Topshiriq
Ona tilida yangi so‘zni o‘zlashtirishga qaratilgan mashq ishlang. Bunda ma’ruzada aytilgan nazariya asos bo‘lishi kerak.
1-matn
Qadim o‘tgan zamonda, uzoq o‘lkalardagi qalin o‘rmon ichida bir qarg‘a yashagan ekan. U o‘z umridan juda mamnun, baxtli hayot kechirar ekan. Biroq bir kuni ko‘kda viqor bilan uchib ketayotgan oqqushni ko‘ribdi-yu, o‘ylab qolibdi: “U juda ham oppoq qush ekan. Shuning uchun juda chiroyli. Men esa qop-qoraman. Nazarimda, oqqush dunyodagi eng baxtli qush bo‘lsa kerak”.
U xayolan kashf qilgan baxt haqidagi xulosalarini oqqushga borib aytibdi. O‘zining baxtsizligidan nolibdi. Oqqush uzun bo‘ynini oldinga cho‘zib javob qilibdi:
– Umuman olganda, gaping to‘g‘ri. Ammo mendan ham baxtliroq qush bor, bu – to‘ti. U dunyodagi eng baxtli qush hisoblanadi.
Oqqushning tan olib gapirishidan to‘tining dunyodagi eng baxtli qush ekanligiga ishonchi ortgan qarg‘a yo‘lda to‘tini uchratibdi. Unga oqqushning ta’rifini aytibdi. To‘ti boshini sarak-sarak qilgancha so‘zga kiribdi:
– Do‘stim, oqqushning gapida jon bor. Sababi toki tovusni uchratmagunimcha men ham shunday iqrorda edim. Endi bilsam, dunyodagi eng baxtli qush tovus ekan. Mana, qara, menda faqatgina ikki xil rang bor. Mening go‘zalligim shu ikki tusli patlarimda. Ammo tovusda olamda bor jamiki rangni uchratasan. Shubhasiz, u dunyoning eng go‘zal, eng baxtli qushi.
Qarg‘a xulosalariga yakun yasash uchun tovusni qidirib ketibdi. Izlay-izlay uni hayvonot bog‘idagi qafas ichidan topibdi. Qarg‘a bir muddat tovusning chiroyiga mahliyo bo‘lib qolibdi. Uning eng baxtli qush ekanligiga shubhasi qolmabdi. Eng hayratlanarlisi, panjara ortidagi o‘nlab, yuzlab odamlar uni tomosha qilish uchun bo‘y cho‘zishar, hayratlarini bir-birlariga to‘lqinlanib gapirishar edi. Qarg‘a atrofga tun pardasi yoyilib, odamlar tarqalguncha kutib turdi. So‘ng sekin tovusga yaqinlashdi. Unga bu yerga kelishdan maqsadini tushuntiribdi. Kamalakdek serjilo patlarini yig‘ib olgan tovus sekin gap boshlabdi:
– Eh, Qarg‘avoy! Nahotki, o‘zingni baxtsiz hisoblasang. Axir sen ozod qushsan. Xohlagan yeringga ucha olasan, xohlagan qushlar bilan gaplasha olasan. Xullas, o‘z erking o‘z qo‘lingda. Men-chi? Men mana shu panjaralar ortida odamlarga bir muddatlik quvonch ulashish uchun o‘zimni ne ko‘ylarga solishga majburman. Shuni unutma, do‘stim Qarg‘avoy, tutqun jon o‘zini hech qachon baxtli his etolmaydi.
Tovusning yonidan uzoqlashayotgan qarg‘a qanotlarini qattiq-qattiq silkitarkan “qaysi qush baxtli” degan savoliga to‘la-to‘kis javob topibdi va eng katta baxt ozodlik ekanligiga to‘la iqror bo‘ldi.
Ushbu matnda bola o‘zlashtirishi uchun 3ta yangi so‘z mavjud: boshini sarak-sarak qilmoq, to‘lqinlanmoq va jon.
Boshni sarak-sarak qilish “yo‘q” degan ma’noni va “rad etishni” bildiradi. Bola boshini qimirlatib yo‘q deyishni biladi, lekin shu holat “boshni sarak-sarak qilish” deb nomlanishini bilmaydi.
To‘lqinlanmoq so‘zi, odatda, suvga nisbatan aytiladi. Bola dengizning to‘lqinlanishini, daryoning to‘lqinlanishini tushunishi mumkin, lekin to‘lqinlanib gapirishning ma’nosini tushunmaydi.
Keyingi o‘zlashtiriladigan so‘z – jon so‘zi. Bu so‘zni ham bola kontekstdan tashqarida ma’nosini anglaydi, ammo tutqun so‘zi bilan birikib kelgan holatdagi ma’nosini tushunmaydi. Tutqun so‘zining ham ma’nosini tushunadi, lekin tutqun jon birikmasidagi “tutqun tirik mavjudot, asrlikdagi jon” ma’nolarini anglay olmaydi.
(Matndagi uchta so‘zni ham 9 yosh jiyanimdan so‘rab ko‘rdim va u so‘zlarning ma’nosini izohlab bera olmadi.)
2-matn
Tulki bilan chumoli do‘st bo‘lib bug‘doy sepishibdi. Ayyor tulki har kuni qornim og‘riyapti, boshim zirqirayapti degan bahona bilan dalaga chiqmabdi. Chumolining bir o‘zi ertadan-kechgacha ishlab suv quyar, o‘toq qilar ekan. Nihoyat, bug‘doy pishibdi. Tulki xirmonning bug‘doyga to‘lib ketganini ko‘rib, Chumolini aldab, hosilning barini o‘zi olmoqchi bo‘libdi. Chumoli do‘stim, shuncha bug‘doyni taqsimlab o‘tirishning nima keragi bor? Kel, yaxshisi, quvlashmachoq o‘ynaymiz. Xirmonga kim birinchi bo‘lib yetib kelsa, hamma hosil o‘shaniki bo’lsin, — debdi. Chumoli biroz o‘ylanib, nihoyat, rozi bo‘libdi.
Yonma-yon turishibdi. Qani, bo‘lmasa boshladik! — deya tulki qichqiribdi-da, xirmon tomon yugurib ketibdi. Lekin chumoli ham bo‘sh kelmabdi. U Tulkining dumiga yopishib olibdi. Tulki xirmon oldiga yetib kelibdi-da, silkinibdi. Shunda Chumoli sirg‘alib tushibdi-da, bug‘doy ustiga chiqib olib, o‘sha yerdan gap boshlabdi: Hoy, tulki, namuncha imillamasang? Tulki sarosimaga tushib qolibdi: Qachon kela qolding? Allaqachon! Men dam olishga ham ulgurdim, sen bo‘lsang, hali ham hansirab turibsan.
Shunday qilib tulki yengilib, boshqa hiyla o‘ylab topolmay jo‘nab qolibdi.
Chumoli barcha hosilni omborga tashib olib, qishda uni bir chekkadan yeb yotaveribdi. Dangasa tulki bo‘lsa butun qish och qolibdi.
Mazkur matnda bola o‘zlashtirishi uchun 1ta yangi birima mavjud: boshi zirqirayapti. O‘zlashtirish uchun bu so‘zni tanlashimdan oldin “zirqiramoq” so‘zining ma’nosini 11 yoshli ukamdan so‘radim. U “sovuqqotmoq”, “qo‘rqmoq” deb javob berdi. Keyin kontekstni to‘liq o‘qib berdim, so‘ng u “og‘riq” ma’nosini tushunganini aytdi. Bundan xulosa qilish mumkinki, bola ayrim so‘zlarning ma’nosini kontekstdan tashqarida yaxshi tushunmaydi, kontekst ichida kelganida esa tushunishi oson bo‘ladi.
O‘zlashtirilayotgan so‘zni turli xil kontekst doirasida berish ham bolaning tez o‘zlashtirishiga va nutqda qo‘llay boshlashiga yordam beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |