12-bob. Bank kartasi saqlovchilarining huquqlarini himoya qilish 45. Bank kartasi emitenti bank kartasi hisobvarag‘i egasiga bank kartasidan foydalanmagan holda bank kartasi hisobvarag‘i bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirish imkoniyatini ta’minlashi zarur.
46. Bank kartasining saqlovchisi, uning bank kartalari orqali amalga oshirilgan operatsiyalari hamda bank kartalarining o‘zi haqidagi ma’lumot — bank siri ma’lumotlari bo‘lib hisoblanadi va qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda taqdim etilishi mumkin.
13-bob. Ekvayerning huquq va majburiyatlari va savdo va xizmat ko‘rsatish subyektlari oldidagi javobgarlik chegarasi 47. Ekvayer quyidagi huquqlarga ega:
Tijorat banklarida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat qoidalariga (ro‘yxat raqami 2886, 2017-yil 23-may) muvofiq bank kartasining saqlovchisidan uning shaxsini tasdiqlovchi hujjat taqdim etishini talab qilish;
naqd pul berish operatsiyasini amalga oshirishda bank kartasi hisobvarag‘idan bankning xizmat haqini undirish;
savdo va xizmat ko‘rsatish subyektlari bilan hisob-kitob operatsiyalarini o‘tkazish uchun shartnomada ko‘zda tutilgan vositachilik haqini bevosita hisobvaraqlarga kelib tushadigan summa hisobidan ushlab qolish.
48. Ekvayer quyidagilarga amal qilishi shart:
naqd pul berish operatsiyasini amalga oshirishda ekvayer tariflari o‘zgarganligi to‘g‘risidagi axborotni bank karta saqlovchilariga yetkazish;
savdo va xizmat ko‘rsatish subyektlari bank kartalari orqali amalga oshirgan operatsiyalari bo‘yicha hisob-kitoblarning o‘z vaqtida bajarilishini va uning to‘g‘riligini ta’minlash;
o‘zi ishtirokchi bo‘lgan to‘lov tizimining barcha bank kartalariga xizmat ko‘rsatish;
savdo va xizmat ko‘rsatish subyektlarini tuzilgan shartnomada belgilangan shartlar asosida bank kartalari egalariga xizmat ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan qurilmalar va ma’lumotlar bilan ta’minlash;
bank kartalari orqali o‘tkazilgan operatsiyalar bo‘yicha savdo va xizmat ko‘rsatish subyektlari bilan o‘zaro hisob-kitoblarni vaqtida va to‘g‘ri amalga oshirilishini ta’minlash.
49. Ekvayer tovar (ish, xizmat va boshqalar) sotuvchisi oldida bank kartasi orqali hisob- kitoblarni amalga oshirish bo‘yicha quyidagi hollarda javobgarlikni o‘z zimmasiga olmaydi:
tovar (ish, xizmat va boshqalar) sotuvchisi bank kartalari orqali operatsiyalarni amalga oshirishda tuzilgan shartnomalarda o‘rnatilgan qoida va tartibni buzganda;
tovar (ish, xizmat va boshqalar) sotuvchisi tomonidan o‘tkazilgan to‘lov operatsiyasi to‘g‘risida hujjat yoki axborotlar mavjud bo‘lmaganda;
tovar (ish, xizmat va boshqalar) sotuvchisi tomonidan noqonuniy harakatlar amalga oshirilganda.