Shuning uchun ham to‘liq bandlik mavjud bo‘ladi. Bu iqtisodchilar davlatning iqtisodiyotga aralashuvi qisqa muddatli samara bersada, uzoq muddatga, oxir-oqibat bozor iqtisodiyotining tabiiy harakat mexanizmiga notabiiy aralashilganligi uchun, salbiy oqibatlarga olib keladi deb hisoblashadi.
1936-yili ingliz iqtisodchisi Jon Meynard Keyns kapitalizm iqtisodiyotiga yangi, ish bilan bandlik nazariyasini kiritadi. U o‘zining «Pul, foiz va ish bilan bandlikning umumiy nazariyasi» asarida yangicha iqtisodiy muvozanat nazariyasini izohlab berdi.
Keyns makroiqtisodiy muvozanatga to‘liq bo‘lmagan bandlik sharoitida ham erishish mumkinligini, to‘la ish bilan bandlik qonuniy holat emasligini, balki tartibga solinmagan iqtisodiyotda tasodifiy ro‘y berishigina mumkinligini isbotlab berdi. Shuningdek, bu nazariyada iqtisodiyotdagi tebranishlar faqat urush, tabiiy ofat va shu kabi vaziyatlargagina bog‘liq emasligini, balki u tinchlik yillarida ham ichki omillarning salbiy oqibatlaridan kelib chiqishi mumkinligi asoslagan. Ishsizlik va inflatsiyaning kelib chiqishi investitsiya va jamg‘armalarga bevosita bog‘liq. Narxlarning oshishi va ish haqining pasayishi boshqa salbiy omillar bilan birga iqtisodiyotning beqarorligiga olib keladi.
Bunday nomutonosibliklar rejalashtirilgan investitsiyalar va jamg‘armalarning bir-biriga mos kelmasligi tufayli ro‘y beradi.(7.2-rasm).
Bunga sabab birinchidan, jamg‘arish va investitsiyalash to‘g‘risidagi qarorlarni har xil guruhlardagi odamlar turli maqsadlarda qabul qilishi bo‘lsa. ikkinchidan, jamg‘aruvchilar va investorlarni jamg‘arish va investitsiyalashga turlicha sabablar undaydi. Keynschilar fikricha, jamg‘arma va investitsiyalar bitta omilga bog‘liq bo‘lmagan holda turli sabablar asosida amalga oshiriladi. Masalan, kishilar qiymati o‘zining ish haqi miqdoridan ortiq bo‘lgan mahsulotlarni sotib olish uchun, masalan avtomobil yoki televizor xarid qilish uchun jamg‘arishadi. Jamg‘armalar biror shaxs yoki oilaning kelajakdagi iste’molini qondirish maqsadida, ya’ni, uy xo‘jaliklari oila boshlig‘ining nafaqaga chiqqandan keyingi hayotini yoki bolalari kelajagini ta’minlash maqsadida amalga oshiriladi.
100
Bundan tashqari jamg‘armalar tasodifiy vaziyatlarda foydalanish maqsadida ham amalga oshiriladi.
Investorlarni investitsiya qilishga undovchi sabablar esa foiz stavkasi bilan birga kutilayotgan sof foyda normasi hamdir.
Klassiklar nazariyasi bo‘yicha jamg‘arma va investitsiyalar miqdorini aniqlaydigan asosiy omil foiz stavkasi hisoblanadi. Agarda, u oshsa, uy xo‘jaliklari kamroq iste’mol qilib, ko‘proq jamg‘arishga harakat qilishadi. Uy xo‘jaliklarida jamg‘armalarning ko‘payishi kredit narxlarining kamayishiga olib keladi. Bu esa o‘z vaqtida investitsiyaning o‘sishini ta’minlaydi.
Keynschilar fikricha esa, foiz stavkasi emas, balki aholining ixtiyoridagi daromadi iste’mol va jamg‘arish dinamikasini belgilab beradi. Keltirilgan nazariy asoslarga tayangan holda Keyns o‘zining makroiqtisodiy muvozant modelini ishlab chiqdi.