3. V.Pareto – jamiyat indivivdlarning o‘zaro munosabatlari tizimi sifatida
Olimning nazarida uning sotsiologik qarashlari va yaratgan tizimi jamiyat to‘g‘risidagi X1X asr ijtimoiy-siyosiy qarashlarida asosiy o‘rinni egallagan spekulyativ va metafizik qarashlarga chek qo‘yishi kerak edi. U Kont, Mill, Spenserning sotsiologik nazariyalarini qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsada, bilimni amaliy jihatdan asoslash paytidagi uquvsizliklarini aytib o‘tgan. Uning fikricha, sotsiologiya huquq, siyosiy iqtisodiyot, siyosiy tarix, din tarixi kabi har xil fanlarning sintezi bo‘lib, asosiy maqsadi jamiyatni yaxlit tizim sifatida o‘rganishdan iborat bo‘lgan.
Jamiyatning tashkil topishi, faoliyati va o‘zgarishlarining asosiy tamoyillarini ochib berishda Pareto mantiqiy-eksperimental usuldan foydalangan. Uning asosiy g‘oyalaridan biri jamiyatning sekinlik bilan parchalanadigan va qayta tiklanadigan muvozanat holatidagi tizim ekanligidir. Muvozanat tushunchasini Pareto Vilrasning iqtisodiy nazariyasidan olgan bo‘lib, unga mexanistik mazmun bag‘ishlagan. Tizimning bir qismida sodir bo‘lgan o‘zgarish boshqa qismiga ham, albatta o‘tadi va “dinamik muvozanat” tiklangunga qadar butun tizim harakatga keladi.
V.Pareto jamiyatga qismlarning o‘zaro bog‘liqligidan tashkil topgan tizim sifatida qaradi. Xuddi kimyoviy elementlar qo‘shilishidan o‘ziga xos birikma tashkil topgani singari individlar ham o‘ziga xos molekulalar bo‘lib, ularning birikuvidan sotsial tizim tashkil topadi. Jamiyatni tizimli tahlil qilish Pareto sotsiologiyasining o‘ziga xos xususiyati va muhim yutig‘idir. Sotsiologiya tarixida bunday yo‘nalish jamiyatning ikki modeli (jamiyat organik birlik, jamiyat mexanik birlik) ta’sirida shakllangan bo‘lib, Pareto Dyurkgeymdan farqli ravishda jamiyatga mexanizm sifatida talqin qildi.
V.Pareto muayyan zamon va makondagi sotsial tizimning xolatini quyidagi omillar bilan belgiladi:
1) tashqi tabiiy shart–sharoitlar (tuproq, iqlim, flora va fauna);
2) notabiiy xarakterga ega bo‘lgan omillar boshqa jamiyatlarning mazkurj amiyatga ta’siri;
3) sistemaning ichki elementlari: xissiyot, mafaatlar, intilishlar, kuzatish, mulohaza yuritish qobiliyati va x.o.
V.Paretoning fikricha, bir element boshqa elementga nisbatan qanday rol o‘ynashi aniqlanganidan keyingina sotsial tizimning har bir elementini tushunish mumkin. Jamiyatdagi ta’sir va aks ta’sir jarayonlari bir-birini neytralashtiradi. Shuning uchun ham jamiyat muvozanat holatida bo’ladi. Jamiyat muttasil ravishda revolyutsion o‘zgarishlarni kechirib turar ekan, jamiyat muvozanati dinamik xarakter kasb etadi. Muvozanatni qo‘llab-quvvatlashda his-tuyg‘u, muhim ahamiyatga ega.
Pareto sotsial rivojlanishning «taraqqiyot (progress) nazariyasi»ni keskin tanqid qildi. Uning fikricha, sotsial tizim rivojlanishi huddi mayatnik kabi siklli (takrorlanuvchi) bo‘ladi. Bu jamiyat hayotining barcha sohalarida kuzatiladi. Taraqqiyotning almashinuvchi tendensiyalari jamiyat muvozanatini ta'minlaydi.
Paretoga ko‘ra, sotsial geterogenlik sotsial tizimning muhim elementi bo‘lib, individlarning tug‘ilgan paytlaridanoq noteng ekanligini anglatadi. U yoki bu sotsial guruhning hususiyatlari uning a'zolarining qobiliyati va iste'dodiga bog‘liq. Bu esa o‘z navbatida guruhning jamiyatda tutgan o‘rnini belgilab beradi. O‘z sohasida yuqori natijalarga ega bo‘lgshan guruhni Pareto elita nomi bilan atagan. Elita – bu aholining ma'lum kam sonli qismi bo‘lib, jamiyatning boshqa a'zolari ularga intilib, ularning rag‘batini kutib yashaydi. O‘z navbatida elita ikki qismga ajratiladi. Birinchisi, “hukmron elita”, ya'ni bevosita yoki bilvosita jamiyatni boshqaruvchi guruhlar. Ikkinchi esa boshqaruvda ishtirok etmaydigan, jamiyatning san'at va ilmiy sohalarida band bo‘lgan guruhlar.
V.Pareto sotsial rivojlanishning siklli ko‘rinishini elita nazariyasida asoslashga xarakat qildi. Uning bu qarashlari E.Dyurkgeymning qarashlariga butunlay zid. U sotsiologiyaning vazifasi ideallarni asoslash, ilmiy zaminga qo‘yish, deb hisoblagan va sotsial ideallar sotsial voqelikda mujassamlashganligini isbotlashga harakat qilgan edi. E.Dyurkgeym barcha dinlar o‘z o‘rnida yaxshi ekanligini ta’kidlagan, V.Pareto esa barcha dinlar yolg‘on ekanligini isbotlashga harakat qildi. E.Dyurkgeym fan o‘z ob’yektini buzmasligi kerak, desa, V.Pareto aksincha fan o‘z ob’yektini buzishi va o‘zgarishi kerak, deb hisobladi. V.Pareto ham E.Dyurkgeym singari ideallarni real harakatchan kuch deb hisobladi. Biroq u bu ideallarning va nazariyalarning birortasiga ishonmadi. Bu ideallar yo yaqinlik mahsuli yoki hukmron elita qo‘lidagi keng ommani aldash vositasidir, deb hisobladi.
Elita sirkulyasiyasi – bu geterogen jamiyat a'zolari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar jarayoni bo‘lib, Pareto uni piramida shaklida tasvirlagan. Bunda elita piramidaning yuqorisini egallaydi. Elita istalgan vaziyatda o‘zini sovuqqon tuta bilishi, hisob-kitob va boshqalarning nozik tomonlarini ko‘ra bilishi, bu kamchiliklarni o‘z manfaati yo‘lida ishlata olish kabi xususiyatlarga ega bo‘ladi. Oddiy omma esa odatda hissiyotlarga o‘ta beriluvchan bo‘ladi. Bu holat jamiyatning ikki qismga ajralishini asoslab beradi. Paretoga kzo‘ra, bilimga ega bo‘lganlar hissiyotga beriluvchanlarni boshqara oladilar.
V.Pareto insonning aqliy mavjudot ekanligiga shubha bilan qaradi. Bu jihatdan unga Makiavveli qarashlari ancha yaqin edi. Uning yozishicha odamlar minnatdor bo‘lishni bilmaydigan subitsizlikdir, ular ikkiyuzlamachilik va yolg‘onchilikka moyil, boylikka o‘ch bo‘ladilar. Odamlarni faqat xavf – xatargina qo‘rqitib turadi. V.Paretoning antropologik falsafasi insonning ratsionalistik kontsepsiyasiga qarshi qaratilgan edi. U inson o‘z xatti-harakatlarini avvalo yaxshi o‘ylab ko‘radi va keyin unga muvofiq xatti-harakat qiladi, degan qarashga keskin qarshi chiqdi. Uning fikricha, inson dastaval xatti-harakatni amalga oshiradi, keyin uni izohlashga, tushuntirishga, oqlashga, ratsionallashtirishga urinadi.
V.Pareto ratsionalistik modelga qarshi chikar ekan, to`laligicha mantiq va eksperimentga asoslanuvchi ratsional fan pozitsiyasida turdi. Olim–sotsiologning bu ratsionalizmi yolg`on motivlar «nazariya»larni fosh etishga qaratilgan edi. Uning ta‘kidlashicha, biror-bir nazariyaning eksperimental haqiqiyligi bilan uning sotsial foydaliligi ko‘p xollarda bir biriga qarshidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |