2.2. “O’zagrolizing” aksiyadorlik lizing kompaniyasining marketing va xo’jalik faoliyati kompleks tahlili.
«O'zagrolizing» aksiyadorlik jamiyati O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 30 oktyabrdagi 486-sonli qarori asosida o'z mablag'lari va jalb etilgan (qarz, kredit) mablag'lar hisobidan mashina- traktor parklariga, qishloq xo'jalik korxonalariga, dehqon va fermer xo'jaliklariga ularning topshiriqnomalari bo'yicha sotib olinadigan qishloq xo'jaligi mashinalarini va boshqa mexanizasiya vositalarini lizingga yetkazib beradi. Bunda yetkazib beriladigan texnika qiymatining 25%-40% gacha qishloq xo'jaligi korxonalari tomonidan oldindan avans to'lovlari to'lanadi, qolgan 75%-60 % gacha qismi Jamiyat tomonidan moliyalashtiriladi. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000 yil 2 noyabrdagi 424-sonli qarori asosida yetakchi xorijiy Kompaniyalar ishtirokida ishlab chiqarilgan traktorlar va o'rim yig'im texnikasi fermer xo'jaliklariga, mashina-traktor parklariga hamda “O'zagrokimyohimoya” aksiyadorlik jamiyatining qishloq xo'jaligiga xizmat ko'rsatuvchi filiallariga quyidagi shartlar asosida lizingga yetkazib beriladi:
- zamonaviy qishloq xo'jaligi texnikasi qiymatining 20 foizi avans sifatida lizing oluvchilar tomonidan o'z mablag'lari hisobiga to'lanadi;
- zamonaviy qishloq xo'jaligi texnikasi qiymatining 80 foizi «O'zagrolizing» aksiyadorlik jamiyati tomonidan unga O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi davlat xaridi uchun qishloq xo'jalik mahsulotlari yetishtirish va qishloq xo'jaligini texnika bilan jihozlashni maqsadli moliyalashtirish jamg'armasi qarz asosida beradigan mablag'lar hisobiga moliyalashtiriladi va imtiyozli (Markaziy bank qayta moliyalashtirish stavkasining 50 foizidan yuqori bo'lmagan) foiz stavkalarida, 7 yildan 10 yilgacha bo'lgan muddatga yetkazib beriladi23.
Shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 19 maydagi 2969-sonli, 2017 yil 21 avgustdagi 3228-sonli qarorlariga asosan Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlaridagi qishloq xo'jalik korxonalariga lizing shartnomalari asosida texnikalar yetkazib beriladi. Jamiyat tomonidan 2001 yilda 22,8 mlrd.so'mlik 7 turdagi 3314 dona texnika lizingga yetkazib berilgan bo'lsa, 2017 yil 1 noyabr holatiga lizingga berilgan texnikalarning umumiy qiymati 1901,9 mlrd. so'mni, soni 65 508 donani, turi 62 tani tashkil etdi yoki o'tgan 17 yil mobaynida qiymat jihatidan 83,4 barobarga, miqdor jihatidan 19,7 barobarga o'sishni tashkil etdi. 2001 yilda jamiyat tomonidan 2108 nafar lizing oluvchi bilan shartnomaviy munosabatlar o'rnatilgan bo'lsa, 2017 yil yakuniga kelib, jamiyat faoliyati bilan qamrab olingan lizing oluvchilar soni 51265 nafarga yetdi va bu 2001 yilga nisbatan 24,3 barobarga ko'pdir. Jamiyat tomonidan 2012-2017 yillar mobaynida respublikamiz qishloq xo'jaligiga lizingga yetkazib berilgan texnikalar va lizing oluvchilar soni quyidagi jadvalda ko'rsatilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |