Temuriylar davrida o`zbek tilshunosligi. O`zbek xalqi tarixida temuriylar davri zarhal harflar bilan ajralib turadi. Sohibqiron Amir Temur davrining yetuk bilimdoni bo`lgani uchun uzi barpo etgan buyuk imperiya hududida ilm-fan, madaniyat, san`at, arxitekturaning rivojiga alohida ahamiyat berdi. Dunyoning turli joylaridan olimu fuzalolarni saroyga yig`ib, ularga izzat-ikrom ko`rsatdi. Ijod qilishlari uchun qulay imkoniyat yaratib berdi. Temur tuzuklarida yozilishicha, saroy majlisida olimu fuzalolar doimo Sohibqiron yonidan joy olganlar. Shuning uchun ham bu davrda ilm-fan, madaniyat, san`at gullab-yashnadi. Imperiya hududi, ayniqsa, uning poytaxti Samarkand ulkan qurilish maydoniga aylandi. Bu davr G`arb olimlari to`g`ri ta`kidlaganidek, Markaziy Osiyoning Uyg`onish davri edi.
Amir Temur turk (o`zbek) tilining obro`-e`tiborini ko`tarish, uning funksiya doirasini kengaytirish, bu tilni diplomatik munosabatlar, davlatning turli hujjatlari yuritiladigan tilga aylantirishga alohida ahamiyat berdi. Shuni ta`kidlash kerakki, Sohibqironning turk (o`zbek) tilining haq-huqukini tiklash uchun harakati o`sha davrda badiiy adabiyotda, davlatning rasmiy hujjatlarida an`anaviy til bo`lgan fors tilini kamsitish hisobiga bo`lmadi. U tilning rivojiga ham keng imkoniyat yaratib berdi. Xalqlar o`rtasida til asosida konflikt chiqishiga mutlaqo yo`l qo`yilmadi. Ikki tillilik imperiya hududida keng tarkaldi.
Amir Temur turk (o`zbek) tilining fors tili bilan teng nufuzga ega bo`lishi uchun barcha shart-sharoitni yaratishga harakat qildi. O`zi ham tuzuklarini va ko`p davlat yozishmalarini turk (o`zbek) tilida yozdi. Bu esa turk tilining davlat tili mavqei ko`tarilishiga imkoniyat yaratdi. XX asrning buyuk yozuvchisi Chingiz Aytmatov, Sohibqironning ana shu xizmatlarini nazarda tutib, hozirgi barcha turkiyzabon xalqlar Amir Temur oldida qarzdor ekanligini ta`kidladi.
Amir Temur va temuriylar turk tilida badiiy asarlar yaratishga alohida ahamiyat berdilar. Shuning uchun temuriylar saroyida bir qancha turkiyzabon adiblar izzat-ikromga sazovor bo`ldilar.
Xususan, Mavlono Lutfiy Shohruh Mirzo saroyida xizmat qilib, o`z zamonasining «Malik ul-Kalom» iga aylandi.
Sakkokiy Mirzo Ulug`bek saroyida ijod qildi va Ulug`bekning izzat-ikromiga sazovor bo`ldi. Olim-fozillarga katta hurmat bilan qaraganligi, ilm-ma`rifatga ahamiyat berganliklari tufayli temuriylar o`z oilalarida bola tarbiyasiga, ularning ilm olishlariga ham e`tiborni kuchaytirdilar. Buning natijasida temuriylardan bir qator olimlar, shoirlar yetishib chiqdi. Mirzo Ulug`bek, mashhur «Taashshuqnoma» asarining muallifi Sayid Ahmad ibn Mironshoh, Husayn Boyqaro, Zahiriddin Muhammad Bobur ana shunday temuriyzodalardandir.
Temuriylar saroyida o`sib-ulg`aygan Alisher Navoiy Amir Temur niyatini to`la amalga oshirishga bel bog`lab, o`zbek adabiy tilining yalovbardori bo`lib maydonga chikdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |