8-bob. Bank kartalari bilan hisob-kitoblar 24. Bank kartalaridan foydalangan holda amalga oshirilgan hisob-kitoblar qog‘ozda (slip, cheklar, sms-xabar) yoki elektron shaklda boshqa ma’lumotnomalar bilan tasdiqlanadi. Bunda mazkur ma’lumotnomalar hisob-kitoblarni amalga oshirishda ishtirok etuvchi tomonlarga yetarli nusxalarda shakllantiriladi. Ma’lumotnomalar bank kartalari orqali amalga oshirilgan operatsiyalar to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlarni o‘z ichiga olishi kerak.
25. Ma’lumotnomalarda bank kartasi va uning saqlovchilarining bankdagi hisobvaraqlari rekvizitlari, shuningdek tashkilotlar, naqd pul berish punktlari va bankomatlar to‘g‘risida ma’lumotlar bo‘lishi shart.
26. Elektron ma’lumotnomalar bank-ekvayerga, bank-emitentga hamda shartnomada nazarda tutilgan hollarda to‘lov tizimi operatori va to‘lov tashkilotiga yuboriladi.
27. Bank kartalari bo‘yicha banklar o‘rtasidagi hisob-kitoblar:
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki (bundan buyon matnda Markaziy bank deb yuritiladi) to‘lov tizimlari orqali umumiy asosda amalga oshiriladi;
Banklar o‘rtasida ular tomonidan chiqarilgan milliy valyutadagi bank kartalaridan foydalanilgan holda amalga oshirilgan operatsiyalar bo‘yicha to‘lovlarga ishlov berish hamda ularning kliringi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining hisob-kitoblar kliring tizimi to‘g‘risida nizomga (ro‘yxat raqami 2570, 2014-yil 4-aprel) muvofiq tartibda amalga oshiriladi.
28. Amalga oshirilgan operatsiyalar bo‘yicha umumiy hisob-kitoblar to‘lov tizimlari orqali quyidagicha amalga oshiriladi:
bank tomonidan xizmat ko‘rsatilayotgan mijozdan olingan elektron hujjatlar asosida ekvayerda avtomatik ravishda elektron xabarnoma shakllanadi hamda o‘tkazmalarni avtorizatsiya qilish va amalga oshirish uchun to‘lov tizimi orqali emitentga yuboriladi;
emitent elektron xabarnoma asosida tranzaksiyani avtorizatsiya qilib, mablag‘larni to‘lov tizimi orqali tegishli mablag‘larni oluvchiga o‘tkazish uchun ekvayerga yuboradi hamda mablag‘larni bank karta hisobvarag‘idan hisobdan chiqarish uchun elektron memorial orderni dasturiy ravishda shakllantiradi;
mablag‘lar ekvayer tomonidan emitentdan olingan elektron memorial order asosida mablag‘larni oluvchining hisobvarag‘iga o‘tkaziladi va memorial order ro‘yxat ko‘rinishida chop etilib, bankning kunlik hujjatlar yig‘majildiga tikiladi.
29. To‘lov tizimi operatori orqali hisob-kitoblar quyidagicha amalga oshiriladi:
amaliyot kuni davomida bank kartalari bo‘yicha to‘lov tizimi operatori orqali amalga oshirilgan barcha operatsiyalar hisob-kitob ishtirokchilari uchun ochilgan alohida shaxsiy hisobvaraqlarda yuritiladi;
yakuniy summalar Markaziy bankning hisob-kitoblar kliring tizimi orqali O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining Hisob-kitoblar markazida ochilgan banklarning vakillik hisobvaraqlariga shartnomada nazarda tutilgan muddatda o‘tkaziladi yoki hisobdan chiqariladi;
banklar tomonidan to‘lov tizimi operatoridan olingan ma’lumotlar asosida mijozning bank kartasi hisobvarag‘iga mablag‘lar o‘tkaziladi yoki hisobdan chiqariladi.