«Xalqaro huquq manbalari» tushunchasi. Xalqaro huquq normalar ko‘rinishida mavjuddir. Har qanday xalqaro huquq normasining mohiyati uning subyektlari irodalarining kelishuvi jarayonida erishilgan bitimdan iboratdir. Har xil holatlarda xalqaro huquqiy normalarni yaratish jarayoni turlicha kechadi hamda turli shakllarni oladi. Xalqaro huquq normalarini yaratishning ana shu shakllari xalqaro huquq manbalari deb ataladi.
Xalqaro huquq manbalari doirasini belgilashda aksariyat huquqshunoslar ko‘pincha BMT Xalqaro sudi statutining 38-moddasiga murojaat qiladilar. Ushbu moddaga muvofiq, nizolarni xalqaro huquq asosida hal etar ekan, Xalqaro sud konvensiyalarni, xalqaro huquqiy odatlarni, madaniyatli millatlar tomonidan tan olingan huquqning umumiy prinsiplarini qo‘llaydi. Huquqiy normalarni belgilash uchun qo‘shimcha vosita sifatida sud qarorlari va eng malakali mutaxassislarning nazariyalari (doktrinalari) qo‘llanilishi mumkin1.
Keyingi paytlarda Xalqaro sud statutining 38-moddasi asosli tanqidlarga uchramoqda va buning hayratlanarli joyi yo‘q. Chunki ushbu modda Birinchi jahon urushidan so‘ng Xalqaro odil sudlov doimiy palatasi uchun yaratilgan edi. O‘sha davrning normativ materiallari esa anchagina qashshoq edi. Xalqaro tashkilotlarning soni juda kam bo‘lgan, ayni chog‘da alohida olimlarning asarlari katta obro‘ qozongandi.
Hozirgi zamon xalqaro huquqi manbalarining tizimi quyidagi uchta guruhga jamlangan:
Birinchi guruh – xalqaro huquqning universal manbalari: xalqaro shartnoma, xalqaro urf-odat.
Ikkinchi guruh – xalqaro huquqning maxsus manbalari, ya’ni xalqaro tashkilotlarning qarorlari.
Uchinchi guruh – xalqaro huquqning qo‘shimcha manbalari: huquqning umumiy prinsiplari; xalqaro tashkilotlarning rezolyutsiyalari; xalqaro sud va arbitrajlarning qarorlari.
Xalqaro huquqiy amaliyotda xalqaro shartnomalar eng aniq va nufuzli dalil sifatida xizmat qiladi. Kodifikatsiyalash odat huquqini siqib chiqarish va shartnoma huquqi bilan almashtirishga olib kelmaydi. Odat normasi kodifikatsiya konvensiyasiga kiritilganidan keyin ham o‘zining avvalgi shaklida mavjud bo‘lib qolaveradi. Bunday hollarda mazmunan bir-biriga muvofiq ikkita norma-shartnoma va urf-odat normalarining yonma-yon mavjud bo‘lishi va amal qilishini kuzatish mumkin.
Amaliyotni belgilash, odat normalarini shakllantirish borasida BMT Xalqaro sudi alohida o‘rin tutadi. Davlatlar sudlarining xalqaro huquq normalarini qo‘llashdagi mavqei ham o‘sib bormoqda. Ular faoliyatining natijasi o‘laroq, amaliyot odat normalarining dalili sifatida tobora katta ahamiyatga ega bo‘lib bormoqda.
Jami xalqaro huquqiy tizimlarning o‘zagi hisoblangan va ta’sir doirasi barcha davlatlar va xalqaro tashkilotlarni qamrab olgan umumiy xalqaro huquq odat normalaridan iboratdir.
Shuningdek, partikulyar, ya’ni ayricha urf-odat ham mavjudki, u cheklangan doiradagi davlatlarning alohida manfaatlarini ifodalaydi. Shu bois, bunday xalqaro huquqiy odatning shakllanishi barcha manfaatdor davlatlarning roziligini taqozo etadi.
Xalqaro huquq nazariyasida xalqaro huquqiy odat deganda, xalqaro amaliyotda shakllanib ulgurgan va xalqaro huquq subyektlari tomonidan yuridik majburiy ekanligi tan olingan yurish-turish qoidasi tushuniladi. Xalqaro odat aynan davlatlar amaliyoti natijasida tashkil topadi, bunda u huquqiy norma sifatida tan olinishi orqali xalqaro huquqiy odat normasi, degan mazmun kasb etadi. Bunday norma xalqaro odat shaklida o‘zining tashqi ifodasiga ega bo‘ladi.
Xalqaro huquqiy normalar yaratishning shartnomaviy shaklidan farqli o‘laroq, xalqaro huquqiy odat tegishli qoidalar shakliga mos holda aniq ifoda etilgan yuridik hujjat sifatida namoyon bo‘lmaydi. U xalqaro huquqning barcha yoki ayrim subyektlari o‘rtasida takrorlanadigan xalqaro harakatlar samarasi o‘laroq, yuzaga keladi va aniq shaklga ega normadan ko‘ra muayyan xulq timsolida ko‘proq namoyon bo‘ladi. Buning natijasida davlatlarning ziddiyatli va muntazam o‘zgarib turadigan amaliyotida xalqaro odat huquqi normalarini bo‘laklarga ajratish aksar hollarda o‘ta qiyinchilik bilan kechadi.
Xalqaro huquqiy odatga xos jihatlarga uning uzoq muddat qo‘llanishi va xalqaro munosabatlar ishtirokchilari uchun yuridik majburiy kuchga egaligiga nisbatan ishonch mavjudligi kiradi. Bunda xalqaro huquq subyektlari amaliyotining uzoq muddatliligi nisbiy ahamiyat kasb etadi. Hozirgi zamon xalqaro munosabatlarida odat normalarini (masalan, xalqaro kosmik huquq) qisqa muddat oralig‘ida yaratish tajribasi mavjud.
Xalqaro huquqiy odat xalqaro huquq manbai sifatida tan olinishi nuqtai nazaridan universal (umumiy) yoki cheklangan doiradagi xalqaro munosabatlarda tan olinishi nuqtai nazaridan partikulyar (mintaqaviy yoxud mahalliy) bo‘lishi mumkin. Oxirgi holatda xalqaro huquqiy odat xalqaro huquqning umum e’tirof etgan prinsiplariga (jus cogens) zid kelmasligi kerak.
Hozirgi zamon xalqaro huquqida odat normalarining ikki turi mavjud. Birinchisi an’anaviy bo‘lib, amaliyotda yozilmagan qoida sifatida shakllangan va yuridik kuchga egaligi tan olinadi. Ikkinchisi yangi tur, unga uzoq muddatli amaliyot chog‘ida yaratiladigan emas, balki bir necha yoki bitta hujjatdagi qoidalarni xuddi shu mazmunda tan olish orqali yuzaga keladigan normalardir. Xalqaro odatlar birinchi navbatda davlatlar amaliyotida yaratiladi. Odat normalarining yaratilishida hozirgi davrda xalqaro tashkilotlar qarorlari ham muhim rol o‘ynaydi. Xalqaro tashkilotlar o‘z faoliyati jarayonida odat normalari yaratilishi uchun ham ko‘maklashishi mumkin. Bunga misol sifatida BMT Xavfsizlik kengashi doimiy a’zolarining ovoz berishdan tiyilib turish amaliyotini aytsak bo‘ladi.
Xalqaro huquq nazariyasida odatiylik deganda, davlatlarning yuridik majburiy kuchga ega bo‘lmagan umumiy amaliyoti tushuniladi. Odatiylik asosan ayni shu jihati bilan xalqaro huquqiy odatdan farqlanadi. Xalqaro takalluf ko‘rsatish normalari ham odatiylikka kiradi. Elchilik va dengiz tantanali marosimlari (xususan, davlat rahbari yoki hukumat boshlig‘ini kutib olish tantanali marosimi; ochiq dengizda kemalarning o‘zaro mushakbozligi) odatiylikka yana bir misoldir. Odatiylik xalqaro huquq normasi sifatida namoyon bo‘lishi mumkin (ya’ni, barcha xalqaro muomala ishtirokchilari uchun yuridik majburiylik kuchiga ega xulq qoidasi sifatida namoyon bo‘lishi mumkin). Buning uchun odatiylik xalqaro huquqiy odatga yoki huquqning shartnomaviy normasiga aylanishi kerak bo‘ladi.
Ta’kidlash joizki, hozirgi zamon xalqaro huquqi aslida ko‘p jihatdan shartnoma huquqi hisoblansa-da, xalqaro huquqiy odat baribir uning xalqaro huquq manbai sifatidagi ahamiyatini saqlab qolmoqda. Hozirgi zamon xalqaro munosabatlarida shartnoma va odat huquqlari o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlik kuzatiladi.
Odat normalari o‘zlarining xalqaro shartnomalarda mustahkamlab qo‘yilishi orqali shartnoma huquqi normalariga aylanadi. Bunda ular ko‘pincha shartnomaviy yo‘l bilan bekor qilinadi, o‘zgartiriladi yoki rivojlantiriladi (masalan, xalqaro huquqni kodifikatsiyalash va ilg‘or rivojlantirishga doir xalqaro shartnomalarda). Bundan tashqari, shartnoma normasi agar u umum tomonidan e’tirof etilib, odat huquqining umum tan olgan normasiga aylansa, tegishli shartnomada ishtirok etmayotgan davlatlar uchun ham odat sifatida namoyon bo‘lishi mumkin. Masalan, 1968-yildagi Yadroviy qurollarni tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomada hozircha dunyoning barcha davlatlari ishtirok etmayapti, ammo uning aynan barcha davlatlar uchun majburiy normalar sifatidagi qoidalarini tan olish tobora kengroq tasdig‘ini topmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |