida xorijiy Sharq mamlakatlariga til bilimlarini takomillashtirish maqsadida u yerlardagi turli institut va universitetlarda malaka oshirib qaytdilar.
1957-yildan boshlab Toshkent va O’zbekistonning boshqa viloyatlarida arab, fors, hind, urdu, xitoy tillari bo’yicha maxsus maktablar ochila boshlandi. Hozirgi kunda bu xildagi maktablarning soni 50 dan oshib ketgan. Quvonchlisi shundaki, mazkur maktablarda dars berib, o’quvchilarga sharq tillari va adabiyotini o’rgatib kelayotganlar sharq fakultetini bitirgan malakali mutaxassislardir.
1990-yilda sharq fakulteti negizida Toshkent davlat universiteti qoshida Sharqshunoslik instituti tashkil etildi. 1991-yilda esa O’zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.A.Karimovning shaxsiy tashabbusi va farmoni bilan Toshkent Davlat universiteti qoshidagi Sharqshunoslik instituti mustaqil Toshkent Davlat Sharqshunoslik institutiga aylantirildi. 1991-yil 15-iyulda qabul qilingan bu qaror respublikamizda malakali sharqshunos kadrlar tayyorlashni yanada takomillashtirish, Sharq xalqlari tarixi va madaniyati sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish va chuqurlashtirish hamda O’zbekiston Respublikasini xorijiy mamlakatlar bilan xalqaro munosabatini rivojlantirish va boy adabiy-madaniy merosimizni chuqur va atroflicha o’rganish istiqbollarini ochib berdi.
Shuni qayd qilish kerakki, 1990-yilda sharq fakultetini 132 kishi tamomlagan bo’lsa, 1994-1995-o’quv yilida Toshkent davlat sharqshunoslik institutini 330 nafar yigit-qiz bitirib chiqdi. Oxirgi paytlarda har yili taxminan 200-300 talaba institutda o’qish uchun qabul qilinmoqda.
Mustaqil Respublikamizning bugungi ehtiyojlarini inobatga olgan holda, institutda sharqshunoslik sohasidagi turli ixtisoslik va yo’nalishlarning doirasi birmuncha kengaytirildi. Institut fakultet bo’lgan davrda faqat filolog va tarix ixtisosligi bo’yicha kadrlar tayyorlagan bo’lsa, bugungi kunda bu bilim maskanida sakkiz mutaxassislik bo’yicha ta’lim berilmoqda. Ilgari fakultetda 7 kafedra faoliyat ko’rsatgan bo’lsa, bugungi kunga kelib Sharqshunoslik institutida kafedralar soni 26 taga yetdi. Hozir faqat filologiya fakultetining o’zida 13 ta kafedra mavjuddir. Institut tashkil etilgach, arab, fors, dariy, hind, urdu, xitoy, uyg’ur tillari bilan bir qatorda yapon, koreys, turk tillari va adabiyoti o’qitila boshlandi. Shuningdek, talabalarga qo’lyozma asarlarni chuqur o’rgatish, kelajakda ular ustida ilmiy tadqiqot ishlari olib borishga zamin tayyorlash maqsadida manbashunoslik va matnshunoslik kafedrasi tashkil etildi. Bulardan tashqari xorijiy Sharq mamlakatlarining iqtisodiy aloqalarini o’rganishni chuqurlashtirish maqsadida xalqaro iqtisodiy munosabatlar hamda xalqaro aloqalar kafedralari vujudga keldi. Shu bilan birga Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyoti, marketing va menejment kafedralari tuzildi. Til ta’limini takomillashtirish uchun institutda sharq tillarini o’qitish metodikasi kafedrasi tashkil etildi. Kafedra faoliyati o’qitilayotgan har bir til ta’limining o’ziga xosliklarini o’rganish va o’rgatish bilan bir qatorda pedagogika va psixologiya asoslaridan ham ta’lim berishga yo’naltirilgan.
Yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashda o’qituvchilarning malaka va saviyasi katta ahamiyatga egadir. Ayni paytda sharqshunoslik institutida 300 ga yaqin murabbiy ta’lim-tarbiya bermoqda. Ularning 170 nafari fan doktorlari va fan nomzodlaridan iboratdir. Institut talabalari mashhur sharqshunos olimlar, O’zbekiston FA ning haqiqiy va muxbir a’zolaridan saboq olmoqdalar. Shu kunda institutda arab, fors, turk, pushtu, urdu, hind, bengal, xitoy, uyg’ur, koreys, yapon tillari va adabiyoti ixtisosliklarini o’z ichiga olgan sharq filologiyasi fakulteti bilan bir qatorda tarix, xalqaro iqtisodiy munosabatlar va koreyashunoslik kabi to’rt fakultet, shuningdek, sharq tillariga ixtisoslashgan Mintaqa til o’rgatish markazi mavjud.
Institut o’zining aspirantura va doktoruntarisiga egadir. Hozirgi kunda aspiranturada ko’p sonli iqtidorli yoshlar 12 ixtisoslik bo’yicha ilmiy izlanishlar olib bormoqdalar. Institutda, shuningdek, Osiyo va Afrika xalqlari adabiyoti, tillari hamda zamonaviy siyosiy jarayonlar bo’yicha 3 ta fan doktori va nomzodi ilmiy darajasini berishga ixtisoslashgan ilmiy kengash faoliyat ko’rsatib kelmoqda.
Institutda ta’lim ishlari bilan bir qatorda sharqshunoslikning muhim muammolari sohasida ham ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Bugungi kunda institut qoshida tashkil etilgan to’rtta ilmiy guruhning faoliyati shunga qaratilgan. Bulardan “Arabzabon yozma madaniy yodgorliklarni tadqiq etish” hamda “O’zbek tilining tarixiy lug’ati” guruhlarida o’zbek sharqshunosligi uchun an’anaviy bo’lib kelgan mumtoz mavzular ustida tadqiqot ishlari olib borilayotgan bo’lsa, “Xorijiy Sharq mamlakatlari va mintaqaviy tashkilotlar” hamda “O’zbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy faoliyati samaradorligi” guruhlarida zamonaviy muammolar yechimi ustida ilmiy ish olib borilmoqda. Bu guruhlarning ilmiy izlanishlari natijalari muntazam ravishda monografiyalar, ilmiy maqolalar va tarjimalar shaklida nashr etilib kelinmoqda. Toshkent davlat sharqshunoslik institutida bir necha yildan beri “Sharq mash’ali” va “Mayak Vostoka” jurnallari nashr etilmoqda. Bu jurnallar respublikamiz davriy nashrlari o’rtasida o’ziga xos o’ringa ega bo’lib kelmoqda. Ulardagi mavzu rang-barangligi, yangi va qo’l urilmagan mavzularning yoritilishi, qolaversa, maqolalarning xorijiy tillarni yaxshi bilgan, asl manbalardan foydalana oladigan mudarris va ilmiy xodimlar qalamiga mansubligi bu nashrlarga shuhrat keltirmoqda. Institutda shuningdek, “Sharqshunoslik” deb ataluvchi va boshqa ilmiy to’plamlar muntazam ravishda nashr etilib turibdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |