360
Odilqoriyev X.T.
Davlat va huquq nazariyasi
ijtimoiy ongi sud hokimiyatini e’tirof etishi, unga ko‘nikishi lozim. Sud hokimi-
yati davlatning muayyan sudlov siyosatini shakllantiradi va ro‘yobga chiqaradi.
Sudlov siyosatining asoslari qonunda o‘z aksini topadi va sud muassasalari
faoliyati orqali hayotga tatbiq etiladi.
O‘zbekistonda mustaqil, adolatli sud hokimiyatini qaror toptirish davlat
siyosatining ustuvor yo‘nalishidir. Endigi islohotlarning bosh vazifasi sudni
adolat va haqiqat posboniga aylantirishdan iborat. Pirovardida sudga munosabat
tubdan o‘zgarib, unga hurmat shakllanishi lozim. Buning uchun sud organlari
faoliyatining huquqiy asoslarini qadam-baqadam takomillashtirib borish zarur.
Mazkur huquqiy asos sud va sudyalarning hokimiyatning boshqa barcha tar-
moqlaridan haqiqiy mustaqilligini, sud qarorlarini qabul qilishda ularning faqat
qonunga bo‘ysunishini ta’minlashi lozim. Bu huquqiy asos demokratizmni,
xolislikni, sudning hammabop bo‘lishini, sudning himoya doirasi kengayishini
ta’minlashi lozim.
Mamlakatimizda sud islohotlarini jiddiy jonlantirishda, uni yangicha yon-
dashuvlar asosidagi yangi bosqichga ko‘tarishda «O‘zbekiston Respublikasini
2017–2021-yillarda yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi» alo-
hida o‘rin tutadi. Mazkur Strategiyaning ikkinchi ustuvor yo‘nalishi «Qonun
ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish» deb nomlan-
gan. Unda sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, sud tizimini
demokratlashtirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya
qilishni kafolatlash, sud faoliyatiga oid qonunchilikni takomillashtirish, sud-huquq
tizimida qonuniylikni mustahkamlash kabi muhim masalalar belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 21-oktabrdagi «Sud-
huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini
ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»ga
va 2017-yil 21-fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini
tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari
to‘g‘risida»gi farmonlari mamlakatimiz sud tizimini izchil demokratiyalash, sud
hokimiyatining mustaqilligini ta’minlash, fuqarolarning huquq, erkinlik va qo-
nuniy manfaatlarining ishonchli sud himoyasini kafolatlash borasida katta qa-
dam bo‘ldi. Ushbu farmonlar tufayli sud tizimida jiddiy tub islohiy o‘zgarishlar
yuz berdi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi yagona oliy sud organiga aylandi;
xo‘jalik sudlari va harbiy sudlar tugatildi; iqtisodiy va ma’muriy sudlar tashkil
etildi; Sudyalar oliy kengashi tuzildi, u sudyalik lavozimiga tanlash va tayin-
lash vakolatlariga ega bo‘ldi; sudyalik lavozimiga tayinlash (saylash) birinchi
marotaba besh yil muddatga va keyin o‘n yilga, shundan so‘ng muddatsiz
davrga deb belgilandi. Yuqoridagi masalalar yuzasidan O‘zbekiston Respub-
likasi Konstitutsiyasiga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |