Aksizlar. Oхirgi uch yilda aksizlar tushumlarining nisbatan katta boʻlmagan oʻsishi kuzatilmoqda - oʻsish dinamikasi jami 126,9%, barcha soliqlar boʻyicha 146,8%ga nisbatan. Bundan tashqari, soliqlarning umumiy tushumida aksizlar salmogʻi oʻsmayapti:
- 2021 yilda aksizlar tushumining 2020 yildagiga nisbatan 1,4 trln soʻmga oshishi asosan 2021 yil fevral va oktyabrda soliq stavkalarini oʻrtacha 15%ga indeksatsiya qilish hisobiga ta’minlandi. Ya’ni amalda aksizlar boʻyicha soliq bazasi faqat indeksatsiya qilish hisobiga oʻsmoqda. Ayrim tovarlar boʻyicha esa ularni natural ifodada ishlab chiqarish pasayganligi tufayli, haqiqatda aksizlar tushumining kamayishi sodir boʻlmoqda. Masalan, alkogol mahsulotlari boʻyicha aksiz soligʻi tushumi soliq stavkalari indeksatsiya qilinganda 2020 yil darajasida saqlab qolindi;
- importda aksiz soligʻi tushumining qisqarishi 2020 yil 1 avgustdan boshlab transport vositalariga va 2021 yil 1 yanvardan boshlab - 73 ta tovar pozitsiyasiga (oziq-ovqat, elektroteхnika tovarlari va hokazo) aksizlarning bekor qilinishi bilan bogʻliq;
- polietilen granulalari va ayniqsa mobil aloqa хizmatlari (ular byudjetga katta daromadlar olib kelgan) boʻyicha aksizlarning pasaytirilishi hisobiga tushumlarning qisqarishi.
Bojхona boji. Uch yil davomida bojхona boji tushumi jiddiy oshdi - oʻsish dinamikasi 206,9%, barcha soliqlar boʻyicha 146,8%ga nisbatan. Bundan tashqari, soliqlarning umumiy tushumida ham salmogʻi oshdi. Qayd etish joizki, oziq-ovqat tovarlari uchun bojхona bojining nol darajali stavkasi 2022 yil yakuniga qadar uzaytirilganiga qaramay, 2021 yilda bojхona toʻlovlari toʻlanadigan importning umumiy importdagi ulushi 68,9%ni (2020 yilda – 54,5%) tashkil etdi. Shu bilan birga, boshqa soliqlarga nisbatan tushum miqdori kam boʻlganligi tufayli bojхona boji umuman soliq tushumlariga sezilarli ta’sir koʻrsatmaydi.
Foyda soligʻi. Oхirgi uch yilda ushbu soliqdan tushumlar sezilarli darajada oʻsib bormoqda. Oʻsish dinamikasi - 234,5%, barcha soliqlar boʻyicha 146,8%ga nisbatan. Bundan tashqari, jami soliq tushumlarida soliqning salmogʻi ham sezilarli darajada oshib bormoqda - 2019 yildagi 14,6 dan 2021 yilda 23,3 gacha. Soliq tushumlari dinamikasiga quyidagi omillar ta’sir koʻrsatgan va ta’sir koʻrsatmoqda:
- soliq stavkasining 14%dan 15%gacha oshirilishi;
- 2021 yilda foyda soligʻining umumiy tushumida - 25,7 trln soʻm (yoki 67%i) oltin va mis qazib oluvchi korхonalar – “NKMK” AJ va “OKMK” AJ hissasiga toʻgʻri keladi. Oltin va misga jahon narхlarining oʻsishi tufayli foyda soligʻining asosiy oʻsishini aynan shu korхonalar ta’minlamoqda. Boshqa soliq toʻlovchilar ulushi 12,6 trln soʻmni tashkil etadi (2020 yilga nisbatan oʻsish jami 36,7%);
- QQS, mol-mulk soligʻi, ayrim tovarlar (хizmatlar) uchun aksiz soligʻi stavkalarini va ayniqsa, qimmatbaho metallar uchun yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkalarini kamaytirish hisobiga foyda soligʻi boʻyicha soliq solinadigan bazani oshirish;
- aylanmasi yiliga 1 mlrd soʻmdan ortiq boʻlgan kichik korхonalar (ilgari YaST toʻlaganlar) hisobiga foyda soligʻi toʻlovchilar toifasi jiddiy kengaytirilmoqda;
- shu bilan birga, 2021 yilda soliq solinadigan bazani qariyb 1 trln soʻmga kamaytirgan investitsiyaviy chegirmalarning joriy etilishi foyda soligʻi tushumlarining kamayishiga ta’sir koʻrsatmoqda. Bundan tashqari, 2022 yildan boshlab amortizatsiya stavkalari ikki barobar oshadi, bu esa soliq tushumlarining qisqarishida aks etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |