Fonema tushunchasi va fonologiya. Tilshunoslikda so‘z ma’nosini farqlash uchun xizmat qiladigan nutq tovushi fonema deyiladi. Fonema nutq tovushlarining ma’no farqlovchi asosiy tipidir. Fonema so‘zdan so‘zni, qo‘shimchadan qo‘shimchani farqlash uchun xizmat qiladigan tipik tovushdir. Masalan, bor, ber, bo‘l, bir, bur so‘zlari faqat unlilarga ko‘ra ma’noda farqlanadi yoki bor, bosh, bot, bog‘, bob, bop, boy so‘zlarida esa undoshlarga ko‘ra ma’noda farqlanadi.
Nutq tovushini ma’no ajratish uchun xizmat qilmaydigan qismi fonemaning variantlaridir. Fonemaning uch tomoni bor: akustik (eshitish) tomoni, fiziologik (talaffuz) tomoni, ijtimoiy (ma’no ajratish tomoni) tomoni. Bular ichida uchinchisi - ma’no ajratish tomoni hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shu belgi bo‘lmasa, tovush fonema hisoblanmaydi.
Fonemalardan ularning variantlarini farqlash kerak. Masalan, o‘zbek adabiy tilida - o‘ - fonemasining ikki varianti bor: biri til oldi, ikkinchisi til orqa: o‘rgan, o‘rik, qo‘l, ko‘ylak; til oldi: o‘rtoq, o‘roq, qo‘l til orqa.Tovushlar fonetika birligi sifatida o‘rganilganda nutq tovushlari yoki fonlar deb yuritiladi. Fon nutq tovushi, fonema esa til tovushidir. Fonemalar morfema va so‘zlarni bir-biridan farqlar ekan, buning uchun dastavval ularning o‘zlari bir-biridan ajratib turishi alohida hodisalar sifatida o‘qilishi lozim. Lekin bu fonemalar bir-biriga o‘xshamaydi, degani emas.
Tilda bir-biriga o‘xshamaydigan fonemalar ko‘p . Masalan: o‘zbek tilida -p- fonemasi -b- fonemasiga o‘xshamaydi: birinchidan, mazkur fonemalarning har ikkovida portlash elementi bor, ikkinchidan: bu fonemalarni reallashtiradigan ikkala tovush labning harakati tufayli yuzaga keladi. Bular -p- va -b- fonemalarining umumiy nuqtalari. Mazkur fonemalarni bir-biridan ayiradigan nuqta ularni reallashtiradigan tovushlarning akustik qiyofasiga tegishli: -p- fonemasini reallashtiradigan tovushda jarang yo‘q, -b- fonemasini reallashtiradigan tovushda jarang bor.
Bir fonemani boshqa fonemalardan farqlash uchun xizmat qiladigan belgilar differensial belgilar deb ataladi. O’zbek tilidagi -b- fonemasi -p- fonemasidan jarang elementiga egaligi bilan farqlanadi; - d- fonemasidan labda paydo bo‘lganligi bilan farqlanadi: -m-fonemasidan nazalitsiya elementining yo‘qligi bilan farqlanadi va hokazo. Sanalgan elementlar (jarang, labda paydo bo‘lishi nazalizatsiyaning yo‘qligi) -b- fonemasining mazmunini tashkil etadi. Bu nuqtai nazardan fonema differensial belgilarning yig‘indisi hisoblanadi.
Fonema tushunchasi shu tushuncha doirasiga kiradigan tovushlarni ularning umumiy belgilari (mazkur tovushlarning barchasiga xos bo‘lgan belgilar) asosida ifodalasa, variant tushunchasi mazkur tovushlarni ularning maxsus belgilari asosida ifodalaydi. Shu ma’noda variant fonemaning maxsus ko‘rinishi, maxsus turi hisoblanadi.
Tillardagi farqlanuvchi va farqlanmovchi xususiyatlar bir xil emas. Bir tildan farqlanuvchi xususiyat ikkinchi tilda farqlanmovchi bo‘lishi mumkin. Masalan, unlilarning uzun qisqalik xususiyati o‘zbek va rus tillari uchun farqlanmovchi, lekin ingliz, nemis, fransuz, qirg‘iz, turkman tillari uchun esa farqlanuvchidir. Rus tili uchun yumshoq-qattiqlik xususiyati farqlanuvchi, ingliz, nemis tillari uchun esa farqlanmovchidir. Masalan, rus tilidagi ugol so‘zidagi oxirgi undosh qattiq talaffuz qilinadi.
Nutq jarayonida tovushlarning farqlanuvchi belgilari har qanday sharoitda ham saqlanib qoladi. Farqlanmovchi belgilar esa tovushning so‘zdagi o‘rni gapiruvchining nutqiy xususiyatlariga ko‘ra o‘zgarib turishi mumkin. Har qanday o‘zgarishi (mumkin) yangi nutq tovushini, ya’ni yangi fonni tashkil etadi.
Agar nutqdagi o‘zgarishlar sifat o‘zgarishlarga olib kelmasa, so‘zning ma’nosini u o‘zgartirmasa, unday o‘zgarishlar miqdor o‘zgarishlar deb atalib, bitta fonemaga birlashtiriladi. Bitta fonemaga birlashtirilgan gora so‘zidagi dastlabki undoshning ikki xil talaffuz qilinishi so‘z ma’nosini o‘zgartirmaydi. Shuning uchun bunday o‘zgarishni sifat emas, miqdor o‘zgarishi desa bo‘ladi.
Til vositasida fikr almashish uchun nutq organlari yordamida hosil qilinadigan tovushlar tilshunoslikda fonema deb yuritiladi. Demak, fonema biz eshitadigan har qanday tovush emas, balki kishilar talaffuz qiladigan nutq tovushlaridir. Biroq nutq tovushlarining barchasi ham mustaqil fonema bo‘lavermaydi.Demak, ko‘pchilik tomonidan tan olingan va keng tarqalgan qoidaga ko‘ra, so‘z ma’nolarini farqlash uchun xizmat qiladigan nutq tovushlari fonemadir. Fonema atamasini Badduen de Kurtene tilshunoslikka olib kirgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |